Uzumchilikdagi imkoniyatlar tahlil qilinib, keng ko‘lamli chora-tadbirlar belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 7-iyul kuni uzum yetishtirish, uni sanoat usulida qayta ishlashni rivojlantirish hamda hududlarda enoturizmni yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbari yurtimizda azaldan uzumchilik an’anasi bo‘lgani, uni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligini ta’kidladi.

– Uzumchilik bu – xalqimizning asrlar davomidagi milliy dehqonchilik madaniyati, qadriyati, g‘ururi va daromad manbai hisoblanadi. Uzum xalqimizning turmush tarzi va urf-odatlari bilan bevosita bog‘lanib ketgan. Har bir ko‘chada, xonadonda tok bo‘lgan. Xusayni, toyfi, rizamat ota, kelinbarmoq va kishmish kabi uzumlarimizning dovrug‘i uzoq-uzoqlargacha tanilgan, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev. 

Bugungi kunda yurtimizda fermer xo‘jaliklari tomonidan 90 ming gektar maydonda uzum yetishtirilmoqda. Bu tarmoqda 900 ming aholi doimiy va mavsumiy ish bilan band.

So‘nggi to‘rt yilda 52 ming gektar yangi tokzorlar tashkil etilib, sohaga 210 milliard so‘m subsidiyalar ajratildi. Shu davr mobaynida meva-sabzavotlar eksportida uzumning ulushi 2 baravarga ko‘paydi.

Lekin bugungi bozor talabini tahlil qiladigan bo‘lsak, bu sohada bundan-da katta imkoniyatlar bor. Xususan, jahon bozorida xo‘raki uzum savdosi mevalar ichida uchinchi o‘rinda bo‘lib, har yili unga bo‘lgan talab o‘rtacha 350 million dollarga o‘smoqda.

Bunday uzum bo‘yicha O‘zbekistonning eksport salohiyatini kelgusi to‘rt yilda kamida 600 million dollarga, mayiz bo‘yicha 500 million dollar va tabiiy vinoda 100 million dollarga yetkazish mumkinligi hisob-kitob qilingan.

Uzumchilikning iqtisodiy samaradorligi ham, ijtimoiy ahamiyati ham katta. Masalan, 1 gektar xo‘raki uzum yetishtirish uchun o‘rtacha 100 million so‘m xarajat qilib, 4 yildan keyin yiliga 250 million so‘m sof foyda olish mumkin. Shuningdek, uzum danagidan olinadigan yog‘ ham jahon bozorida yuqori baholanadi.

Yana bir muhim jihati, 1 gektar g‘alla maydonida 2 kishi ishlab, ko‘pi bilan 20 million so‘mlik mahsulot yetishtirilsa, uzumchilikda, ayniqsa, shpaler usulida 10 nafargacha aholini ish bilan ta’minlab, 300 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish hamda o‘rtacha 25 ming dollarlik eksport qilish mumkin.

Shu kabi tahlillar bu sohaga katta e’tibor qaratish, ko‘plab masalalarni hal etish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Afsuski, ayrim hududlarda yirik tokzorlar maydoni so‘nggi to‘rt yilda 7 ming gektarga kamaygan. Tarmoqda seleksiya ishlari deyarli yo‘q, haligacha 40-50 yil avval yaratilgan uzum navlari ekib kelinmoqda. Tokzorlarni yangilashni rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilmagan. Ko‘chat yetishtirish ilmiga va texnologiyasiga amal qilinmaydi, ko‘chat kasalliklari bilan olimlar ham, ishlab chiqaruvchilar ham shug‘ullanmaydi. Shu bois, hosildorlik ham pasayib, kasallik esa kun sayin ko‘payib bormoqda. Tokzorlarning atigi 38 foizi intensiv usulda parvarishlanmoqda.

Mahalliy uzumlarimiz hosildorligi Osiyoning boshqa davlatlariga nisbatan 1,5-2 baravarga kam. Qolaversa, yurtimizda yetishtiriladigan uzumlar aksariyati danakli bo‘lib, jahon bozorida danaksiz uzumga bo‘lgan talab keskin ortib bormoqda.

Uzumni qayta ishlash darajasi ham zamon talabi darajasida emas. Tabiiy vinoning umumiy spirtli ichimliklar iste’molidagi ulushi bor-yo‘g‘i 2 foizni tashkil etadi.

Enoturizm, ya’ni vino turizmi ham tarmoq sifatida rivojlanmagan. Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida to‘rttagina turistik uzum plantatsiyalari tashkil etilgan, xolos.

Shu bois yig‘ilishda uzumchilikni keng ko‘lamda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Avvalo, tog‘oldi tumanlarida yirik uzumchilik plantatsiyalarini tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. 

Misol uchun, o‘tgan yili Oltiariq tumanida g‘alla maydonlari qisqartirilib, 2 ming gektar yerda yirik uzumzorlar barpo etilgan edi. Ularda tumandagi 5 ming nafar aholi doimiy ish bilan ta’minlandi.

Eng asosiysi, buning evaziga qo‘shimcha 60 ming tonna uzum yetishtirilib, uning eksporti keyingi yilda qariyb 100 million dollarga, to‘liq hosilga kirgandan keyin esa yiliga 200 million dollarga yetadi.

Shuningdek, Forish, G‘allaorol, Yangiobod, Chiroqchi, Payariq, Qo‘shrabot tumanlarida ham yangi tokzorlar barpo etilgan.

Shunday tajriba asosida Qoraqalpog‘iston va viloyatlardagi 44 ta tumanda yangi eksportbop uzum plantatsiyalari tashkil etish vazifasi qo‘yildi. 

Davlatimiz rahbari ushbu plantatsiyalarga xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladi. Shu maqsadda Qishloq xo‘jaligi vazirligining hududiy bo‘linmalarida uzumchilikni rivojlantirish, ko‘chat bilan ta’minlash va kasalliklardan himoya qilish bo‘yicha Loyiha ofislari tashkil etilishi belgilandi.

Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda boshqa ilmiy muassasalarning yerlarida sertifikatlangan uzum ko‘chatlari yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Tokzorlar barpo etish va eskilarini yangilashni rag‘batlantirish maqsadida sertifikatlangan yangi uzum plantatsiyalarining har bir gektariga 10 million so‘mdan subsidiya beriladi.

Uzumzorlar tashkil etishni moliyalashtirish uchun banklarga 100 million dollar resurs ajratiladi.

Meva-sabazavotlar to‘kinligida aholi tomorqalari ham katta manba. Misol uchun, Buloqboshi tumanidagi xonadonlarda  5 ming tonna uzum yetishtirilib, 15 milliard so‘m daromad olinishi kutilmoqda.

Prezidentimiz bu tajribani barcha hududlarda ommalashtirib, tomorqa chetlarida, yo‘l bo‘ylarida uzum yetishtirish an’anasini kengaytirish zarurligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda sohaga ilm va innovatsiyalarni keng joriy etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Innovatsion rivojlanish vazirligiga xorijiy tajriba asosida uzumning hosildor, danaksiz, sovuqqa va kasalliklarga chidamli yangi navlarini yaratish bo‘yicha topshiriq berildi.

Tokni faqatgina shpalerga ko‘tarish hisobiga hosildorlikni 2-3 baravar ko‘paytirish mumkinligi qayd etildi. Buni qo‘llab-quvvatlash maqsadida endi shpaler o‘rnatish xarajatlarining 30 foizgacha qismi byudjetdan qoplanishi belgilandi. Shuningdek, uzumchilikda qo‘llaniladigan asbob-uskunalar va texnikalar bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi.

Davlatimiz rahbari uzumni qayta ishlash va tayyor mahsulotga aylantirishning to‘liq siklini yaratish uchun vinochilik klasterlari tashkil etish kerakligini ta’kidladi.

Ularga uzumni qayta ishlash, mayiz quritish va qadoqlash uskunalarini sotib olish uchun moliyaviy imtiyozlar beriladigan bo‘ldi. Shuningdek, tabiiy vinolarga nisbatan aksiz solig‘i bekor qilinishi belgilandi.

Eksport imkoniyatlari tahlil qilinar ekan, joriy yilda xo‘raki uzum eksportini 200 million dollarga, mayizbop uzum eksportini 130 million dollarga, tabiiy uzum vinosi eksportini 50 million dollarga yetkazish mumkinligi aytildi.

Yurtimiz uzum navlarining milliy brendini yaratib, xorijda targ‘ib etish, salohiyatli bozorlar bilan fitosanitar kelishuvlarga erishish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

– Tarmoq rahbarlari va hokimlar kelgusi yillarda eksportni yanada oshirish uchun o‘zlarining aniq rejalarini belgilab olishlari kerak. Bundan buyon, yetishtirilgan hosil 30 foizigacha eksport qilinsa, daromad va mulk soliqlari 30 foizga, eksport 30 foizdan oshsa, 2 baravarga kamaytiriladi. Shuningdek, eksport qilingan har bir litr tabiiy vino uchun, 5 ming so‘m subsidiya ajratiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uzumzorlarda enoturizm uchun zarur infratuzilma yaratish chora-tadbirlariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va hokimlar axborot berdi.

Manba