Mutaxassis o‘zaro savdoni yanada kengaytirish lozimligiga urg‘u berarkan, jumladan, "Sammitda O‘zbekiston yetakchisi SHHT doirasida yangi iqtisodiy muloqotni yo‘lga qo‘yish asosida sanoat va texnologiya hamkorligi bo‘yicha umumiy makon shakllantirishni taklif qildi”, – dedi.
Mazkur mexanizm savdo va bojxona to‘siqlarini bartaraf etish, barqaror ta’minot zanjirini shakllantirish, mahalliylashtirish va import o‘rnini bosish bo‘yicha qo‘shma dasturlar ilgari surishni ta’minlashi ta’kidlandi.
SMTI direktori fikricha, transport-logistika infratuzilmasini yanada rivojlantirish ham muhim ahamiyatga ega.
“Biz bu yil O‘zbekistonda – SHHTning birinchi transport forumi o‘tkaziladigan maydonda transport yo‘laklarini rivojlantirish bilan bog‘liq barcha dolzarb masalalarni muhokama qilish niyatidamiz”, – dedi u.
E.Aripovning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi murakkab geosiyosiy sharoitda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash eng dolzarb masalalardan biri. SHHT davlatlari salohiyati ichki bozorni g‘alla, chorva va meva-sabzavot mahsulotlari, asosiy oziq-ovqat turlari bilan barqaror ravishda ta’minlash imkonini beradi.
Shu nuqtai nazardan, SMTI direktori O‘zbekiston tomonidan me’yoriy-huquqiy bazani moslashtirish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish va sohaga innovatsiyani joriy etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar nazarda tutilgan “Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning umumiy tamoyillari va yondashuvlari” hujjatini ishlab chiqish taklif etilganini ta’kidladi.
“Mana shunday hayotiy masalalarni keng muhokama qilish maqsadida joriy yil Toshkent shahrida oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkaziladi va biz barchani ushbu muhim anjumanda faol ishtirok etishga chaqiramiz, – dedi Eldor Aripov.
Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi tomonidan tashkil etilgan tadbirda SHHTga a’zo davlatlar tadqiqot markazlari rahbarlari va ekspertlari, kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha hamkor davlatlar tahliliy institutlari vakillari, shuningdek, SHHT Kotibiyati va MATT ijroiya qo‘mitasi rahbariyati – jami 12 davlatdan 60 ga yaqin mutaxassis qatnashdi.
Forum so‘ngida ushbu anjuman raisligi estafetasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutiga o‘tdi. Demak, XIX yig‘ilish 2024 yil mamlakatimizda o‘tadi.