Eldor Aripov Markaziy Osiyo kelajak modelining asosiy elementlarini taqdim etdi

Ostona shahrida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ctrategik tadqiqotlar instituti tomonidan tashkil etilgan “O‘zgaruvchan dunyoda Osiyo: kelajak kun tartibi” mavzusida xavfsizlik va hamkorlik bo‘yicha Markaziy Osiyo forumi bo‘lib o‘tdi.

Ikki kun davom etgan anjumanda mintaqamiz mamlakatlari, Rossiya, Xitoy, Yevropa Ittifoqi, AQSH, Yaponiya, Hindiston, Pokiston, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar va boshqa davlatlar mutaxassislari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuqori darajadagi vakillari, taniqli siyosatchilar va diplomatlar, yetakchi ekspertlar – dunyoning 25 davlatidan jami 60 ga yaqin delegat qatnashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov “Markaziy Osiyoni mintaqalashtirish: yangi model izlab...” mavzusidagi sessiyada ma’ruza qildi.

Ekspert dastlab Markaziy Osiyoning keyingi 10 yillik rivoji xususidagi tasavvuri bilan o‘rtoqlashdi, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish nuqtai nazaridan mintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirish alohida ahamiyat kasb etishiga e’tibor qaratdi.

SMTI direktori ta’kidlaganidek, bugungi kunga kelib, Markaziy Osiyodagi hech bir davlat o‘z taqdirini o‘zi belgilay olmaydi. Aksincha, ayni jarayon mintaqada sodir bo‘layotgan umumiy voqea-hodisalarga bevosita bog‘liq. Buni ko‘p yillardan buyon endi aniq va ravshan anglab yetyapmiz.

Eldor Aripov so‘zida davom etib, hozirgi davr bizdan yaqin va qalin jipslashishni, mintaqalashishning barqaror shaklini yaratishni yanada keskin va qat’iy talab qilayotganini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, strategik ustuvor yo‘nalishlarni kelishish, Markaziy Osiyoning uzoq muddatli istiqbolini ko‘zlash, dolzarb vazifalarni amalga oshirish uchun resurs va mexanizmlarni aniqlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Markaziy Osiyoning kelajakdagi modeli mavzusini muhokama qilar ekan, E.Aripov bir necha asosiy unsurni ajratib ko‘rsatdi:

1) mintaqaviy hamkorlik jarayoniga to‘sqinlik qilayotgan mavjud fundamental kelishmovchilik va qarama-qarshiliklarni bartaraf etish;

2) o‘zaro manfaatli muloqot va hamkorlikni rivojlantirish uchun zarur platforma va mexanizmlar yaratish;

3) Iqtisodiy hamkorlikning Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida to‘laqonli erkin savdo rejimi shakllantirilishini nazarda tutuvchi yangi modelini ishlab chiqish;

4) jahon miqyosida umumiy manfaatlarni samarali himoya qilish;

5) mintaqa davlatlari va manfaatdor tashqi kuchlar o‘rtasidagi konstruktiv hamkorlikning muhim sharti sifatida Markaziy Osiyo ochiqligini saqlash.

SMTI direktorining fikricha, mintaqaviy o‘ziga xoslik ushbu modelni qo‘llab-quvvatlovchi namunaviy yo‘riqnomaga aylanishi kerak, mintaqaviy hamkorlik esa nafaqat umumiy manfaatga, balki hamma uchun umumiy qadriyat va an’analarga asoslansagina, kutilgan samarani berishi mumkin.

Forumda ishtirok etgan O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish zarurligini alohida urg‘ulab, bu jarayonda O‘zbekiston Prezidentining umumiy tariximizni birgalikda chuqur o‘rganishni tashkil etish, jarayonga yoshlarni faol jalb etgan holda, Markaziy Osiyo madaniyat, san’at va kino festivallarini o‘tkazish g‘oyasi muhim rol o‘ynashini ta’kidladi.

“Bu mintaqaviy hamkorlikning mustahkam poydevorini yaratishda juda muhim. Shundagina biz o‘tmishdagi tafovutlarni unutib, istiqbolga umumiy nazar tashlaymiz, yorqin kelajakni birgalikda quramiz”, - deya xulosa qildi ekspert.

Manba