18-aprel kuni Ostona shahrida Qozog‘iston Respublikasi Prezident markazi tomonidan YUNESKOning Olmaotadagi mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan “Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi uchun ilmiy hamkorlikni mustahkamlash” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 2024–2033-yillarni Barqaror rivojlanish uchun xalqaro fan o‘n yilligi deb e’lon qilingan kunga to‘g‘ri keldi.
Anjumanda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov Qozog‘iston va O‘zbekiston YUNESKO doirasida muhim missiyalarni amalga oshirayotganini alohida ta’kidladi. Jumladan, Qozog‘iston 2023-2027 yilgacha YUNESKOning Butunjahon merosi qo‘mitasiga saylangan. O‘zbekiston esa 2025-yil 40 yil ichida ilk bor Parijda emas Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini o‘tkazadi.
Akramjon Ne’matov mamlakatlar birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan madaniyat, fan va ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.
“Bugungi Ostona konferensiyasi esa mamlakatlarimizning xalqaro ilmiy muloqotda birgalikda ishtirok etishga, ham global miqyosda, ham Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda eng yangi ilm-fan yutuqlaridan birgalikda foydalanishga tayyorligining yaqqol koʻrsatkichidir”, - dedi u.
Ekspertning fikricha, YUNESKO bilan hamkorlik Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy ilmiy salohiyatini ochish va xalqaro ilmiy hamjamiyat bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda muhim mexanizm bo‘lib xizmat qilishi mumkin va hozirdanoq xizmat qilmoqda.
Uning so’zlariga kora, buning uchun barcha shart-sharoitlar mavjud.
Keyingi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari YUNESKO bilan hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yilda YUNESKOning Parijdagi qarorgohiga tashrifi yakunlari bo‘yicha Tashkilot amaliyotida ilk bor Davlat dasturi qabul qilingan edi. 2019 yilda esa YUNESKO Bosh direktori Odri Azulening O‘zbekistonga javob tashrifi yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha alohida “yoʻl xaritasi” ishlab chiqilgan.
O‘zbekiston rahbari tashabbusi bilan 2021-yilda YUNESKO shafeligida qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro forumining o‘tkazilishi muhim voqea bo‘ldi.
YUNESKO Bosh konferensiyasi rezolyutsiyasi bilan bir ovozdan ma’qullangan deklaratsiya “Xiva jarayoni” deb nomlangan muloqot maydoni – mintaqada barqaror tinchlik va taraqqiyotni birgalikda ta’minlashda mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muloqotlarni boshlab berdi.
Akramjon Ne’matov kuchlarni birlashtirib, bugungi kunda mintaqa oldida turgan umumiy muammolarni hal etishga yo‘naltirish va bu jarayonni amaliy mazmun bilan to‘ldirish mumkinligiga ishonch bildirdi.
Bugungi kunda bunday hamkorlik uchun barcha shart-sharoit yaratilgani ta’kidlandi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining keyingi yillardagi siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli mintaqaviy hamkorlik barqaror bo‘lib, yuksalish yo‘lida izchil rivojlanmoqda.
Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va muloqotga asoslangan mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllanib, o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish tendentsiyasi mustahkamlandi.
Mintaqaviy hamkorlik sezilarli natijalar bermoqda.
2016-2023 yillarda Markaziy Osiyoda tashqi savdo hajmi ikki baravardan ortiq, mintaqada toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar 45 foizga oshdi. O‘zaro investitsiyalar hajmi qariyb 6 barobar oshdi. Natijada mintaqa mamlakatlari yalpi ichki mahsuloti 47 foizga o‘sdi.
Biroq, SMTI direktorining birinchi o‘rinbosarining fikricha, Markaziy Osiyoning salohiyati to‘liqligicha ochilmagan. Mintaqa iqtisodiy faoliyat markazlari tutashgan joyda joylashgan bo’lib, yetarli resurs bazasiga, rivojlangan ishlab chiqarish va kadrlar salohiyatiga ega. Ushbu mintaqada 80 million aholi istiqomat qiladi va bu yosh, dinamik mintaqa bo'lib, o'rtacha yosh ko’rsatkichi 28 yoshni tashkil qiladi.
“Mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish Markaziy Osiyoning ichki zaxiralarini ochib beradi, mintaqani mintaqalararo oʻzaro bogʻliqlikning ajralmas boʻgʻiniga aylantiradi, oʻzini-oʻzi taʼminlash va barqarorligini, zamonamiz chaqiriqlariga yanada samarali javob berish qobiliyatini oshiradi”, - deya xulosa qildi. Akramjon Ne'matov.
Ma’lumot uchun: Anjumanda davlat va jamoat arboblari, Qozog‘iston Respublikasi parlamenti deputatlari, Qozog‘istonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik missiyalar va xalqaro tashkilotlar vakillari, tadqiqotchi olimlar, ekspertlar va boshqalar ishtirok etdi.