«Red Star Oxus» mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 205 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga tashkil etilgan mazkur inshoot shu yil fevral oyida ishga tushirilgan edi. Bu mazkur loyihaning birinchi bosqichi bo‘lib, 7 gektar maydonda gidroponika usulida pomidor, bodring, baqlajon, bulg‘or qalampiri, ko‘katlar yetishtirilmoqda.
Issiqxonada Niderlandiyaning «Kubo» kompaniyasida ishlab chiqarilgan «Ultra clima» nou-xau texnologiyasi keltirib o‘rnatilgan. Buning afzalligi shundaki, issiqlik ventilyator yordamida ultra iqlim zonasiga tortiladi va plastik quvurlar orqali kerakli joyga ehtiyoj darajasida yuboriladi. Ya’ni, harorat butun issiqxonaga emas, balki yetishtirilayotgan sabzavotning ildiziga yo‘naltiriladi. Bu esa katta miqdorda energiyani tejashga yordam beradi.
Ta’kidlash joiz, bunday “beshinchi avlod” texnologiyasiga ega issiqxonalar dunyoda 200 gektar atrofida. Shundan 7 gektari O‘zbekistonda.
Yana bir muhim jihati – issiqxona tepasiga quyosh nuriga o‘xshash xususiyatga ega maxsus chiroqlar o‘rnatilgan. Bu fotosintez jarayoniga sezilarli ta’sir ko‘rsatib, hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Masalan, plyonkali issiqxonalarda pomidor ko‘chati 6 oy hosil bersa, mazkur innovatsion issiqxonada bir yil mobaynida mahsulot olish mumkin.
Davlatimiz rahbari aynan shu masalaga alohida ahamiyat qaratdi.
- Butun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi dolzarb masala bo‘lib boryapti. Tashqi bozor qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini mavsumiy emas, yil davomida yetkazib berishni talab qiladi. Shuni taklif qila olgan korxona bozorda o‘rin egallaydi. Bu ish o‘rni va eksportni ta’minlash uchun katta manba, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Issiqxonada jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan. Birinchi bosqichda 75 kishi doimiy ish bilan ta’minlangan.
Prezidentimizga istiqboldagi rejalar haqida ma’lumot berildi. Xususan, loyihaning ikkinchi bosqichida 8 gektar maydonda yana bitta issiqxona quriladi. Uni kelasi yil dekabrda foydalanishga topshirish va yana 150 ta ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan.
- Bu korxona - drayver. Bunday issiqxonalar ko‘payishi uchun boshqa tadbirkorlarni ham o‘rgatib, har tomonlama yordam berish kerak. Xorazm qishloq xo‘jaligining kelajagi shu, - dedi davlatimiz rahbari.
Ushbu majmuani o‘ziga xos maktab sifatida belgilab, tadbirkorlarni o‘qitish muhimligi ta’kidlandi.
- Oziq-ovqat mahsulotlariga birinchi talab - sifat. Shuning uchun har bir issiqxonaning laboratoriyasi, o‘z brendi bo‘lishi kerak, - dedi Prezident.
Shu yerda qishloq xo‘jaligida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Tumanlarni ixtisoslashtirish, yangi yerlarni o‘zlashtirish, yomg‘irlatib sug‘orish tizimini joriy qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Sholi ekishda adolatni ta’minlab, aholiga yer maydonlari ajratib berish, shu orqali odamlarni ish bilan ta’minlash va kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.
Shuningdek, Xorazm viloyatida yoshlarning ijtimoiy kayfiyatini o‘rganish bo‘yicha muloqot va sotsiologik tadqiqot natijalari haqida ham ma’lumot berildi. Davlatimiz rahbari har bir yoshning intilishi va qobiliyatini inobatga olib, rejalarini amalga oshirish bo‘yicha bir yillik dastur ishlab chiqishga ko‘rsatma berdi.
Oldingisi
Shavkat Mirziyoyev Xorazmga ketdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga jo‘nab ketdi.
12.12.2020