O‘zbekiston va Turkiya parlamentlari rahbarlarining telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi

Bugun, 4-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayevaning Turkiya Respublikasi Buyuk Millat Majlisi raisi Mustafa Shentop bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Ikki mamlakat parlamentlari rahbarlari butun musulmon olamining shodlik va shukronalik, xayr-saxovat va ezgulik ayyomi bo‘lgan Qurbon hayiti munosabati bilan samimiy tilak bildirdilar.

Turkiya Respublikasi Buyuk Millat Majlisi raisi Mustafa Shentop koronavirus pandemiyasini tezroq yengishni tilab, bu borada Turkiya O‘zbekistonga yordam berishga tayyor ekanini bildirdi.

Tomonlar davlatlarimiz prezidentlari boshchiligida oliy darajadagi muntazam muloqotlar va yaqin munosabatlar olib borilayotgani natijasida barcha sohalar qatori parlamentlararo hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilayotgani, bu esa  katta mas’uliyat ekanligi to‘g‘risida so‘z yuritdi.

Ikki mamlakat parlametlari o‘rtasida imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum o‘zaro aloqalarning shartnoma-huquqiy asosini yaratish bilan birga amaliy chora-tadbirlar amalga oshirishni taqozo etishi borasida to‘xtalib o‘tildi.

2020-yil fevralda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Prezidentining Turkiyaga tashrifi doirasida tarixda ilk bora eng yuksak formatdagi, ya’ni ikki davlat rahbarlari hamraisligidagi oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashining ilk yig‘ilishi yakuni bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda o‘z vakolatlari doirasida parlamentlarimiz ham munosib hissani qo‘shishi kerakligi qayd etildi.

Bundan tashqari, shakllantirilgan do‘stlik guruhlari tomonidan parlamentlararo hamkorlik borasida fikr almashilayotgani, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bilan Turkiya Buyuk Millat Majlisining Tadqiqot markazi o‘rtasidagi aloqalarni  yanada rivojlantirishga urg‘u berildi.

Suhbat do‘stona va samimiy ruhda o‘tdi. 

Manba