Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 fevral kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumaniga tashrif buyurdi.
Bu yerda Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda shamol elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan, ushbu majmuaga tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘ldi.
- Qoraqalpog‘istonning insonlari mehnatkash, yeri boy. Endi shamollariyam iqtisodiyotga manfaat keltiradi. Agar biz katta-katta korxonalar quramiz, desak, hamkorlarimiz avvalambor «energetikang bormi, yo‘ling bormi, infratuzilmang bormi» deb so‘raydi. Bu yerda quvvati 100 megavatt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi barpo etilishi hudud iqtisodiyotiga qo‘shimcha kuch, zamin bo‘ladi, - Shavkat Mirziyoyev.
Qoraqalpog‘istonda yagona bo‘lgan Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi bundan 65 yil avval qurilgan bo‘lib, hudud ehtiyojini qondirish uchun yetarli emas edi. Shuning uchun ushbu stansiya 680 million dollar evaziga modernizatsiya qilinib, 560 megavatt quvvatlar ishga tushirildi.
Mana endi yangi yo‘nalishda, ekologik toza yana bir elektr stansiyasi qurilishi boshlanmoqda. Yillik quvvati 360 million kilovatt-soat bo‘lgan ushbu loyiha 108 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshiriladi. Bu loyiha ishga tushgach, 110 ming xonadonni qo‘shimcha elektr energiyasi bilan ta’minlash mumkin bo‘ladi. Yiliga 106 million kub metr tabiiy gazimiz tejaladi.
- Inson qadri uchun, degan bosh tamoyil asosida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ham katta marralar olganmiz. Kelgusi besh yilda 2 ming 500 ta yangi korxonalar tashkil etib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini qariyb 2 barobarga oshirish rejalashtirilgan. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari bu ishlarga kuchli turtki beradi. Bundan farzandlarimiz, kelajak avlodlar ham manfaat ko‘radi, - dedi davlat rahbari.
Loyiha bo‘yicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining texnik ko‘magida e’lon qilingan xalqaro tenderda Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi 20 ga yaqin talabgorlar o‘rtasida g‘olib bo‘lgan. Ushbu kompaniya tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida ishlab chiqariladigan shamol energiyasi uchun eng past tarif - 1 kilovatt-soat elektr uchun 2,56 sent taklif qilingan.
Yana bir muhim tomoni, stansiya qurilishida ming nafar qoraqalpoq yoshlari ham qatnashadi. U ishga tushgach esa, 100 nafar malakali muhandis va texnik xodimlar yuqori daromadli doimiy ish bilan ta’minlanadi. Loyiha doirasida 25 ta shamol turbinasi o‘rnatiladi, 20 kilometr bo‘lgan 220 kilovatt kuchlanishli elektr uzatish havo liniyasi qurilib, bu quvvatlar mamlakat yagona energetika tizimi bilan to‘liq ulanadi.
Prezidentimiz loyiha uchun zarur narsalarni mahalliylashtirishga alohida e’tibor qaratish kerakligini ta’kidladi. Masalan, “Taxiatosh metall konstruksiya” zavodida tayanch ustunlar, “Nukus elektr apparat” korxonasida transformator va elektr texnika jihozlari, boshqa korxonalarda esa – kabel va o‘nlab turli mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish mumkin.
Qoraqalpog‘istonda shamol energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatlari cheksiz ekani qayd etildi.
- Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilingan Orolbo‘yi mintaqasida boshlangan bu loyiha “yashil energiya” ishlab chiqarish bo‘yicha “birinchi qaldirg‘och”. Kelgusi besh yilda bu hududda quvvati qariyb 1 ming 800 megavatt bo‘lgan 3 ta shamol stansiyasi ishga tushiriladi, - dedi davlatimiz rahbari.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev shamol elektr stansiyasi poydevoriga kapsula qo‘ydi.
Marosimda “ACWA Power” kompaniyasi rahbari Muhammad Abdulla Abunayan, soha mutaxassislari, jamoatchilik vakillari so‘zga chiqdi.
Mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili Navoiy viloyati Karmana tumanida ilk quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilgan edi. Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida shunday yana bir stansiya qurilishi boshlangan.
Umuman, bu sohada 3 milliard dollar miqdoridagi xorijiy investitsiyalar hisobiga, jami 2 ming 900 megavattli 10 ta quyosh va shamol elektr stansiyalari barpo etilmoqda.
Oldingisi
Davlat rahbari Shumanaydagi iqtisodiy loyihalar bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Shumanay tumanidagi “Shumanay ekoteks” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
24.02.2022Keyingisi
Prezident Nukusdagi mahallada mehmon bo‘ldi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahridagi “Chimboy guzari” mahallasida bo‘ldi.
24.02.2022