SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov: O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo bo‘lishi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi keng ko‘lamli islohotlarga qo‘shimcha impuls beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov “Dunyo” AA muxbiriga mamlakatimizning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi (IHK)ga saylanishi munosabati bilan o‘z fikrlarini bildirdi.

— Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo davlatlarning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishi uchun mas’ul bo‘lgan asosiy organ — Inson huquqlari bo‘yicha kengashga O‘zbekistonning birinchi marta saylanishi - bu, avvalambor, mamlakatimiz tomonidan insonning siyosiy, fuqarolik, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini ta’minlash bo‘yicha erishilgan yutuqlar, ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarning umume’tirof etilgan xalqaro me’yorlar va standartlarga muvofiqligining yuksak e’tirofidir.

Shuningdek, bu - davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari birinchi o‘ringa qo‘yilgan davlat va jamiyatning barcha sohalarini tubdan isloh qilish siyosatini xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishidir.

Albatta, bu yutuqqa O‘zbekistonning yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyillariga asoslangan, xalqaro munosabatlarning mas’ul sub’ekti sifatida jahon miqyosidagi obro‘sini sezilarli darajada oshirgan yangi tashabbuskor va ochiq tashqi siyosat tufayli erishildi.

Va nihoyat, eng muhimi, bu - xalqaro hamjamiyatning O‘zbekiston IHK a’zosi sifatida inson huquqlari va erkinliklari sohasida umume’tirof etilgan universal normalar va standartlar butun dunyoda tan olinishiga munosib hissa qo‘shishiga bo‘lgan yuksak ishonchidir.

Albatta, bu maqom, o‘z navbatida, O‘zbekiston zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi, demokratlashtirish va modernizatsiyalash yo‘lidagi sa’y-harakatlarni barqaror davom ettirishda davlat va jamiyat sa’y-harakatlarini yanada kuchli birlashtirishni talab qiladi.

O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zoligi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi keng ko‘lamli islohotlarga qo‘shimcha impuls berishiga ishonchim komil. Mamlakatimiz inson huquqlari va erkinliklari dunyo bo‘ylab qaror topishiga munosib hissa qo‘shadi.

Manba