Davlatimiz rahbari atrof-muhitni muhofaza qilish, uni asrash bo‘yicha mas’uliyatni kuchaytirish kerakligini alohida qayd etdi. Haqiqatdan yangi tahrirdagi Asosiy qonunimizda fuqarolarning ekologik huquqlari ilk bor mustahkamlandi, davlatning atrof muhitni muhofaza qilish va ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha majburiyatlari alohida ko‘rsatib o‘tildi.
Bu, xususan, 49-moddada o‘z ifodasini topgan, unga ko‘ra “Davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi”.
Tan olish kerakki, keyingi yillarda davlatimiz tomonidan fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash sohasida mislsiz choralar qabul qilinmoqda.
Birinchidan, me’yoriy-huquqiy baza kengaytirilib, mustahkamlanib bormoqda. Jumladan, atrof-muhit suvlarini asrash masalalari ilk bor «O‘zbekistan-2030» milliy strategiyasining alohida ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilandi, O‘zbekistonning ekologiya sohasidagi davlat siyosatining asoslari yangilandi, va bu 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasida, suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasida, qishloq xo‘jaligni rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida, 2019-2030 yillarda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasida, 2019-2028 yillarda O‘zbekistonda bioxilmaxillikni asrash bo‘yicha strategiyada o‘z aksini topdi.
Mazkur dasturlarning amaliy ijrosini ta’minlash hamda qishloq va suv xo‘jaligi, energetika, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa sohalarni rivojlantirish maqsadida iqtisodiyotning “yashil” transformatsiyasiga qaratilgan 150 dan ortiq chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi 20 dan ortiq rasmiy hujjat qabul qilindi. Shuningdek, Suv va Ekologik kodekslarni qabul qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Ikkinchidan, institutsional islohotlar amalga oshirilmoqda. 2023 yilda Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi negizida Tabiiy resurslar vazirligi ta’sis etildi. Keyinchalik, uning zimmasiga yuklatilgan vazifalar ko‘lami kengayganligi e’tiborga olinib, uning nomi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi deb o‘zgartirildi.
Hozirgi paytda Ekologiya vazirligi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni tiklash sohasidagi faoliyat bo‘yicha davlat boshqaruvini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi.
Ekologik masalalarga ustuvor e’tibor qaratilayotganini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Iqlim kengashining tashkil etilishi ham tasdiqlaydi. Uning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: 1) Iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish bo‘yicha milliy strategiyani hamda ushbu yo‘nalishda yagona davlat siyosatini shakllantirish, vazirlik va idoralarning moslashish bo‘yicha ishlarini muvofiqlashtirish; 2) Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasi va Parij bitimidan kelib chiqadigan O‘zbekiston majburiyatlari bajarilishini monitoring qilish; 3) iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish bo‘yicha tashqi siyosatni ustuvor yo‘nalishlarini belgilash; 4) normativ-huquqiy hujjatlar bazasini takomillashtirish va b.
Uchinchidan, ekota’lim va ekomadaniyatni kuchaytirish tizimi takomillashtirilmoqda. Jumladan, respublikaning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish jarayonida 2019-yilda Ekologik ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Uning asosiy maqsadi yosh avlodda ekologik bilim, ong va madaniyatni rivojlantirish, innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda ekologiya sohasida ilm-fanni takomillashtirishdan iborat.
Shu maqsadda boshlang‘ich sinflarda “Tabiiy fanlar” va “Tabiatshunoslik” fanlari joriy etildi, ushbu fanlar bolalik davridanoq tabiatga muhabbat, mas’uliyat, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish tuyg‘ularini tarbiyalaydi. 2023-yilda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish chora-tadbirlari doirasida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti Green University tashkil etildi.
Shu tarzda, hozirgi paytda O‘zbekistonning ekologiya sohasidagi siyosati Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan tamoyillarga asoslanib, bir qancha ijobiy yutuqlarga erishayotganini ko‘rish mumkin. Ayni paytda vaziyatni yaxshilash uchun mamlakat bundan keyin ham o‘zgarishlarni davom ettirishi kerak.
Ushbu nuqati nazardan, Prezident Sh.Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “2025 yilni mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” deb e’lon qilganimiz konstitutsiyaviy qoida va prinsiplarni amalga oshirish uchun muhim asos bo‘ladi”.
Lobar Umarova,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining bosh ilmiy xodimi