Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidentini yubiley bilan tabrikladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-iyul kuni Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari suhbat avvalida Nursulton Abishevich Nazarboyevni yubiley bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va yangi zafarlar tiladi.

Elboshining zamonaviy Qozogʻistonni barpo etish, kuchli davlat boshqaruvi institutlari va milliy kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish, mamlakat raqobatbardoshligi, xalqaro nufuzini oshirishga va, eng muhimi, aholining yuksak turmush darajasini taʼminlashga qaratilgan samarali ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi tarixiy roli alohida qayd etildi.

Nursulton Nazarboyevning muvaffaqiyatli amalga oshirilgan yirik tashabbuslaridan biri – jadal rivojlanib borayotgan Qozogʻistonning “tashrif qogʻozi”ga aylangan yangi poytaxt - Nur-Sulton shahriga asos solingani taʼkidlandi.

Elboshining global xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash, turli hududlardagi mojarolarni tinch yoʻl bilan hal etish, Markaziy Osiyoda integratsiyani kuchaytirish va barqaror taraqqiyotga erishish borasidagi tashabbuslari xalqaro hamjamiyatda keng eʼtirofga sazovor boʻldi.

Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti mamlakatlarimiz oʻrtasidagi qardoshlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga katta hissa qoʻshdi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston va Qozogʻistonning koʻp qirrali hamkorligi izchil rivojlanishda davom etmoqda hamda savdo-iqtisodiy, investitsiya, energetika, qishloq xoʻjaligi, transport-logistika, taʼlim va boshqa ustuvor yoʻnalishlardagi aniq qoʻshma dastur va loyihalar hisobiga kengayib bormoqda.

Muloqot chogʻida yetakchilar ikki tomonlama va xalqaro ahamiyatga molik qator dolzarb masalalarni muhokama qildilar. Koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish, pandemiyaning oʻzaro manfaatli hamkorlikka salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha oʻzaro yaqin muvofiqlashuv va sheriklikni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.

Suhbat har doimgidek samimiy, ochiq va doʻstona ruhda oʻtdi.

Манба