Eldor Aripov: SHHT xalqaro munosabatlar tizimining ajralmas qismiga aylandi

Toshkentda O‘zbekiston raisligida “Zamonaviy sharoitda SHHT ning o‘rni: umumiy xavfizlik, barqarorlik va farovonlik yo‘lida sa’y-harakatlarni birlashtirish” mavzusidagi Shanxay hamkorlik tashkiloti Forumining XIX yig‘ilishi davom etyapti.

Tadbirni so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik  va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov SHHT faoliyatiga yuqori baho berarkan, 20 yildan ko‘proq vaqt ichida tuzilma ulkan rivojlanish yo‘lini bosib o‘tgani, zamonaviy xalqaro munosabatlar  tizimining ajralmas qismiga aylanganini ta’kidladi.

– Bugungi kunda SHHT oilasi ulkan geografik hududni, sayyoramiz aholisining qariyb yarmini birlashtirgan dunyodagi yirik mintaqaviy tashkilotga aylandi, – dedi SMTI vakili. – Tuzilmaga qo‘shilishga tayyor davlatlar soni tobora ortmoqda va bu ajablanarli emas. Xalqaro hamjamiyat SHHT timsolida xavfsizlik va farovonlikka faol hissa qo‘shayotgan o‘zaro uyg‘un jozibador qutbni ko‘radi.

Ekspert erishilgan yutuqlarga, asosan quyidagi sharoitlar sabab ortib borayotgan  salohiyat va xalqaro nufuzga e’tibor qaratdi:

– Birichidan, a’zo davlatlarning o‘zaro ishonch, manfaat va tenglikni, maslahat va madaniyat xilma-xilligini hurmat qilish,  umumiy  taraqqiyotga intilish kabi “Shanxay ruhi”ning asosiy tamoyillariga qat’iy amal qiladi. Boshqacha aytganda, faoliyatimiz muloqot va o‘zaro ishonchga tayanadi.

– Ikkinchidan, bloklarga qo‘shilmaslik, ochiqlik, uchinchi mamlakatlar yoki xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmaganlik, teng huquqlilik va barcha ishtirokchilar suverenitetini hurmat qilish – SHHTning xalqaro huquqiy jozibadorligi kafolatidir. Ushbu holatlar yirik davlatlar klubiga aylanib qolishni inkor etib, tashkilotni turli mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishga tayyor, ochiq  birlashmaga aylantirdi.

– Uchinchidan, tarkib kengayishiga qaramay, Markaziy Osiyo SHHTning georafik yadrosi, a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro bog‘lovchi muhim bo‘g‘in va shunday bo‘lib qoladi.

Mutaxassis fikricha, jamoa butun faoliyati davomida ushbu tamoyillarga  qat’iy amal qilib kelmoqda. Samarqand va Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tgan sammitlar buni yana bir bor tasdiqladi.

– Shu bilan birga SHHT bugungi kunda transport zanjiri, raqamlashtirish, sanoat kooperatsiyasi, oziq-ovqat va ekologiya xavfsizligi kabi ustuvor yo‘nalishlarda ko‘p tomonlama hamkorlikni ta’minlamoqda, – deya qo‘shimcha qildi Eldor Aripov.

Manba