Amaliy natijalarga erishishga qaratilgan O‘zbekiston – Qozog‘iston hamkorligi

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning mamlakatimizga yaqinda amalga oshirgan tashrifi va Xivada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan o‘tgan muzokaralar Toshkent va Ostonaning strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini har tomonlama rivojlantirish, ularni aniq mazmun bilan boyitishga bo‘lgan qat’iy qarorini yana bir bor tasdiqladi.

Amaliy formatdagi uchrashuv, aniq kun tartibi, davlatlar rahbarlarining Bosh vazirlari o‘rinbosarlari, hukumatlararo komissiyalar huzuridagi ishchi guruhlar hamraislarining qo‘shma loyihalarni ilgari surish haqidagi hisobotlarini tinglagani tomonlarning ko‘p qirrali O‘zbekiston – Qozog‘iston hamkorligini yanada rivojlantirishdan manfaatdorligi, davlatlar rahbarlarining ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish, ularga yanada ilg‘or tus berishga qaratilgan amaliy natijalarga erishishga bo‘lgan intilishidan dalolatdir.

Qayd etish joizki, har yili bunday formatda amalga oshirilayotgan uchrashuvlar davlatlararo norasmiy muloqotning qat’iy amaliyotiga aylanib, umumiy manfaatlarni ilgari suruvchi samarali siyosiy-diplomatik vosita bo‘lib bormoqda. Xususan, Chimkentda o‘tgan yili mart oyida davlatlar rahbarlarining amaliy uchrashuvi bo‘lib o‘tgan, unda ikki tomonlama, mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari bo‘yicha hamkorlikdagi ishlar muvofiqlashtirilgan edi.

 

Xivada samimiy va do‘stona muhitda bo‘lib o‘tgan bu galgi uchrashuvda ham ikki mamlakat Prezidentlari ilgari erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi, yaqin istiqboldagi rejalarni ko‘rib chiqdilar.

Mashinasozlik, energetika, transport va logistika, konchilik, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlardagi qo‘shma loyihalarni ilgari surishga e’tibor qaratildi. Sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha uzoq muddatli dasturni ishlab chiqish va qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.  

Albatta, mamlakatlar iqtisodiy farovonligining asosiy omillarini tashkil etuvchi ushbu strategik muhim tarmoqlarda hamkorlikning uzoq muddatli dasturida to‘xtalishi davlatlarimiz o‘rtasida erishilgan yuksak darajadagi o‘zaro ishonch, bundan keyin ham O‘zbekiston va Qozog‘iston salohiyatini yanada keng ro‘yobga chiqarish yo‘lida sa’y-harakatlarni birlashtirishga bo‘lgan intilishdan dalolatdir.  

Bundan tashqari, bir-birini to‘ldirishga va mamlakatlar iqtisodiyotining raqobatbardosh afzalliklaridan foydalanishga asoslangan sanoat kooperatsiyasi shubhasiz, tovarlar, xizmatlar, kapital va insonlarning yanada faol transchegaraviy harakatiga olib keladi, o‘zaro bog‘liq mintaqaviy bozorni shakllantirishga, mehnat samaradorligini oshirishga va qo‘shimcha qiymatning ishonchli zanjirlarini shakllantirishga xizmat qiladi.  

Bu esa, o‘z navbatida, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish, mahalliy bozorni xaridorgir mahsulotlar bilan to‘ldirish va qimmatbaho importni mahalliy mahsulotlar bilan almashtirish, hamkorlikda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozoriga olib chiqishga qaratilgan umumiy sa’y-harakatlar samaradorligini oshirish uchun shart-sharoit yaratadi. Umuman, iqtisodiyotlarimizning o‘zini-o‘zi ta’minlash va barqarorligini mustahkamlaydi.  

Bunday hamkorlikning yakuniy manfaatdorlari albatta, O‘zbekiston va Qozog‘iston fuqarolari bo‘ladi. Chunki, qo‘shimcha ish o‘rinlari va daromad manbalari yaratiladi, ichki investitsiyalar uchun yangi zaxiralar paydo bo‘ladi.  

Bugungi kunda bu yo‘nalishda mustahkam poydevor yaratildi, investitsiyaviy hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni damda, mamlakatlar o‘rtasida umumiy hajmi 2,6 milliard dollarga teng 60 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Bu 13 mingdan ziyod ish o‘rinlarini yaratish imkonini berdi. Yana 43 ta loyiha istiqbolli deb e’tirof etilmoqda.  

O‘zaro investitsiyalar bo‘yicha manfaatdorlik qo‘shma korxonalar sonining o‘sish sur’atidan ham dalolat beradi. So‘nggi 7-yilda O‘zbekistonda ularning soni 5 baravardan ziyod ko‘payib, mingtadan oshdi. Ayni damda, 2023-yilda Qozog‘iston sarmoyasini o‘zlashtirish 2022-yilga nisbatan ikki baravar oshib, 232 million dollarni tashkil etdi.

Ana shunday hamkorlik samarasida bugungi kunda Qozog‘iston O‘zbekistonning yetakchi uchta savdo hamkorlarining biri hisoblanadi. So‘nggi uch yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 4 milliard dollardan oshib, 2016-yilga nisbatan ikki baravar o‘sdi.  

Shubhasiz, «Markaziy Osiyo» Sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazi hamda qo‘shma tashqi savdo bo‘yicha kompaniyasi, Xivada ham davlat rahbarlarining diqqat markazida bo‘lgan amaliy ishlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada jadallashtiradi.  

Davlatlar rahbarlari mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, Afg‘onistondagi vaziyat, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha fikr almashib, o‘z pozitsiyalarini kelishib olganlariga e’tibor qaratish lozim. Bu o‘z navbatida, Toshkent va Ostonaning Markaziy Osiyoda o‘zaro manfaatli hamkorlik, tinchlik va xavfsizlikni birgalikda rivojlantirishga, mintaqaviy kun tartibining eng muhim vazifalarini hal etish uchun mas’uliyatni zimmalariga olishga, xalqaro maydonda kelishilgan pozitsiyadan chiqish qilishga tayyorligidan dalolatdir.  

Umuman olganda, Xivada bo‘lib o‘tgan sammit O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida strategik sheriklik va ittifoqchilikni mustahkamlashga qo‘shimcha turtki beradi hamda butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanish va mustahkamlikni ta’minlashga muhim hissa qo‘shadi, deyishga to‘liq asos bor.  

Akramjon Ne’matov,

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o'rinbosari.

Manba