Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun transport-logistika sektori siyosiy, iqtisodiy va geografik nuqtai nazardan rivojlanishning strategik yo‘nalishi hisoblanadi.
Shuning uchun mintaqa mamlakatlari transport yo‘nalishlarini diversifikasiya qilishga intilib, turli xil loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.
COVID-19 pandemiyasi mintaqaviy transport tizimining tovarlarning uzluksiz harakatlanishini ta'minlash uchun tezkor va samarali yechimlarga nisbatan zaifligini ko‘rsatdi. Global va mintaqaviy karantin cheklovlari yuklarni tashish uchun ishlatiladigan asosiy transport yo‘laklarining vaqtincha yopilishiga olib keldi.
Aksariyat hollarda bir qator davlatlar bir tomonlama va proteksionistik choralarni ko‘rdilar, bu esa yuk oqimining to‘liq to‘xtashiga va ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha pasayishiga olib keldi, shu munosabat bilan tashqi savdo sub'ektlari yangi yechimlarni izlash va muqobil transport yo‘laklaridan foydalanishga majbur bo‘lishdi, bu esa yuk tashish xarajatlarning oshishiga olib keldi.
Shu munosabat bilan, hozirgi vaqtda mintaqa davlatlari hukumatlari yuk va yo‘lovchilar tashish sifati, xavfsizligi va tezligini oshirish, infratuzilmani rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hisobiga xalqaro yuk tashishni amalga oshirishda transport xarajatlarini optimallashtirishga imkon beradigan samarali strategiya va yechimlarni ishlab chiqishga katta e'tibor qaratmoqdalar.
Masalaning istiqbolli yechimlardan biri – bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida aytib o‘tilgan BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun Maxsus dasturi (MOIMD) hamda Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (OTOIIK) Dasturi doirasida Transport-kommunikasiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusidir. Ushbu Markaz transport-logistika salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirishga va mintaqaviy hamda xalqaro yuk tashishni yanada kengaytirishga to‘sqinlik qiladigan tizimli muammolarni hal qilishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilishiga ko‘maklashadi va bu, o‘z navbatida, jadal iqtisodiy o‘sishga erishish va mintaqaning farovonligini oshirishga imkon beradi.
Markazning asosiy vazifalari qatoriga - mintaqa transport tarmog‘ini yagona transport tizimiga birlashtirishga imkon beradigan qo‘shma transport-logistika loyihalarini amalga oshirish uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan mintaqaviy dasturlar, loyihalar va hujjatlarni qabul qilish, loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va ularni amalga oshirish uchun mablag‘ jalb qilish, yangi transport yo‘laklari va havo yo‘llarini shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlar va takliflarni ishlab chiqish, tarif siyosati mexanizmlarini takomillashtirish va bojxona tartibga solishni soddalashtirish, transport oqimini boshqarishni raqamlashtirish, transport va tranzit sohasida normativ-huquqiy bazani muvofiqlashtirish, ekologiya, yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi hamkorlik, shuningdek transport sohasida yagona talablar asosida mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash vazifalari kiradi.
Hozirgi kunda Markaz konsepsiyasining amaliy ishlab chiqilishi O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligining ekspertlari va tegishli bo‘linmalar rahbarlari tomonidan amalga oshirilmoqda - Markaz faoliyatini moliyalashtirish uchun xalqaro va mintaqaviy moliya institutlarining mablag‘lari jalb qilinishi rejalashtirilmoqda, uning rahbariyati tarkibiga esa ishtirokchi davlatlarning transport vazirlari kiradi.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘onistonning savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, transport-logistika salohiyatidan to‘liq foydalanish 10 yil ichida mintaqa mamlakatlari yalpi ichki mahsulotining kamida ikki baravar ko‘payishiga imkon beradi, bu esa barqaror rivojlanishning samarali mexanizmi sifatida Markazni tashkil etishning dolzarbligini asoslaydi.
Markazni tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlar qatorida transport-logistika sektorida amalga oshirilayotgan va amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan investisiya loyihalari sonining ko‘payib borayotgani, shuningdek, Markaziy Osiyo va Afg‘oniston hukumatlari infratuzilmani modernizasiya qilish, logistika markazlarini qurish va mamlakatlararo kommunikasiya aloqalarini mustahkamlash hisobiga transport tarmog‘ini barqaror rivojlantirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni qabul qilishga katta e'tibor qaratayotganini ta'kidlash mumkin.
Shuni ham ta'kidlash kerakki, mintaqa mamlakatlari va Afg‘oniston BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (OTOIIK), BMTning Taraqqiyot dasturi, Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi va boshqa transport-logistika sektorini rivojlantirishga qaratilgan qator xalqaro dastur va loyihalarga a'zodirlar.
Oldingisi
Qozog‘iston Respublikasi bilan ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha keyingi qadamlar belgilandi
Joriy yilning 2-noyabr kuni Qozog‘iston Respublikasi hukumati delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.Sklyar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
03.11.2020