Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Daniel Rozenblyum «Dunyo» axborot agentligi muxbiriga mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligi oldidan intervyu berdi.
Suhbatda elchi O‘zbekiston – Amerika ikki tomonlama hamkorligining bugungi yutuqlarini qayd etib, xalqimizni yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.
– COVID-19ga qaramay, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki va ko‘p tomonlama munosabatlar faol qo‘llab-quvvatlanmoqda va rivojlanmoqda. Bu aniq natijalar va yutuqlarda namoyon bo‘lmoqda. O‘zbekiston mustaqilligining 29 yilligi arafasida o‘zaro aloqalarimizdagi yutuqlar, shuningdek, hamkorlikni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari va istiqbollari yuzasidan suhbatlashsak.
– Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar hech qachon bugungidek mustahkam bo‘lmagan. Amerika Qo‘shma Shtatlari 29 yil oldin O‘zbekiston mustaqilligini tan olgan birinchi davlatlardan biri hisoblanadi. Bizning respublika mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga bo‘lgan sadoqatimiz doimo o‘zgarmasdir.
Munosabatlarimiz Markaziy Osiyoda tinchlik, farovonlik va xavfsizlikka bo‘lgan umumiy majburiyat asosida qurilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning so‘nggi to‘rt yilda amalga oshirgan keng qamrovli islohotlari ta’lim va sog‘liqni saqlashdan iqtisodiy taraqqiyot, qishloq xo‘jaligi va xavfsizlikka qadar turli sohalarda hamkorlik qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi.
Davlat kotibi Maykl Pompeo shu yilning fevral oyida Toshkentga tashrifi chog‘ida ta’kidlaganidek, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish yo‘lidagi hamkorligimiz alohida ahamiyatga ega. Men o‘zaro munosabatlarimiz barcha sohalarda yanada rivojlanishiga ishonaman.
– O‘zbekiston va AQSh ikki qit’ada joylashgan. Shu bilan birga, ikki mamlakat ko‘p tomonlama munosabatlarga alohida ahamiyat qaratadi. AQSh O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyotini, islohotlar jarayonlari va siyosiy, iqtisodiy, madaniy hamda gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini qanday ko‘rayotgani haqida fikr bildirsangiz.
– O‘zbekiston har bir sohani isloh qilishda olg‘a siljib borar ekan, bizning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar sohalardagi hamkorlik imkoniyatlarimiz tobora kengayib boraveradi. So‘nggi to‘rt yilda O‘zbekiston iqtisodiy o‘zgarishlarda, ayniqsa biznes yuritishni soddalashtirish va investitsiya kiritish uchun qulay muhit yaratish bilan bog‘liq muhim yutuqlarga erishdi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy sohalardagi islohotlar ham oldinga siljidi.
Shuningdek, inson huquqlarini ta’minlash, majburiy mehnatga barham berish, qonun ustuvorligini mustahkamlash, matbuot erkinligi va din erkinligini ta’minlash bo‘yicha islohotlarda sezilarli yutuqlarga erishildi. Biz erishilgan yutuqlarni olqishlaymiz va shu bilan birga, hukumat a’zolari bilan o‘z tahlillarimiz bilan bo‘lishib borishga tayyormiz.
Shuni ta’kidlash kerak, biz islohotlarni qo‘llab-quvvatlab, O‘zbekistonga ta’lim, qonun ustuvorligi, iqtisodiy rivojlanish va xavfsizlik sohalarida texnik yordamni sezilarli darajada ko‘paytirdik. Hozirgi kunda O‘zbekiston AQShning Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng katta yordam oluvchi mamlakati hisoblanadi.
Biz, ayniqsa, savdo-iqtisodiy aloqalarimizni rivojlantirishdan manfaatdormiz. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro mahsulot ayirboshlash hajmi 2019 yil 65 foizga o‘sdi. Xususiylashtirishni tartibga solishni isloh qilish va qonun ustuvorligiga asoslangan barqaror ishbilarmonlik muhitini yaratish borasidagi keyingi vazifalar ish o‘rinlari va boshqa iqtisodiy imkoniyatlarni yaratish orqali O‘zbekistonni amerikalik sarmoyadorlar uchun yanada jozibador qilishi mumkin.
— O‘zbekiston boy tarix, madaniyat va sayyohlik salohiyatiga ega kuchli mamlakat sifatida AQShda yanada kengroq tan olinishi uchun nima qilish kerak?
— Ishonchim komilki, pandemiya tugaganidan so‘ng odamlar odatdagidek sayohat qilishni boshlaydi. Birinchi navbatda, ko‘proq amerikaliklar yana O‘zbekistonga tashrif buyurishdan manfaatdor bo‘lishadi. Pandemiyadan avval O‘zbekiston ajoyib sayohat yo‘nalishi sifatida Amerika ommaviy axborot vositalarida katta e’tibor qozongan edi.
Turistik yarmarkalar va televizion reklama orqali mamlakatni targ‘ib qilish ushbu qiziqishni yanada oshirishda juda muhim. Ammo sayohat sohadagi to‘siqlarni yanada kamaytirish ham kerak. AQSh fuqarolari uchun vizasiz sayohat qilish O‘zbekiston amerikalik sayyohlar uchun ochiq ekanligidan dalolatdir.
— Yaqinda Markaziy Osiyoda hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha «C5+1» uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ushbu hamkorlik istiqbollari va O‘zbekistonning mintaqada yangi siyosiy muhit yaratishga qaratilgan sa’y-harakatlari haqidagi fikrlaringiz bilan bo‘lishsangiz.
— Prezident Shavkat Mirziyoyevning qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarda ustuvor yo‘naltirilgan siyosati mintaqadagi siyosiy muhitni – ishonchsizlikdan hamkorlikka qadar tubdan o‘zgartirdi.
Markaziy Osiyoning barcha xalqlariga foyda keltirgan ushbu o‘zgarishlarning ahamiyatini esdan chiqarmaslik kerak.
Besh yil oldin Samarqandda «C5+1» platformasini yaratishdan maqsadimiz, xavfsizlik, iqtisodiyot va atrof-muhit sohalarida mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga yordam berish edi. Ushbu muammolarning barchasida transchegaraviy unsurlar mavjud va bu muammolarni birgalikda hal qilish orqali biz mintaqadagi barcha davlatlarni yanada xavfsiz va farovon qilish imkoniyatini ko‘rmoqdamiz.
Birgina o‘tgan yilning o‘zida «C5+1» platformasi doirasida uchta yuqori darajadagi uchrashuv, jumladan ikki marotaba vazirlar uchrashuvi o‘tkazildi, ulardan biri Toshkentda bo‘lib o‘tdi. Ishchi guruhlar har bir sohada aniq loyihalarni ilgari surish uchun vazirlar darajasidagi uchrashuvlar oralig‘ida o‘zaro hamkorlik qilyapti.
«C5+1» faolligining yuqori darajasi Amerika Qo‘shma Shtatlari va Markaziy Osiyo davlatlarining ushbu platformaga ajratayotgan ahamiyatida aks etadi.
Biz «C5+1» doirasida iqtisodiy va savdo aloqalarini kengaytirish, ekologik muammolarni bartaraf etish hamda xavfsizlikka tahdidlarni birgalikda hal etishda qo‘shayotgan muhim hissamiz bilan faxrlanamiz. O‘ylaymanki, mintaqadagi siyosiy iqlimning yaxshilanishi kelgusida oldinga siljishga imkon beradi.
— Mamlakatimiz bilan yaqindan tanish inson sifatida qanday jihatlar sizda alohida taassurot uyg‘otadi.
— Albatta, qadimgi Ipak yo‘lining ajoyib manzaralari va boy madaniy merosi meni hayratga soladi va quvontiradi. Ammo go‘zal mamlakatingiz bo‘ylab sayohat qilar ekanman, meni hammasidan ham ko‘proq insonlarning mehmondo‘stligi va iliq munosabati hayratga soldi, deyishni istardim.
Mamlakatingiz bo‘ylab sayohatlarimni davom ettirishni xohlayman.
— Mustaqillik kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga bayram tilaklaringiz.
— Fursatdan foydalanib Amerika xalqi nomidan O‘zbekiston xalqini mamlakat mustaqilligining 29 yilligi bilan qutlayman!
O‘zbekiston o‘zining keng qamrovli islohotlar yo‘lini tutib, so‘nggi yillarda yanada ko‘proq yutuqlarga erishmoqda. Aholi farovonligini oshirish va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish borasidagi islohotlar shular jumlasidandir.
Yanada yaxshiroq kelajakni qurish yo‘lidagi intilishlar yo‘lida Amerika Qo‘shma Shtatlari va Amerika xalqining qo‘llab-quvvatlashiga hamda do‘stligiga suyanishingiz mumkin.
Mustaqillik kuni muborak bo‘lsin!