O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ShHT makonida umumiy xavfsizlikni ta’minlash muhimligini yana bir bor ta’kidladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 4 iyulda Qozog‘iston raisligida Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida ShHT kun tartibidagi eng dolzarb vazifalarga to’xtalib o’tdi. Shanxay hamkorlik tashkiloti makonida xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash masalalari, shuningdek, o'sib borayotgan global inqirozlar va mintaqaviy muammolarni hal qilishda uning barqarorlashtiruvchi rolini oshirish zarurligi to’g’risidagi g'oyaga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, geosiyosiy keskinlik, qarama-qarshilik, davlatlar o‘rtasida ishonchsizlik, xalqaro huquq tamoyillari va normalariga e’tiborsizlik kuchayib borayotgan bir sharoitda ShHT birligining zaiflashishiga yo‘l qo‘ymaslik muhim ahamiyatga ega.

Shu munosabat bilan a'zo mamlakatlarning Tashkilot ichida birdamlik va jipsligini “Shanxay ruhi” va Xartiyaning tenglik, o'zaro ishonch, madaniyatlar xilma-xilligini hurmat qilish, birgalikda rivojlanish istagi, ichki ishlarga aralashishdan bosh tortish, o'zaro maqbul konsensus yechimlarini izlash, qo'shilmaslik maqomi, ochiqlik va uchinchi mamlakatlarga qarshi qaratilmaslik kabi asosiy tamoyillarga tayangan holda ta’minlash lozimligi qayd etildi.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining ushbu tamoyillar asosida faoliyat yuritishi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi, bu esa o’z navbatida bugungi kunda tobora kuchayib borayotgan muammolarni bartaraf etish, xalqaro munosabatlardagi nufuzi va barqarorlashtiruvchi rolini yanada oshirish uchun nihoyatda zarur.

O‘zbekiston rahbari ShHT doirasidagi global va mintaqaviy muammolar va tahdidlarni hal qilish bo‘yicha yondashuvlar haqida gapirar ekan, quyidagi masalalarga alohida to‘xtaldi:

Birinchidan, 2022-yilda O‘zbekiston tomoni ilgari surgan umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida Samarqand birdamligi tashabbusining dolzarbligi saqlanib qolgan. Albatta, ushbu tashabbusning amalga oshirilishi zamonamizning dolzarb muammolarini birgalikda hal qilish uchun yangi muloqot maydonini yaratadi, bu davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda ishonch va o‘zaro tushunishni tiklashga, global keskinlikni pasaytirishga yordam beradi.

Ikkinchidan, ishonchga asoslangan muloqotni mustahkamlash va yangi voqeliklarda ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga yordam beradigan ShHTning Yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va transchegaraviy sheriklik kodeksini qabul qilish zarurati.

Uchinchidan, ShHT davlatlarining vakolatli organlari o‘rtasida zamonaviy chaqiriqlar va xavfsizlikka tahdidlarga qarshi kurashda, shu jumladan ShHT MATT orqali yaqindan muvofiqlashtirishni davom ettirish muhimligi. Ta’kidlash joizki, 20 yillik faol va samarali faoliyati natijasida ushbu Aksilterror tuzilmasi “yovuzlikning uch kuchi”ga qarshi kurashda muhim platformaga, xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik arxitekturasining muhim bo‘g‘iniga aylandi. Masalan, 2023-yilda ShHTga a’zo davlatlarning xavfsizlik kuchlari tomonidan 181 ta terror xurujining oldi olindi, 214 nafar xorijlik jangari qo‘lga olindi va terrorchilik tashkilotlarining 95 ta yacheykasi faoliyati bostirildi, qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarning noqonuniy aylanishining 14 ta kanali aniqlandi.

To‘rtinchidan, Markaziy Osiyoning ajralmas qismi bo‘lgan va mintaqaviy barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadigan qo‘shni Afg‘onistonda barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash.

Kobul bilan muloqotni davom ettirish va Afg‘onistonning amaldagi rasmiylari bilan konstruktiv munosabatlar o‘rnatish butun mintaqa xavfsizligi va iqtisodiy taraqqiyoti manfaatlariga mos keladi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston rahbari Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy tiklash, mintaqaviy va jahon miqyosiga integratsiyalashuvida sa’y-harakatlarni birlashtirishga xizmat qiladigan “ShHT – Afg‘oniston” muloqot guruhi formatida qo‘shma ishlarni qayta tiklash dolzarbligini yana bir bor ta’kidladi.

Shu bilan birga, davlat rahbari an’anaviy chaqiriq va tahdidlarga qarshi kurashish bilan birga, ShHT doirasida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashni ham birdek muhim vazifa sifatida belgilab berdi. Bu soha istisnosiz dunyoning barcha mamlakatlari milliy xavfsizligining muhim elementi hisoblanadi. Har bir davlatning barqaror rivojlanishi ko‘p jihatdan uning aholisini xavfsiz, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash qobiliyatiga bog‘liq.

Shu maqsadda “ShHT oziq-ovqat xavfsizligi atlasi” qo‘shma elektron platformasini ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi. Bunday atlasning yaratilishi ShHTga aʼzo mamlakatlarning agrosanoat salohiyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va taʼminot imkoniyatlari kontekstida birlashtirish va tizimlashtirish imkonini beradi, bu esa tashkilot mamlakatlari oʻrtasida paydo boʻlayotgan oziq-ovqat ta'minoti sohasidagi muammolarga tezkor munosabat bildirish imkonini beradi.

Umuman olganda, O‘zbekiston rahbari tomonidan ShHT doirasida ilgari surilgan xavfsizlik kun tartibi barcha ishtirokchi-davlatlar manfaatlariga javob beradi va ularning yuzaga kelayotgan muammo va tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlarini birlashtirishga yordam beradi.

Madina Aripova,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi SMTI bosh ilmiy xodimi