31-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida Toshkent shahrida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
Dastlab aholi hayot darajasini mahallalar kesimida o‘rganish natijalari haqida ma’lumot berildi.
Ma’lumki, dunyoda Inson taraqqiyoti indeksi bor. U aholining hayot sifati, savodxonlik darajasi va umri davomiyligini qiyosiy baholaydigan ko‘rsatkichdir. Bu davlatimiz rahbari ilgari surgan “inson qadrini ulug‘lash” g‘oyasi bilan hamohang.
Shundan kelib chiqib, Toshkent shahrida Inson qadri indeksini joriy etish bo‘yicha taklif tayyorlangan. Buning uchun Chilonzor, Uchtepa, Sergeli va Yunusobod tumanlaridan bittadan mahalla tanlab olinib, aholi o‘rtasida 56 xil masala bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazilgan. Bu orqali mahallada qaysi soha oqsayotgani, odamlarda nimalarga talab borligi aniqlangan.
Taqdimotda shunday tahlilni sinov tariqasida poytaxt mahallalari kesimida yo‘lga qo‘yish, uning natijalariga qarab, muayyan hududga e’tiborni kuchaytirish taklifi bildirildi.
– Buning mezonlari qanday bo‘ladi? Olti oy yoki yil yakunida nimaga erishiladi? Shuning uchun ilmiy asoslangan tizim kerak. Shahar hokimligida Situatsion markazga o‘xshash tahlil markazi tashkil qilish, dasturiy mahsulot yaratish zarur. Mahallabay ishlash oson emas, zimmamizga katta mas’uliyat olayapmiz. Bu tizim qaysi mahallaga, qaysi ko‘chaga birinchi bo‘lib kirishni ko‘rsatib berishi kerak. Hamma ishlarni jamoatchilik bilan maslahatlashib, mahalliy kengashlarda tasdiqlab, tartib bilan bajarish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Indeks loyihasini mutaxassislar bilan muhokama qilib, har tomonlama takomillashtirish, sektor rahbarlariga bu tizimni o‘rgatish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Bu ularning o‘z ish uslubini o‘zgartirishga undashi ta’kidlandi.
Taqdimotda investitsiya va eksport masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Xususan, bu yil poytaxtimizda 738 ta loyiha bo‘yicha jami 3 milliard 800 million dollar investitsiya o‘zlashtirilishi qayd etildi. Shundan 2 milliard dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyadir. 500 ta loyiha joriy yilning o‘zida ishga tushirilib, 27 mingta yangi ish o‘rni tashkil etiladi.
Investitsiya loyihalarini mahallalar kesimida shakllantirish choralari, bu sohada 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar haqida ham axborot berildi.
Davlatimiz rahbari Toshkent shahrining moliyaviy, iqtisodiy imkoniyatlari kengligini, hududiy loyihalarni ko‘paytirib, har bir tumanga qo‘shimcha 100 million dollar jalb qilish mumkinligini ta’kidladi.
Tashqi savdo borasida ham “o‘sish nuqtalari” belgilab olingan. Xususan, joriy yilda Toshkent shahri eksporti 1 milliard 400 million dollar bo‘lishi kutilayotgan bo‘lsa, 2026-yilga borib bu ko‘rsatkichni 2 milliard 500 million dollarga yetkazish mo‘ljallangan.
Yirik xalqaro brendlarni jalb qilish orqali ham ichki bozor talabini qondirish, ham eksportni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Videoaloqa orqali tuman hokimlari va sektor rahbarlari bilan mahallabay ishlash masalalari yuzasidan muloqot bo‘ldi.
Oldingisi
Shavkat Mirziyoyev: Har bir mahallaning iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy markazi bo‘lishi kerak
Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-yanvar kuni yoshlar, sport, sog‘liqni saqlash, elektr energiyasi sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
30.01.2022Keyingisi
Avlodlarimiz bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashi kerak – Prezident
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2-fevral kuni chiqindilar bilan ishlash tizimi va ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
03.02.2022