Toshkent shahridagi 102-zaif eshituvchi bolalar maktab-internatida yurtimizdagi shunday ijtimoiy muassasalardagi sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining avvalida Qur’oni karimning “Rahmon” surasidagi “Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir”, degan oyatni yodga oldi.
Keksalarga hurmat, muhtojlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan. Pandemiya davrida “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati keng tarqalib, elimiz ehtiyojmandlarga beg‘araz yordam bergani, qiyinchilik va sinovlarni bahamjihat yengib o‘tgani buning yorqin misoli bo‘ldi.
Inson qadrini ulug‘lash, mehr va yordamga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash – davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim yo‘nalishi. Bu borada juda ko‘p xayrli ishlar qilinmoqda.
O‘tgan yili 25-martda qabul qilingan Prezident farmoni asosida keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarini yaxshilash choralari ko‘rildi. Jumladan, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tashkil etilib, “Saxovat” va “Muruvvat uylari”, faxriylar sanatoriy va pansionatlari, boshqa qator tibbiy-ijtimoiy muassasalar uning tasarrufiga o‘tkazildi.
“Saxovat”, Muruvvat” uylari, Respublika faxriylar pansionatining rahbar va shifokorlari ish haqi 1,5 barobarga, kichik va o‘rta tibbiyot xodimlari ish haqi 2 barobarga oshirildi.
Ushbu internat uylarda yashovchi 9 ming 400 nafar keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda 18 ming nafar yolg‘iz fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
“Zamin” jamg‘armasi bilan hamkorlikda zaif eshituvchi 2 mingdan ziyod bolalar raqamli eshitish moslamalari bilan ta’minlandi, 11 ta ixtisoslashgan maktab-internat yordamchi tovush-nutq vositalari bilan jihozlandi. Nogironligi bo‘lgan 900 nafar bola protez-ortopediya moslamlari, 1 ming 100 nafar shaxs pultli aravachalar bilan ta’minlandi.
Yig‘ilishda viloyat hokimlari o‘z hududidagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarga borib, u yerdagi ahvolni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgani, muammolarni o‘rgangani haqida axborot berdi.
Jumladan, 12 ta “Saxovat” va “Muruvvat” uyida qo‘shimcha bino, 7 tasida yotoqxona, oshxona, tibbiyot bo‘limi, sport zali qurish, 21 tasida binolar va isitish-sovutish tizimini ta’mirlash zarurligi qayd etildi. Shuningdek, 6 ta “Mehribonlik uyi”, imkoniyati cheklangan bolalarga ixtisoslashgan 11 ta maktab-internat ta’mirga muhtoj.
Prezident mutasaddilarga barcha tibbiy-ijtimoiy muassasalar ahvolini yana bir bor chuqur o‘rganib, zarur qurilish va ta’mirlash ishlarini qamrab olgan holda 2022-2024-yillarga mo‘ljallangan hukumat qarori loyihasini tayyorlashni vazifa qilib qo‘ydi.
Bunday muassasalardagi keksalar, nogironligi bo‘lgan bolalar va shaxslarni to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, ularni manzilli davolanish va dam olishga yo‘naltirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Ota-ona qaramog‘idan mahrum ko‘plab bolalar oilalarga qaytayotgani, 10 ta mehribonlik uyi, 3 ta bolalar shaharchasi va 2 ta bolalar uyi ehtiyoj qolmagani sababli yopilgani qayd etildi.
– Bolalar uylari va ulardagi yetimlar soni kamaygani xalqimizning yuksak ma’naviyati, iymon-insofini ko‘rsatib turibdi. Lekin, mamlakatimizda umuman yetimlar bo‘lmasa, qanday yaxshi bo‘lar edi. Shuning uchun, imkon qadar ularni munosib oilalarga farzandlikka berish choralarini ko‘rish lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tibbiy-ijtimoiy muassasalar direktorlari so‘zga chiqib, taklif va mulohazalarini bildirdi.
Yig‘ilishda mahallalarni ozoda va yashil makonga aylantirish, madaniy-ma’rifiy tadbirlarni ko‘paytirish vazifalari ham belgilandi.
Oldingisi
Prezident maktab-internatni borib ko‘rdi
Davlatimiz rahbari Olmazor tumanidagi 102-sonli zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatni borib ko‘rdi.
09.04.2022