O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan xalqaro forumda MDHga a’zo davlatlarning yetakchi tahliliy-tadqiqot markazlari rahbarlari va ekspertlari ishtirok etmoqda.
A.Ne’matovning ta’kidlashicha, ko‘p tomonlama hamkorlikning rivojlangan huquqiy va institutsional bazasi Hamdo‘stlikning o‘ziga xos xususiyati hisoblanadi. MDH doirasida 80 dan ortiq organ, jumladan, 67 sanoat tuzilmalari faoliyat yuritmoqda, 7 mingga yaqin normativ-huquqiy va boshqa turdagi hujjatlar qabul qilingan.
Bu muhim masalalar yuzasidan keng qamrovli muloqot o‘tkazish, o‘zaro hamkorlikka nafaqat ijtimoiy-siyosiy doiralar, balki fuqarolik jamiyati faollari, madaniyat arboblari, ilmiy jamoatchilik, ijodkor ziyolilar, biznes vakillari hamda yoshlarni ham jalb etish imkonini beradi.
Aynan MDHda rivojlangan ko‘p tarmoqli va ko‘p formatli o‘zaro hamkorlik modeli, ishtirokchilarni keng qamrovi, yillar davomida to‘plangan amaliy muloqot tajribasi MDHni o‘ziga xos tashkilotga aylantirib, unga ishonch muhitini saqlab qolish, Hamdo‘stlik makonida hamkorlik qilish va bizning zamonamizdagi inqirozlarni og‘riqsiz yengib o‘tish imkonini beradi.
Shunday qilib, jahon iqtisodiyotidagi salbiy tendensiyalarga qaramay, 2023 yil yakuni bo‘yicha MDHda umumiy yalpi ichki mahsulotning o‘sishi deyarli 4 foizni tashkil etdi, shu bilan birga o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sishda davom etmoqda.
Mutaxassisning fikricha, shubhasiz, bu O‘zbekiston rahbarining ulkan xizmati hisoblanadi. Aynan Shavkat Miromonovichning Prezident etib saylanishi bilan O‘zbekiston MDH doirasidagi hamkorlikka yondashuvlarini tubdan o‘zgartirdi va Hamdo‘stlik makonidagi integratsiya jarayonlarida yetakchi rol o‘ynay boshladi.
O‘zbekiston MDHning barcha nizom organlari faoliyatida faol ishtirok etib, jami sohaviy hamkorlik organlariga qo‘shiladi hamda Hamdo‘stlik doirasida faol va tashabbuskor siyosat olib boradi.
Xususan, 2017 yildan buyon O‘zbekiston MDH doirasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar, shuningdek, xavfsizlik sohasidagi keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan 90 ta amaliy taklifni ilgari surdi. Bugungi kunga qadar ularning 80 tasi amalga oshirildi.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda O‘zbekiston MDHning ustav organlari hamda sohaviy hamkorlik tuzilmalarining majlislari muntazam o‘tkazib turiladigan Hamdo‘stlikning diplomatik markaziga aylandi. 2024 yilda Toshkentga MDH Yoshlar poytaxti maqomi, Samarqand esa Hamdo‘stlik davlatlarining madaniy poytaxti deb e’lon qilingani ham bejiz emas.
O‘zbekistonning 2020 yilda MDHga raisligi davrida 50 dan ortiq muhim dasturiy hujjatlarning ma’qullangani, MDHni yanada rivojlantirish konsepsiyasining qabul qilinishi va MDHni 2030 yilgacha iqtisodiy rivojlantirish strategiyasini qabul qilgani O‘zbekistonning Hamdo‘stlik doirasida uzoq muddatli o‘zaro hamkorlikka sodiqligi va uning barcha imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishga intilayotganining yaqqol dalili bo‘ldi.