Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlari forumiga tashrif buyurib, mamlakatimizda birinchi bor o‘tkazilayotgan ushbu anjuman bilan barchani tabrikladi.
– Men har gal yoshlarimiz bilan uchrashganimda sizlarning g‘ayrat-shijoatingizdan kuch-quvvat olaman, ko‘nglim tog‘day ko‘tariladi. Har biringiz jonajon Vatanimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qilish orzusi bilan yonib yashayotganingizni yaxshi bilaman. Sizlarni O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida qadrlayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev nutqining avvalida.
– Biz yurtimizda qanday islohotlarga qo‘l urmaylik, avvalo, siz kabi yoshlarga, sizlarning kuch-g‘ayratingiz, azmu shijoatingizga suyanamiz. Barchangiz yaxshi bilasiz, bugun o‘z oldimizga ulkan marralar qo‘yganmiz. Ona Vatanimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga kirishdik. Biz oila, maktabgacha ta’lim, maktab va oliy ta’limni hamda ilmiy-madaniy dargohlarni bo‘lg‘usi Renessansning eng muhim bo‘g‘inlari deb hisoblaymiz. Shu sababli ayni ushbu sohalarda tub islohotlarni amalga oshirmoqdamiz. Ishonamanki, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi poydevorini yaratishda sizlar singari fidoyi va vatanparvar yoshlarimiz faol ishtirok etib, munosib hissa qo‘shadilar.
Davlatimiz rahbari koronavirus pandemiyasi davrida yoshlar xalq dardiga darmon bo‘lgani, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatida ko‘ngilli sifatida qatnashib, qiynalgan oilalarga amaliy yordam berganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Ma’lumki, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha Toshkent shahri namunasi yaratilib, o‘g‘il-qizlarning muammolari, taklif va istaklarini bevosita o‘rganish yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tajriba mamlakatimiz bo‘ylab keng qanot yozib, barcha shahar va tumanlarda Yoshlar festivallari o‘tkazildi.
– Ko‘pchiligingiz ushbu tadbirlar doirasida vazirlar, hokimlar va boshqa mutasaddilar bilan ochiq muloqot qildingiz. Men ham mazkur jarayonlarni televideniye orqali shaxsan kuzatib bordim. Yoshlarimizning dolzarb masalalarni dadil ko‘tarib chiqishi, kuyunchakligi menga juda ma’qul bo‘ldi. Dunyoqarashi keng, jonkuyar, ilg‘or fikrli farzandlarimiz ko‘pligini ko‘rib nihoyatda quvondim, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezident Shavkat Mirziyoyev endi Toshkent shahri tajribasi butun mamlakatimiz bo‘ylab joriy etilishini aytib o‘tdi. Bu borada Toshkent, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida allaqachon ishlar boshlab yuborildi. Yoshlarga doir davlat siyosatini samarali amalga oshirish maqsadida ularning ijtimoiy muammolarini tizimli asosda o‘rganish, bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish vazifasi mutasaddi tashkilotlarga yuklangan.
Bundan buyon viloyat, tuman va shahar hokimlari, vazirlar va mas’ul rahbarlar yoshlar bilan uchrashuvlarni muntazam ravishda yo‘lga qo‘yadi. Hokimlar yoshlarning muammolarini hal etishga qaratilgan “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqib, ijrosini ta’minlaydi. Shu masala bo‘yicha har 6 oyda mahalliy kengashlarga hisobot beradi va kelgusi yarim yillik uchun rejalarni belgilab oladi.
“Yoshlar: 1+1” dasturi doirasida ishsiz va uyushmagan yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish tashkil etiladi. “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyili asosida 1 nafar tadbirkorga 1 nafardan ishsiz yoshni biriktirish tashabbusi ko‘plab tadbirkorlarimiz tomonidan faol qo‘llab-quvvatlandi. 2021-yilda kamida 500 ming nafar yoshni ish bilan ta’minlashi mumkin bo‘lgan bu ezgu harakatni davlatimiz rahbari ma’qulladi.
– “Hunarli kishi xor bo‘lmas”, deydi xalqimiz. Ammo keyingi paytda farzandlarimizning mohir hunarmandlar qo‘lida kasb-hunar o‘rganishiga yetarli e’tibor berilmayapti. Vaholanki, ustoz ko‘rgan o‘g‘il-qizlarimiz domlasiga munosib bo‘lishga intiladi, ularning ko‘magi bilan hayotda o‘z o‘rnini topadi. Shu bois, hududlarda “ustoz-shogird” an’anasini kuchaytirsak, o‘ylaymanki, nur ustiga nur bo‘ladi. Bu ishga jalb etiladigan hunarmand ustalarni Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan moddiy rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari erkin iqtisodiy zonalar bo‘yicha mavjud tajriba asosida, hududlarda Yoshlar kichik sanoat zonalari tashkil etilishini e’lon qildi. Bu sanoat zonalarida o‘sib kelayotgan avlod vakillarining biznes loyihalari joylashtiriladi.
– Yoshlarning loyihalarini moliyalashtirish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida alohida jamg‘arma tashkil etiladi va unga 100 million dollar mablag‘ ajratiladi. Jamg‘arma yoshlarning loyihalarini ro‘yobga chiqarish uchun qulay shartlarda va past foizlarda moliyalashtiradi. Bundan tashqari, kichik sanoat zonalarida ishlab chiqarish binolari qurilib, yoshlarga imtiyozli shartlarda ijara va lizing asosida beriladi.
Forumda mutasaddilarga shu borada ko‘rsatmalar berildi.
– Bugun o‘z tengdoshlariga ibrat bo‘layotgan, jamiyatdagi yangilanishlar jarayonida faol ishtirok etayotgan yoshlarimiz juda ko‘p. Lekin, hayotda o‘z o‘rnini topishga qiynalayotgan, adashgan, ko‘makka muhtojlari ham yo‘q emas. Shuning uchun yoshlar, ayniqsa, ularning uyushmagan qatlami bilan mas’ullar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatishga xizmat qiladigan “Yoshlar murojaati” elektron platformasini yaratish vazifasi topshiriladi, – dedi davlat rahbari.
Navqiron avlod vakillarida biznes ko‘nikmalarini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Yaqinda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlar aksariyat yoshlarimizda ijobiy motivatsiya, biznes va tadbirkorlik sohasida zarur bilim va malaka yetishmasligini ko‘rsatdi. Demak, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytirish lozim, dedi Shavkat Mirziyoyev. Shuni inobatga olib, kasb-hunar hamda tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish orqali maxsus sertifikat olgan yoshlarga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz past stavkada mikrokreditlar ajratish yuzasidan zarur choralar ko‘riladi. Bu kreditlar 7 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan beriladi.
Ushbu maqsadlar uchun 2021-yilda 45 million dollar ajratilishi, shuningdek, yoshlarning tadbirkorlik loyihalari uchun Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida har bir viloyatga 100 milliard so‘mdan kredit mablag‘lari yo‘naltirilishi qayd etildi.
– Bugun o‘g‘il-qizlarimizni qiynayotgan jiddiy muammolardan biri – o‘qishni tamomlagan yoshlar bandligi, – deya so‘zida davom etdi Prezident. – Ko‘plab maktab va kollej bitiruvchilari, ba’zan oliy ma’lumotli yigit-qizlar ham, ish topishda qiyinchilikka uchramoqdalar.
Ma’lumki, hozirgi vaqtda Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida 7-11-sinf o‘quvchilariga ta’lim berish bilan birga ularni eng kamida bitta kasbga o‘rgatish amaliyoti joriy etilgan. O‘quvchi 11-sinfga o‘tdimi, u tuman yoki shahar hokimligining bevosita e’tiborida bo‘lishi belgilangan.
– Tashkilotlar yosh mutaxassisni ishga olishdan manfaatdor bo‘lishi kerak. Shu sababli, hukumatga yosh kadrlar uchun belgilangan sinov muddati davrida ish beruvchilarga imtiyozlar taqdim etish masalasini ko‘rib chiqish vazifasi topshiriladi, – dedi Prezident.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlash va yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlash ham ustuvor vazifalardan biri.
O‘tgan uch yil mobaynida mamlakatimiz bo‘yicha 5 ming 100 tadan ortiq namunali yosh oilaga arzon uy-joylar qurilib, qariyb 200 milliard so‘m miqdorida boshlang‘ich badal pullari to‘lab berildi. Buning mantiqiy davomi sifatida 2021-2023-yillarda Yoshlar uylarini qurish dasturini ishlab chiqib, amalga oshirish vazifasi belgilandi.
– Xalqimiz azaldan oilani muqaddas bilib, uni asrab-avaylab keladi. Oila mustahkam bo‘lsa, jamiyat barqaror bo‘ladi. Bir narsani unutmasligimiz lozim: xonadonlarimizdagi tinchlik-totuvlik, avvalo, oiladagi sog‘lom muhitga, mustaqil hayot ostonasida turgan qizlarimizni oilaviy turmushga tayyorlash bilan bevosita bog‘liq, – dedi davlatimiz rahbari.
Joriy yilning o‘tgan 11 oyi davomida yosh oilalar o‘rtasida 25 mingga yaqin ajralish bo‘lgani afsus bilan qayd etildi.
– Men, bugungi imkoniyatdan foydalanib, keng jamoatchilikka, avvalambor, ko‘pni ko‘rgan mo‘’tabar nuroniylarimizga, oqila va mehribon onalarimizga murojaat etmoqchiman. Bu og‘riqli masalada bizga yordam beringlar, deb iltimos qilaman. Oilaviy nizolarning oldini olish, ajrimlarni kamaytirish borasida siz, aziz yoshlarimiz ham, tashabbus va faollik ko‘rsatsangiz, men barchangizdan cheksiz minnatdor bo‘lar edim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentning yoshlarga murojaati davom etmoqda.