Yaylovlardan foydalanish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan samarali foydalanishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Bu haqda shu yil 23-yanvar kuni qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ko‘rsatma berilgan edi.

Yurtimizda 21 million gektardan ziyod yaylovlar mavjud bo‘lib, ular chorvachilik, ipakchilik, asalarichilik kabi ko‘plab tarmoqlar uchun muhim manba. Lekin ulardan foydalanishga oid hozirgi tartib yaylovlarda tadbirkorlikni rivojlantirish va mahsulot yetishtirishni cheklamoqda.

Shu bois, yangi tahrirda “Yaylovlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasini hamda yaylov maydonlarini ijaraga berish tartibini ishlab chiqish taklif qilindi.

Bu ko‘plab iqtisodiy loyihalarga yo‘l ochadi. Xususan, Ispaniya va Portugaliyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan 7 million 800 ming dollar miqdoridagi grant mablag‘lari evaziga 4 ta loyiha shakllantirilgan. Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida omuxta yem ishlab chiqaruvchi korxonalar, Chorva hayvonlari genetik tadqiqoti laboratoriyasi tashkil etish, mayda shoxli mollarni raqamli identifikatsiya qilish shular jumlasidandir. Shuningdek, xalqaro moliya institutlarining grantlari hisobidan 500 gektar yaylovda quyoshdan muqobil energiya olish orqali quduqlardan suv chiqarish hamda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish rejalashtirilgan.

Ma’lumki, yaylov yerlarda kavrak yaxshi o‘sadi, u Qizil kitobga ham kiritilgan. Lekin ko‘p joylarda uning tabiiy ko‘payishi va qayta tiklanishiga zarar yetkazilmoqda. 2019-yilda tabiiy kavrak maydonlari 33 ming gektar bo‘lgan bo‘lsa, 2021-yilga kelib qariyb yarmiga kamaygan.

Shu bois kavrakning har bir tupiga yetkazilgan zarar uchun jarima miqdorini oshirish, qizil kitobga kiritilgan tojik kavragidan foydalanishga 3 yil muddatga moratoriy joriy qilish taklif etilmoqda.

Davlatimiz rahbari bu rejalarni ma’qullab, ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.

Manba