O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro mukofotni topshirish marosimining o‘tkazilishi – jahon hamjamiyatining yuksak ishonchidan dalolat

Joriy yilning 19 dekabr kuni yurtimizda yana bir muhim yirik xalqaro tadbir – Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, 40 dan ortiq davlat delegatsiyalari va xalqaro mukofot sovrindorlari ishtirok etishdi.

Marosim davomida O‘zbekiston Prezidenti Qatar Amiri bilan birgalikda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro mukofotlarni o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi. 

Bundan tashqari, ikki mamlakat rahbarlari Toshkent shahrida xalqaro hamjamiyatning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlarini ifodalovchi monumentni rasman ochib berdilar.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida Yangi O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ularning jamiyat rivojidagi samarasi va mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilanishi haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek Shavkat Mirziyoyev ushbu yo‘nalishda yaqin kelajakda amalga oshiriladigan reja va vazifalarni belgilagan holda bir qator muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. 

Ta’kidlash joizki, tashkil etilgan anjuman O‘zbekistonning faol va pragmatik siyosatining navbatdagi amaliy natijasidir. Ya’ni, o‘zining konstruktiv yondashuvlari va ochiqlik siyosati tufayli mamlakatimiz dunyo hamjamiyatining e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Ko‘plab yetakchi davlatlar hamda turli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar yurtimiz timsolida ishonchli hamkorni va Markaziy Osiyo mintaqasining salmoqli vakilini ko‘rishmoqda. 

Shu nuqtai nazardan qarasak, O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurash umumjahon harakatining navbatdagi muhim tadbiriga mezbon sifatida tanlanishi ham bejiz emas. Mazkur hodisa mamlakatimiz jahon diplomatik markazlaridan biriga aylanayotganligini ko‘rsatadi. 

Bu orqali yurtimiz globallashayotgan dunyoda o‘z o‘rnini mustahkamlamoqda, dolzarb xalqaro muammolar yuzasidan o‘z qarashlar tizimini ilgari surmoqda va ularning yechimi bo‘yicha samarali mexanizmlarni shakllantirishda faol ishtirok etmoqda. 

Qolaversa, o‘tkazilgan tadbir O‘zbekiston ichki barqarorligi va izchil taraqqiyoti maqsadlariga erishish nuqtai nazaridan o‘ta muhimdir. Chunki yurtboshimiz anjumandagi nutqiga e’tibor qaratsak, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganligini va bu ortga qaytmas darajaga chiqqanini anglash mumkin. 

Jumladan, O‘zbekiston Prezidenti o‘z ma’ruzasida ongi va qalbi bolalikdan «halollik vaksinasi» bilan emlangan yangi avlodni kamolga yetkazish ustuvor vazifa ekanligini belgilab berdi. 

Bu borada BMTning Korrupsiyaga qarshi ta’lim va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish global resursi dasturini O‘zbekistonda keng joriy etishдан manfaatdor ekanligimiz ta’kidlandi.

Bundan tashqari, Yurtboshimiz korrupsiyaga qarshi kurashishdek murakkab jarayonlarda eng oldingi saflarda borayotgan OAVlarning o‘rnini alohida qadrlashini aytib o‘tdi. Bu jabhada jurnalistlar imkoniyatlaridan unumli foydalanish va ushbu soha vakillarining ta’sirini yanada oshirish uchun Global media forumni o‘tkazish taklifi ilgari surildi.

Yana bir muhim jihat – endilikda korrupsiyaga qarshi kurash tadbirlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik yanada kuchaytiriladi. O‘zbekiston rahbari korrupsiya bir davlatning ichki muammosidan global tahdidga aylanib ulgurganligini yana bir bor ta’kidladi. Mazkur muammoga esa yakdil yechim kerak. Buni samarali xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ymasdan, umummintaqaviy qarashlar tizimini shakllantirmasdan va kurash mexanizmlarini muvofiqlashtirmasdan to‘laqonli amalga oshirishning imkoni yo‘q.

Shuning uchun ham O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida korrupsiyaga qarshi kurashdagi mintaqaviy va global tashabbus va yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashini va ularda mamlakatimizning faol qatnashishini qayd etdi. Bu borada o‘tgan oyda Toshkentda ishga tushgan Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasining Mintaqaviy platformasidan keng foydalanish rejasi borligi ma’lum qilindi. 

Bu o‘rinda, nodavlat notijorat tashkilotlarini faol jalb etgan holda, o‘zaro tajriba almashish va muloqotlarni kuchaytirish, ilmiy izlanishlar olib borish maqsadida Korrupsiya muammolari bo‘yicha mintaqaviy tadqiqot markazini tashkil etish tashabbusi xalqaro hamkorlikni kuchaytirish yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Korrupsiyaga qarshi kurash endilikda umummilliy harakatga aylanishi lozimligi yana bir e’tirof etildi. Yuqoridagi illatni profilaktika qilish masalalariga faqat davlatgina mas’ul bo‘lib qolmay, balki har bir fuqaro ushbu jarayonning bevosita faol ishtirokchisiga aylanishini ko‘rsatadi. 

Eng asosiysi, bunda yoshlarning faolligi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu yo‘nalishda rivojlangan mamlakatlarning yetuk tajribalaridan, xalqaro tashkilotlarning mavjud imkoniyatlaridan va resurslaridan samarali foydalanishni bugungi davrning o‘zi taqozo qilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan navbatdagi xalqaro darajadagi tadbir O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashuvda qat’iy va dadil pozitsiyada ekanligini keng jamoatchilikka va xalqaro xamjamiyatga namoyon etdi. Mamlakatimiz rahbariyati mazkur jarayonni ochiq, izchil, davomli bo‘lishini va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan strategiya doirasida amalga oshirilishini kafolatladi. 

Sarvar Kamolov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi SMTI bosh ilmiy xodimi 

Aziz Karimov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi SMTI yetakchi ilmiy xodimi

Manba