Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti bilan uchrashuv bo‘lib o‘td

Joriy yilning 20-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi hukumati delegasiyasining Qobul shahriga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv chog‘ida siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, sanoat, mintaqaviy va madaniy-gumanitar sohalarida hamkorlik qilish masalalarining keng doirasi muhokama qilindi.

Shuningdek, uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi ishonchga asoslangan munosabatlarning yuqori darajasi hamda turli darajadagi ikki tomonlama hamkorlikning ochiq va konstruktiv xususiyati qayd etildi. Tomonlar Doha shahrida (Qatar) muzokara jarayonini davom ettirishga sodiqligini ham tasdiqlashdi. Ustuvor yo‘nalishlardagi hamkorlik dinamikasini ijobiy baholab, tomonlar aniq kelishuvlarga erishish maqsadida o‘zaro manfaatli sheriklikning yangi yo‘nalishlari ustida ishlash istiqbolga ega ekanligi to‘g‘risida yagona fikrga keldilar.

Tomonlar investisiyalar, savdo, energetika, transport va infratuzilmani rivojlantirish sohasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarini rivojlantirishga mo‘ljallangan amaliy hamkorlikka o‘zaro tayyorligini bildirdi. Shu nuqtai nazardan, Ashraf G‘ani transport yo‘laklarini rivojlantirish sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha moliyalashtirish manbalarini jalb etish maqsadida xalqaro moliya institutlari, xususan, AQShning Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Uchrashuv yakunida siyosiy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy, energetika, transport-logistika, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish maqsadida har ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi. Tomonlar "Yo‘l xaritasi"ga kiritilgan tadbirlar amalga oshirilishini har oyda ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.

Манба