Tadbirning ochilishi marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Yaponiya Parlamenti, Tashqi ishlar vazirligi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining o‘rinbosari Baxtiyor Mustafayev shuni ta’kidladiki, Markaziy Osiyodagi mintaqaviy kooperatsiyaning yangi dinamikasi Yaponiya tashqi siyosatining Markaziy Osiyo yo‘nalishini faollashtirishga ko‘maklashdi.
Ta’kidlandiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning pragmatik tashqi siyosati tufayli Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik o‘z taraqqiyotining yangi tarixiy bosqichini boshdan kechirmoqda. Buning natijasida Markaziy Osiyoning xalqaro munosabatlar tizimidagi roli mustahkamlanib, mintaqa davlatlari mintaqaviy chaqiriq va tahdidlarning oldini olish bo‘yicha samarali hamkorlik qilmoqda, savdo, transport va energetika sohalarida yirik infratuzilmaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. xorijiy davlatlardan to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar hajmi ortib, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik kengaymoqda. Bularning barchasi dunyoning yetakchi davlatlarining mintaqaga qiziqishini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda, deb ta’kidladi B.Mustafayev, Yaponiya Markaziy Osiyo davlatlari bilan har tomonlama va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga katta ahamiyat bermoqda. Bu mintaqaning Yaponiyaning 2023 yilgi “Diplomatiya ko‘k kitobiga” mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida kiritilgani, shuningdek, bo‘lajak “Markaziy Osiyo – Yaponiya” sammiti misolida tasdiqlanadi.
“Markaziy Osiyo davlatlari, o‘z navbatida, Yaponiyani mintaqa osoyishtaligi va barqaror rivojlanishini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shayotgan muhim strategik hamkor deb biladi”, — dedi u. Mutaxassisning fikricha, bu ushbu nuqtai nazar quyidagi asosiy omillar bilan izohlanadi:
birinchidan, mintaqa davlatlari mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardan boshlab, Yaponiya infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish hamda IHRT, YeTTB, OTB, MOMIH kabi xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari bilan samarali hamkorlik qilish orqali Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotini rivojlantirishga ko‘maklashdi;
ikkinchidan, Tokioning mintaqaga nisbatan siyosati tenglik va o‘zaro hurmat, manfaatlarni o‘zaro hisobga olish tamoyillariga asoslanadi va hamkorlik uchun asossiz siyosiy shartlar qo‘yilmaydi;
uchinchidan, Markaziy Osiyo mamlakatlarida iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va rivojlanishning innovatsion yo‘liga o‘tish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar inobatga olinsa, bugungi kunda dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi, deb tan olingan Yaponiyaning ilmiy-texnik salohiyati katta qiziqish uyg‘otmoqda.
to‘rtinchidan, Yaponiya mintaqani yagona organizm, deb hisoblagan dunyodagi birinchi davlatlardan. Aynan Yaponiya 2004 yilda “Markaziy Osiyo-Yaponiya” formatini yaratishni taklif qilgan edi.
Baxtiyor Mustafoyev Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish haqida gapirar ekan, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikning bir qator istiqbolli yo‘nalishlariga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Birinchidan, B.Mustafoyev ta’kidlaganidek, diniy ekstremizm va terrorizm tahdidlari tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda bu xavfli hodisalarga qarshi kurashishning samarali yechimlarini birgalikda izlash alohida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Shu yilning may oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan birgalikda reabilitatsiya va reintegratsiya masalalari bo‘yicha Markaziy Osiyo Mintaqaviy ekspertlar Kengashi (MEK) tashkil etildi va uning birinchi yig‘ilishi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi.
Shu nuqtai nazardan, ekspertning fikricha, Yaponiyaning MEK faoliyati doirasidagi loyiha va tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashi va amalga oshirishdagi ishtiroki, shubhasiz, mintaqa davlatlarining reabilitatsiya va reintegratsiya masalalari bo‘yicha sa’y-harakatlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ikkinchidan, SMTI direktori o‘rinbosarining fikricha, muhim mineral resurslar sohasidagi hamkorlik istiqbolli hisoblanadi. Markaziy Osiyoda marganets rudasi jahon zahiralarining 39%, xromning 31%, qo‘rg‘oshinning 20%, ruxning 13%, titanning 9% mavjud. Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik Yaponiyaga mineral resurslar manbalarini diversifikatsiya qilish va yetkazib berish zanjirlaridagi uzilishlarning oldini olish imkonini beradi. Ochiq manbalarga ko‘ra, faqat 2022 yilning o‘zida Yaponiya 628 million dollarlik noyob metallarini import qilgan.
“Shu tarzda, Yaponiyaning sifatli investitsiyalari va zamonaviy texnologiyalarini resurs bazasini chuqur qayta ishlashga jalb qilish, va bunda to‘liq qo‘shilgan qiymatli zanjirini yaratish mintaqaning jadal rivojlanishini ta’minlashda muhim omil bo‘ladi”, — dedi ekspert.
Uchinchidan, ekspertning fikricha, bu keng ko‘lamli transport-kommunikatsiya tizimini shakllantirishdagi o‘zaro hamkorlikdir. Ekspert BMT hisob-kitoblariga to‘xtalib o‘tdi, unga ko‘ra, 2050-yilga borib dunyoda yuk tashishga bo‘lgan talab 3 barobar ortadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tendensiya bugungi kunda jami jahon savdo hajmining 80 foizdan ortig‘i ular orqali amalga oshirilayotan Markaziy Osiyoning dengizga chiqish imkoniyati yo‘q mamlakatlari uchun katta muammo hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan, B.Mustafoyev ta’kidlaganidek, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yaponiyaning temir yo‘llarni va avtomobil yo‘llari qurish va modernizatsiya qilish masalalarida o‘zaro yaqin hamkorligi, shuningdek, bojxona punktlarini zamonaviy texnologiyalar bilan raqamlashtirish hamda Yevropa va Osiyo “tutashgan nuqtada” joylashgan Markaziy Osiyoning transport-tranzit salohiyatini ochib beradigan logistika markazlarini yaratish alohida muhim ahamiyatga ega.
To‘rtinchidan, ekspert ta’kidlaganidek, Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlaridan ko‘proq zarar ko‘radigan mintaqalar qatoriga kiradi. Xususan, Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, agar XXI asr oxiriga borib, hozirgi ko‘rsatkichlar saqlanib qolsa, dunyoda o‘rtacha harorat Selsiy bo‘yicha 4 darajaga oshadi, Markaziy Osiyoda esa bu ko‘rsatkich 7 darajani tashkil qiladi.
“Natijada 300 ta baland tog‘ ko‘llari o‘pirilib ketishi xavfi saqlanmoqda. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘rtacha yillik harorat 2-4 darajaga oshishi bilan Markaziy Osiyoda tog‘ muzliklari hajmi 78 foizgacha kamayishi mumkin”, — deb ta’kidladi SMTI direktori o‘rinbosari.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, B.Mustafoyevning fikricha, energiya samaradorligi sohasida Yaponiya texnologiyasining taqdim etilishi va suvni tejash mintaqaning yashil energiya barqarorligini mustahkamlashga yordam beradi. Bundan tashqari, Yaponiyaning tabiiy ofatlarni kuzatish uchun radar sun’iy yo‘ldoshlaridan foydalanish va qattiq zilzilalarga chidamli qurilish standartlari ilovalarni ishlab chiqish tajribasi katta qiziqish uyg‘otadi.
Beshinchidan, ekspert qashshoqlikni qisqartirish sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga chaqirdi. Bugungi kunda Markaziy Osiyo demografik jihatdan dunyoning eng tez rivojlanayotgan mintaqalaridan biridir. Shu nuqtai nazardan, B.Mustafoyev ta’kidlashicha, yangi ish o‘rinlari yaratish katta qiziqish uyg‘otmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, JICA ko‘magida “bir qishloq, bir mahsulot” dasturini amalga oshirishni davom ettirish muhim masala. Ushbu loyihani amalga oshirish doirasida 2017-2022 yillarda Qirg‘izistonda 280 turdagi mahsulot o‘zlashtirildi va 3 mingta ish o‘rni yaratildi, 238 million dollarlik 167 ta eksport shartnomalari tuzildi.
So‘zining yakunida B.Mustafoyev ko‘plab kuzatuvchilarning Markaziy Osiyodagi barcha iqtisodiy sohalar allaqachon egallab olingani haqidagi baholari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi. Mintaqaviy hamkorlikning yangi dinamikasi tufayli Markaziy Osiyo bugun dunyoning barcha davlatlari bilan teng huquqli va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlari uchun ochiqdir.