O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumat rahbarlarining o‘rinbosarlari ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, qishloq xo‘jaligi va sanoat kooperatsiyasi sohasidagi sheriklikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi

Узбекистан и Казахстан поддерживают высокие темпы развития торгово-экономического  сотрудничества

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov kecha  Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Roman Sklyar bilan ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari ishtirokida muzokaralar o‘tkazdi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, muzokaralar ishtirokchilari ikki tomonlama hamkorlikning bugungi kun tartibini, ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va sanoat kooperatsiyasi sohasidagi sheriklikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.

Tadbir davomida joriy yilning noyabr oyida Toshkent shahrida kelishilgan va agrosanoat kompleksi, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, yengil, kimyo va farmatsevtika sanoati hamda qurilish materiallarini ishlab chiqarish sohalarida 22 sanoat kooperatsiyasi loyihasini o‘z ichiga olgan O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar, shuningdek, kelishilgan tadbir va loyihalarni ilgari surish uchun ikki mamlakatning tegishli vazirliklari, idoralari va tadbirkorlari o‘rtasida tezkor hamkorlik qilish mexanizmlarini belgilandi.

Suhbat davomida ikki mamlakat agrosanoat korxonalari o‘rtasida ayrim turdagi ekinlarni yetishtirish, qo‘shma chorvachilik majmualarini hamda intensiv bog‘larni yaratish sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlarga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar tashqi bozorlarga meva-sabzavot mahsulotlarining eksportini amalga oshirish maqsadida qo‘shma ulgurji-tarqatish markazlarini tashkil etish dasturini ishlab chiqishga kelishib oldi.

Muzokaralar davomida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi hukumatlari o‘rtasida texnik tartibga solish, metrologiya va mahsulotning muvofiqligini baholash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim loyihasini kelishishni tezlashtirish bo‘yicha keyingi harakatlar muhokama qilindi.

Urug‘chilikni rivojlantirish sohasida o‘zaro tajriba almashish hamda don va moyli ekinlarning yuqori mahsuldor navlarini yetishtirishni jadallashtirish maqsadida qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish, ikki mamlakat ilmiy-tadqiqot institutlari darajasida aloqalarni tashkil etish sohasida hamkorlik qilish istiqbollari alohida ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonini kuzatib borish, yuzaga kelayotgan masalalarni zudlik bilan hal qilish va ko‘p qirrali ikki tomonlama sheriklikning yangi tashabbus va yo‘nalishlarini ishlab chiqish maqsadida videokonferensiyalar o‘tkazish amaliyotini muntazam ravishda davom ettirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Manba