Davlatimiz rahbari yoshlarning sifatli ta’lim, kasb-hunar egallashi, tibbiy xizmat olishi va sport bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyat keskin kamayib borayotganiga ham to‘xtaldi.
– Ayniqsa, yosh avlodning hayotda munosib o‘rin egallashiga ishonchi yo‘qolib borayotgani tashvishlantirmoqda. Buzg‘unchi va radikal mafkuraning minglab yoshlar ongiga ta’siri ham kuchaymoqda”, dedi Prezidentimiz.
Qo‘shilmaslik Harakati Yoshlar tarmog‘iga a’zo davlatlarning yoshlar tashkilotlari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish va hamkorlik yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston rahbari kelgusi yil Samarqand shahrida “Cheksiz imkoniyatlar sammiti”ni o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi.
Aytish joiz, dunyoning 2 milliarddan ziyod yosh aholisi eng himoyasiz qatlamni tashkil etadi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, pandemiyaning, ayniqsa, yoshlarga ta’siri og‘ir kechdi. Bu nafaqat mavjud tengsizlikni kuchaytiradi, balki butun bir avlodning ishlab chiqarish salohiyati pasayishi tahdidini yuzaga keltiradi.
Yoshlar o‘rtasida ishsizlik ko‘payishi ham koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatidir. Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 295 million ish o‘rni yo‘qolish arafasida. Bu salbiy holat 70 milliondan ziyod 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlar taqdiriga bog‘liq. Shu bilan birga mehnat qilayotgan yoshlarning, qariyb, 40 foizi o‘ta qashshoq yashaydi.
bugungi kunda dunyoda geosiyosiy vaziyat keskinlashgani, davlatlar o‘rtasidagi muloqot izdan chiqqani, buzg‘unchi g‘oyalar tarqalishi kuchayib, terrorizm, ekstremizm va separatizm keng tarqalishiga olib kelayotgani ham shu tashabbusga bo‘lgan talab bilan bog‘liq. Bunday sharoitda aynan yoshlar radikal g‘oyalar ta’siriga ko‘proq moyildir.
Shu bilan birga milliy an’ana va qadriyatlar ruhida tarbiyalangan, chuqur bilim va keng dunyoqarashga ega bo‘lgan navqiron avlod har qanday davlatning muvaffaqiyatli rivojlanishining harakatlantiruvchi kuch ekanligi ham haqiqat.
Aholisining 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etuvchi O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va tashkiliy shart-sharoit hamda jamiyat shakllanishi va kafolatini yaratish maqsadida davlat hokimiyati idoralari faoliyatining ustuvor yo‘nalishi sifatida yoshlarga oid davlat siyosati belgilangan, yoshlarni kamol toptirish, jamiyat manfaati yo‘lida ular ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish ustuvor maqsadlardan biriga aylangan.
So‘nggi yillarda yoshlarga oid siyosat samaradorligini oshirishga qaratilgan 77 ta qonun va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilindi. Bular orasida 2016 yil 14 sentyabrdagi “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni, 2020 yil 30 iyun kuni kuchga kirgan Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni alohida ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatining institutsional asosi ham mustahkamlandi. Oliy Majlis huzurida Yoshlar parlamenti tuzildi, Yoshlar ishlari agentligi O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligiga aylantirildi. Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshida Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlar tayyorlash instituti tashkil etildi.
Eng muhimi, davlatimiz rahbari taklifiga binoan, 30 iyun Yoshlar kuni sifatida e’lon qilindi. 2021 yil O‘zbekistonda Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili deb nomlandi. Bu borada kompleks Davlat dasturi ijrosi izchil yakunlanmoqda.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan barcha o‘zgarishlar asosi bo‘lgan ta’lim tizimida ham tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayni payt ta’limga, jumladan, ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan mablag‘ davlat byudjeti umumiy miqdorining yarmidan ko‘pini tashkil etadi.
Yoshlarga oid siyosat doirasida yoshlarni madaniyat, san’at va sportga keng jalb etish, texnika vositalaridan foydalanish, kitobxonlikka mehr uyg‘otish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida ham keng ko‘lamli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Bu jarayonda Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar tarbiyasi va ta’lim-tarbiyasida yangi bosqichni boshlab bergan besh tashabbusi dasturiy asos bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan chuqur bilim, tafakkurga ega, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini o‘zlashtirgan kadrlarni tayyorlash maqsadida mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlari soni ko‘paytirildi. Ayni payt mavjud 170 dan ziyod universitet, institutlarning 30 dan ortig‘i nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallaridir.
Bir so‘z bilan aytganda, keng ko‘lamli islohotlarimizni samarali amalga oshirishda yoshlar hal qiluvchi kuchga aylanmoqda. bugungi kun yoshlarini har tomonlama barkamol etib shakllantirish, ularning o‘zini anglashi, yuzaga kelayotgan muammolarni samarali hal etish yo‘llarini o‘rganishi uchun shart-sharoit yaratish yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Qo‘shilmaslik Harakati Yoshlar tarmog‘ining “Cheksiz imkoniyatlar sammiti” Samarqand shahrida o‘tkazilishi yoshlarni o‘ylantirayotgan eng dolzarb masalalarni muhokama qilish, shu yo‘nalishda yangi loyihalar ishlab chiqish uchun qulay maydonga aylanishi shubhasiz.
O‘tkir Siddiqov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi SMTI bosh ilmiy xodimi