Ikki tomonlama kelishuvlarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va ilgari surish bo‘yicha O‘zbekiston-Hindiston qo‘mitasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 24-avgust kuni videokonferentsiya shaklida ikki tomonlama kelishuvlarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va ilgari surish bo‘yicha O‘zbekiston-Hindiston qo‘mitasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston tomonidan Qo‘mita hamraisi - tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari F.Arziyev, Hindiston tomonidan - tashqi ishlar davlat vaziri V.Muralidaran hisoblanadi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Andijon viloyati hokimligi vakillari, shuningdek, Hindiston Respublikasi Moliya vazirligi, Tijorat va sanoat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Qishloq xo‘jaligi va fermerlar farovonligi vazirligi va Gujarat shtati ma’muriyati vakillari ishtirok etdilar.

Yig‘ilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari -  investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning tabrik so‘zi bilan ochilib, unda qo‘shma loyiha va tashabbuslarni samarali ilgari surishda Qo‘mitaning roli alohida ta’kidlandi hamda tomonlarning birgalikdagi faoliyatining ustuvorliklari belgilandi.

Yig‘ilish davomida savdo-iqtisodiy, investitsiya va transport-logistika sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashning joriy holati va istiqbollari, shuningdek, har ikki mamlakat hukumatlari tomonidan koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan global inqiroziy xodisalarning iqtisodiy oqibatlarini yumshatish uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, sog‘liqni saqlash, ta’lim va infratuzilmani rivojlantirish sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Jami ikki tomonlama hamkorlik doirasida umumiy qiymati 2,3 mlrd dollarga teng 98 ta investitsiya va savdo bitimi imzolangan.

Investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi Bitim va imtiyozli savdo to‘g‘risidagi Bitimni tayyorlash va imzolashni tezlashtirish bo‘yicha keyingi choralar ko‘rib chiqildi.

Tadbir yakunida ikki tomonlama kelishuvlarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha amaliy chora-tadbirlarni qabul qilish, shuningdek, Qo‘mitaning navbatdagi yig‘ilishini joriy yilning 4-chi choragida o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Manba