“Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” vazirlar uchrashuvi to‘g‘risida

2020-yil 12-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov videokonferensaloqa shaklida bo‘lib o‘tgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi.

Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston tashqi siyosat idoralari rahbarlari va YIning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel turli sohalardagi mintaqalararo hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Majlisda so‘zga chiqqan vazir Abdulaziz Kamilov mamlakatimizda koronavirus infeksiyasining tarqalishi va uning salbiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlariga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston tegishli xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan faol hamkorlik qilayotgani, mintaqaviy darajada qo‘shma sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston va YI o‘rtasidagi munosabatlar nuqtayi nazaridan tomonlar so‘nggi yillarda keng ko‘lamli va samarali bo‘lgan yaqin va do‘stona munosabatlar o‘rnatilishini ijobiy baholadilar.

Ustuvor yo‘nalishlarda, jumladan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tuzish orqali O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan muloqotini faollashtirish maqsadi qayd etildi.

Muzokaralarda O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasini qo‘llab-quvvatladi hamda mushtaraklik va barqaror rivojlanishni kuchaytirish maqsadida Toshkentda “Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo” vazirlar konferensiyasini o‘tkazish to‘g‘risidagi O‘zbekiston tashabbusini amalga oshirish muhimligini ta’kidladi. Ushbu tadbir savdo, investitsiya, transport, energetika, raqamlashtirish va boshqa istiqbolli sohalardagi qo‘shma loyihalarni ilgari surishga yordam berishi qayd etildi.

Uchrashuv davomida, shuningdek, Afg‘oniston masalalariga alohida e’tibor qaratgan holda, xalqaro va mintaqa kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.

Manba