Joriy yilning 21-22-may kunlari Nyu-Dehli shahrida Hindiston xalqaro ishlar kengashi tomonidan tashkil etilgan SHHT tahliliy markazlari forumining XX yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirning mavzusi "SHHT: mintaqani "Dunyo - bir oila" ruhida transformatsiya qilish yo‘lida" bo‘ldi.
Forumda SHHTga a’zo davlatlardan 30 dan ortiq ekspertlar, jumladan, Belarus, Hindiston, Eron, Xitoy, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekistonning yetakchi milliy tahlil va tadqiqot markazlari rahbarlari va vakillari, shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkiloti Kotibiyati delegatsiyasi ishtirok etdi.
Majlis ishtirokchilari SHHT faoliyatining asosiy yo‘nalishlari yuzasidan atroflicha va konstruktiv fikr almashdilar. Siyosat va xavfsizlik sohasida strategik muloqotni mustahkamlash, iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish, shuningdek, SHHTning muhim ekspert platformasi sifatida tahliliy markazlar forumi faoliyati samaradorligini oshirish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
Tadbir yakunida yig‘ilishning yakuniy bayonnomasi qabul qilinib, unda SHHTga a’zo davlatlarning kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha kelishilgan yondashuvlari va umumiy qarashlari o‘z aksini topdi. Belgilangan tartibga muvofiq, 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan forumga raislik rasman Eron Islom Respublikasining SHHT Milliy tadqiqot markaziga o‘tdi.
Birinchi sessiya doirasida "SHHT rolini kengaytirish: xavfsiz va barqaror mintaqaning jamoaviy qarashlarini ilgari surish" mavzusida SMTI direktori o‘rinbosari Baxtiyor Mustafoyev ma’ruza qildi. U o‘z nutqida Afg‘oniston bilan hamkorlik SHHT mintaqasida xavfsizlikni ta’minlashning asosiy omili ekanini ta’kidladi.
Ekspert, shuningdek, yaqinda Termiz shahrida ikki mintaqaning yetakchi siyosiy-ekspert doira vakillari ishtirokida Markaziy va Janubiy Osiyoning mintaqalararo o‘zaro bog‘liqligi bo‘yicha Termiz muloqoti bo‘lib o‘tganiga ishtirokchilar e’tiborini qaratdi. Ushbu tadbir O‘zbekistonning Afg‘onistonni mintaqaviy kooperatsiya jarayonlariga jalb etish, Afg‘oniston hududida uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarni yaratish bo‘yicha izchil sa’y-harakatlarining mantiqiy davomi bo‘lgani aytildi.
B.Mustafoyev ta’kidlaganidek, barqaror Afg‘oniston katta iqtisodiy istiqbollarni ochadi. SHHT mamlakatlari uchun bu, eng avvalo, transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, o‘zaro bog‘liq mintaqaviy iqtisodiy modelni shakllantirish va savdo-iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish imkoniyatidir.
Shu bilan birga, hozirgi zamonning tobora kuchayib borayotgan ko‘p qirrali tahdidlari sharoitida SHHTga a’zo davlatlardan yanada ko‘proq qat’iyatlilik, yakdillik va strategik jihatdan puxta o‘ylangan hamkorlik talab etilmoqda.
Shu munosabat bilan B.Mustafoyev birgalikdagi sa’y-harakatlarni ikkita asosiy yo‘nalishga qaratish zarurligini ta’kidladi.
Birinchidan, SMTI vakili "SHHT - Afg‘oniston" muloqot guruhi faoliyatini qayta tiklash kerak, deb hisoblaydi. Ushbu mexanizm Afg‘oniston kun tartibi bo‘yicha kelishilgan yechimlarni topishning samarali vositasi sifatida o‘zini oqladi. Guruh ishini jonlantirish SHHTning Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha asosiy mintaqaviy platforma sifatidagi rolini tiklaydi. Eng muhimi, ushbu format orqali SHHTga a’zo davlatlar Afg‘onistondagi gumanitar inqirozni jilovlash bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni muvofiqlashtirish amaliyotini qaytaradi.
Ikkinchidan, SMTI direktori o‘rinbosarining fikricha, Afg‘onistonni tizimli ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash zarur. Shu nuqtayi nazardan, SHHT ishtirokchilari Termizda yaratilgan zamonaviy infratuzilmadan faol foydalanishlari mumkin. Afg‘on yoshlari uchun ta’lim dasturlari, sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalar va gumanitar yo‘nalishdagi boshqa tashabbuslarning amalga oshirilishi SHHTning Afg‘onistonning mas’uliyatli va uzoq muddatli donori sifatidagi ahamiyatini oshiradi.