Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-avgust kuni xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatimizda sanoat, tadbirkorlik tobora rivojlanib bormoqda. Yil boshidan buyon 50 mingta yangi korxona tashkil topgan, eksportyorlar soni 7 ming 500 dan oshgan. Eksport hajmi o‘tgan yilga nisbatan 1,3 baravarga ko‘payib, 8 milliard 200 million dollarga yetgan.
Iqtisodiyotda ishlab chiqarish qanchalik muhim bo‘lsa, mahsulotni yetkazib berish ham shunchalik ahamiyatli. Ayniqsa, hozir dunyoda logistika muammolari avjiga chiqqan vaziyatda bu o‘ta dolzarb hisoblanadi.
Shu bois davlatimiz tomonidan eksportchi korxonalar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu yil yurtimiz mahsulotlari 32 ta yangi bozorlarga kirib bordi. Jahon savdo tashkilotiga kirish bo‘yicha ishlar ham jadallashmoqda.
Dunyoda yuk tashish xarajatlari oshganini inobatga olib, eksportyorlarga bu xarajatlarni qisman qoplash uchun davlat tomonidan 170 milliard so‘m kompensatsiya berildi. Shuningdek, Yevropaga tayyor mahsulotlar eksport qiluvchi korxonalarga transport xarajatlari uchun subsidiya miqdori 50 foizdan 70 foizga oshirildi.
Mamlakatimiz mahsulotlari xorijga, asosan, 9 ta transport yo‘lagi orqali tashiladi. Taqdimotda har bir transport yo‘lagi bo‘yicha dolzarb masalalar va ularni hal etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
– Transport sohasini rivojlantirish iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish uchun muhim zamin. Transportda yuk tashish tannarxi past bo‘lsa, ham eksport, ham investitsiya ko‘payadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Transport vazirligiga tadbirkorlar uchun eng maqbul yo‘llarni taklif etish va ularning transport xarajatlarini qisqartirish vazifasi qo‘yildi.
Yevropaga eksport yuklarini tashish uchun qo‘shimcha ruxsatlar olish muhimligi ta’kidlandi. Avtomobilda yuk tashish uchun Pokiston va Turkmaniston bilan qo‘shma transport kompaniyalari tashkil etish taklifi bildirildi.
“Qo‘ng‘irot-Beynov” xalqaro avtomobil yo‘li rekonstruksiyasini jadallashtirish, yuk vagoni ishlab chiqarish quvvatlarini to‘liq ishga solish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Oldingisi
Qo‘shni davlatlar bilan sheriklikdagi yangi loyihalar ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-avgust kuni Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
08.08.2022Keyingisi
Toshkent arxitektura-qurilish instituti soha klasteriga aylanmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-avgust kuni Toshkent arxitektura-qurilish institutining yangi binosini borib ko‘rdi.
10.08.2022