SMTI direktori: O‘zbekiston – Italiya xalqlari o‘rtasidagi munosabat ko‘p asrlik tarixga ega

Rim shahrida mamlakatimizning yetakchi tadqiqot, tahliliy markazlari vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi va Italiyaning Osiyo va Afrika O‘rta Yer dengizi instituti (ISMAA) o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Italiya tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, yetakchi kompaniyalar, ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari, shuningdek, ISMAA ekspertlari ishtirok etdi.

Mutaxassislar vakillik tarkibi O‘zbekiston – Italiya munosabatini chuqurlashtirish, Markaziy Osiyodagi o‘zaro hamkorlikning joriy holati va istiqboli, shuningdek, Bryussel va Rimning mintaqa barqaror rivojlanishini ta’minlashdagi roli kabi muhim, dolzarb masalalarni atroflicha muhokama qilish imkonini berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov ta’kidlaganidek, xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabat ko‘p asrlik diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy xususiyatga ega. Bugungi kunda ham ushbu hamkorlik yangi mazmun bilan boyitilib, vazirlik, idoralar, hududlar darajasida, ishbilarmon doiralar o‘rtasida izchil kengaytirilmoqda.

SMTI direktori mintaqaviy sheriklik haqida gapirar ekan, Markaziy Osiyo tobora mustahkamlanib, ichki va tashqi tahdidga chidamli bo‘lib borayotganini alohida ta’kidladi.

E.Aripov Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi munosabatining amaldagi holatiga baho berarkan, ikki mintaqa o‘rtasidagi ko‘p tomonlama muloqot sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganiga urg‘u berdi.

Bugungi kunda YeI mintaqamizning asosiy savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklaridan biri hisoblanadi. Markaziy Osiyo umumiy tashqi savdosining uchdan bir qismidan ko‘prog‘i, shuningdek jalb qilingan investitsiyaning 40 foizdan ortig‘i Yevropa Ittifoqi hissasiga to‘g‘ri keladi.

O‘z navbatida, Italiya tomoni so‘nggi yillarda O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyoda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlarga Rim alohida qiziqish bildirayotganini tasdiqladi.

Italiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi R.Manar ta’kidlaganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar butun mintaqaga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. “Barqarorlik va aniqlik” O‘zbekiston sharofati bilan butun Markaziy Osiyoning o‘ziga xos belgisiga aylanmoqda. Italiya bu jarayonni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi va mintaqa barqaror rivojlanishi uchun har tomonlama yordam berishga tayyor.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Osiyo va Afrika O‘rta Yer dengizi instituti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Hujjat doirasida qo‘shma ilmiy loyihalar amalga oshirish, tadbirlar natijasini nashr etish, ikki tomonlama munosabat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan anjuman, davra suhbatlari o‘tkazish rejalashtirilgan.

2017 yil tashkil etilgan notijorat tahlil markazi – Osiyo va Afrika O‘rta Yer dengizi instituti Italiya, Osiyo va Afrika mamlakatlari muloqotini rivojlantirish, iqtisodiyot va madaniyat, fan va tadqiqot sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida faoliyat yuritadi.

Manba