O‘zbekiston Pokistonga insonparvarlik yordami ko‘rsatdi

O‘zbekiston bugun dunyoda hukm surayotgan koronavirus pandemiyasi davrida qator davlatlarga insonparvarlik yordami ko‘rsatib, do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga sodiq ekanini namoyish etmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga asosan bugun ana shunday navbatdagi ko‘mak Pokiston Islom Respublikasiga yetkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA .

Koronavirus infeksiyasi tarqalishini bartaraf etish uchun zarur tibbiy uskunalar, buyumlar va dori vositalari shaklidagi yuk Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidan mamlakatimiz Mudofaa vazirligining maxsus samolyotida Islomobodga olib borildi.

Insonparvarlik yuki mavjud davlat zaxiralari va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi korxonalar mahsulotlari asosida shakllantirildi.

Tibbiy niqob, oyoq himoya vositalari, pirometrlar, kalsiy glyukonat, kalsiy xlorid, magniy sulfat, natriy xlorid, novokain kabi dorilar mavjud zaxiralar hisobidan yetkazib berilgan bo‘lsa, “Eco Breath”, “Birja Faol Savdo”, “Gold Grown Pharma”, “Maximum Dream” korxonalari tomonidan himoya ko‘zoynagi, tibbiy qo‘lqop, respirator va antiseptik vositalar taqdim etildi.

O‘z navbatida, mamlakatimiz ko‘rsatgan ko‘mak Pokiston jamoatchiligi tomonidan iliq qarshi olindi, ushbu mamlakat ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda.

Xususan, Pokistonning "Diplomatic News Agency" axborot agentligi va "Islamabad Post" gazetasi xabarlarida Islomobodga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan 25 tonnalik gumanitar yordam yetkazilgani ta’kidlanadi.

Nashrlardagi maqolalarda ta’kidlanishicha, yuk birodar Pokiston xalqi uchun mo‘ljallangan va ushbu mamlakat hukumatining koronavirusga qarshi keng ko‘lamli sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash belgisi sifatida taqdim etilgan.

“O‘zbekiston Pokistonni har doim qo‘llab-quvvatlab kelgan va ushbu insonparvarlik aksiyasi ikki davlat xalqlarining samimiy do‘stligi, bir-biriga bo‘lgan ishonchi va hurmatidan dalolat beradi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy aloqalar faol rivojlanmoqda, iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun ishbilarmon doiralar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda”, deya qayd etiladi Pokiston ommaviy axborot vositalarida.

Manba