2020-yil 26-iyun kuni videokonferensaloqa shaklida “O‘zbekiston va BMT: Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Tabdir Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi imzolanganining 75 yilligiga bag‘ishlanib, “BMTning 75 yilligi: kelajakka nazar” nomli global munozaralar turkumi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Tashqi ishlar vazirligi va BMTning mamlakatimizdagi Doimiy vakolatxonasi tomonidan tashkil etildi.
Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov o‘z nutqida ushbu tadbir O‘zbekistonning BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan ko‘p tomonlama hamkorlikka tayyorligining dalili ekanligini qayd etdi.
Bundan 75 yil oldin BMT Nizomining qabul qilinishi jahonda o‘rnatilgan hozirgi tartibga mustahkam asos bo‘ldi, tinchlik va xavfsizlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari sohalaridagi global muammolarni hal etishda xalqaro hamkorlikning ilg‘or tamoyillarini belgilab berdi. Ushbu tarixiy hujjat bugungi kunda 193 ta davlatni birlashtirgan o‘zining qonuniyligi va universalligi bo‘yicha noyob tashkilotga asos soldi.
Vazir ta’kidlaganidek, COVID-19 pandemiyasi natijasida yuzaga kelgan va butun dunyodagi millionlab odamlarning hayotiga ta’sir ko‘rsatgan hozirgi global inqiroz koronavirus tarqalishining sog‘liqni saqlash va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasidagi salbiy oqibatlariga qarshi kurashish uchun butun dunyo hamjamiyatining sa’y-harakatlarini birlashtirish muhimligini tasdiqladi.
Bunday sharoitda BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari, dasturlari va jamg‘armalari asosiy rolni o‘ynashi pandemiyaga qarshi kurashish va yordam ko‘rsatishda ko‘p tomonlama hamkorlikning samaradorligini yana bir bor namoyish etdi.
Vazir O‘zbekistonning BMT bilan 28 yillik konstruktiv hamkorligi muhim voqealarga boy bo‘lganini ta’kidladi. BMTning yuqori minbaridan mamlakatimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanmoqda, global tarqatmaslik rejimini mustahkamlash, umumiy tinchlik, barqaror rivojlanish va mintaqaviy hamjihatlikni ta’minlashga salmoqli amaliy hissa qo‘shmoqda.
So‘nggi uch yil ichida bizning BMT bilan hamkorligimiz sezilarli darajada faollashdi. Oliy darajada muntazam muloqotlar o‘rnatilgan va davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishga qat’iy sodiqdir. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari BRM bilan to‘liq mos keladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga yo‘llagan maktubida qayd etganidek, “ikki hujjatni “inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan bosh tamoyil birlashtiradi”.
Ta’kidlanganidek, 2018-2019-yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan taklif etilgan Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash, ma’rifat va diniy bag‘rikenglik, mintaqaviy turizmni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga oid uchta rezolutsiya BMT Bosh assambleyasi tomonidan bir ovozdan ma’qullanishi O‘zbekistonning BMT faoliyatiga qo‘shayotgan hissasining e’tirofi bo‘ldi.
Abdulaziz Kamilov O‘zbekiston shu bilan chegaralanib qolish niyatida emasligini bayon etdi. Bugungi kunda Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani tayyorlash va kelishish bo‘yicha muzokaralar jarayonini boshlash borasida faol ishlar olib borilmoqda. 2021-2023-yillarda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga O‘zbekistonning nomzodi ilgari surilmoqda.
Bundan tashqari, ushbu oyda O‘zbekiston hukumati tomonidan BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi, u ko‘p qirrali hamkorlikning keng ko‘lamli masalalarini o‘z ichiga oladi.
“Biz BMT xalqaro munosabatlarda bundan keyin ham markaziy muvofiqlashtiruvchi rolni o‘ynashiga ishonamiz. O‘z navbatida, O‘zbekiston BMT faoliyatiga hissa qo‘shishni davom ettirishga, xalqaro kun tartibini amaliy tadbiq etish uchun uning ixtisoslashgan muassasalari va a’zo davlatlari bilan yaqin sheriklik aloqalarini mustahkamlashga qat’iy sodiqdir”, - deya yakunladi vazir.