Eldor Aripov: Xitoyning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorligi barqaror o‘sish sur’atini namoyon etmoqda

Poytaxtimizda o‘tayotgan tahlil markazlarining “Markaziy Osiyo – Xitoy” IV forumida 20 ga yaqin ilmiy-tadqiqot, tahlil markazining 40 dan ziyod mutasaddi, ekspertlari, mamlakatimizdagi diplomatik vakolatxonalar rahbarlari ishtirok etmoqda. Anjumanda mutaxassislar mavzuga oid fikr, mulohaza bildirmoqda.

Eldor Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori:

– Xitoyning so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorligi barqaror o‘sish dinamikasini namoyon etdi. O‘tgan yil may oyida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Xitoy davlat rahbarlarining birinchi sammiti buning yaqqol tasdig‘i. Tadbir yuqori darajadagi siyosiy ishonch namunasidir. Sian deklaratsiyasi, imzolangan boshqa hujjatlar, rejalashtirilgan loyihalar ko‘p tomonlama hamkorlik rivojlanishi konturlarini belgilab berdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sammitdagi nutqida ta’kidlaganidek, “bugungi kunda biz o‘zaro ishonch, hurmat va manfaatni hisobga olishga asoslangan hamkorlikka erishdik. Turli sohalarda jiddiy yutuqlarga erishyapmiz. Tovar ayirboshlash va investitsiya hajmi yuzlab barobar oshdi. 2023 yil yakuniga ko‘ra, Xitoy bilan mintaqaviy savdo aloqasi 90 milliard dollarga yetdi. Bu Markaziy Osiyo mamlakatlari umumiy tashqi savdosining uchdan bir qismi.

Institut rahbari so‘zlariga ko‘ra, Xitoyning mintaqaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi barqaror o‘sib, qariyb 15 milliard dollarga yetdi. Xitoylik hamkorlar bilan birga energetika, tog‘-kon va ishlab chiqarish sanoatida loyihalar amalga oshirildi, turli sanoat parklari, erkin iqtisodiy zonalar tashkil etildi. Pekin transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirishda asosiy hamkorga aylanganini mamnuniyat bilan qayd etish joiz.

XXR ko‘magida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” multimodal avtomobil yo‘li va “Xorgos” transchegaraviy hamkorlik xalqaro markazi loyihalari ilgari surildi. Magistral va temir yo‘llar, ko‘priklar, tunnellar qurildi. Shu bilan birga Xitoy mintaqa mamlakatlari mahsulotlari uchun asosiy yo‘nalishlardan biriga aylandi. Markaziy Osiyo Xitoyning ulkan iste’mol bozoriga yetkazib berilayotgan raqobatbardosh tovarlar turini izchil oshirmoqda. Savdo tuzilmasini optimallashtirish davom etmoqda. Ayniqsa, transchegaraviy elektron tijorat formatida hamkorlik jadal rivojlanyapti. Natijada, Xitoy bilan hamkorlik Markaziy Osiyoning izchil rivojlanishiga, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga, o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va umuman, mintaqa barqarorligini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shayotgani quvonarli.

Ko‘p qirrali hamkorlik bo‘yicha uzoq muddatli kun tartibi va reja, kelgusi o‘n yillikka mo‘ljallangan vazifalarni belgilash muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Prezidentining “Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi tahlil markazlari ushbu murakkab va mas’uliyatli missiyani muvaffaqiyatli bajara oladi”, degan so‘zlarini keltirib o‘tish maqsadga muvofiq.

Davlatimiz rahbari Sian sammitida Markaziy Osiyo mamlakatlari va XXR milliy rivojlanish strategiyalarini bog‘lash masalalariga bag‘ishlangan ekspert konferensiyasi tashabbusi bilan chiqqani bejiz emas. Birinchi navbatda, iqtisodiy yo‘nalishda strategik yutuqni amalga oshirish ustuvor vazifa bo‘lishi kerak. Savdo, sarmoya, texnologiya va innovatsiya sohalaridagi hamkorlikni zaruriy shart sifatida alohida ta’kidlash joiz. Bir so‘z bilan aytganda, iqtisodiyot hamkorlikning asosi va harakatlantiruvchi kuchiga aylanishi kerak.

Markaziy Osiyoni mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlik va global qiymat zanjirining muhim bo‘g‘iniga aylantirish, shuningdek ishlab chiqarish, resurs, xom ashyo va inson kapitalini namoyon etish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakat zarur. Bu, o‘z navbatida, bepoyon Yevrosiyo uchun farovonlik garovini ta’minlab, ichki va tashqi tahdidlarga nisbatan mintaqamiz barqarorligi garovi bo‘ladi.

Manba