YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi: Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini qabul qilish bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatlash – bu O‘zbekistonning o‘sib borayotgan global yetakchiligi

1992 yil 26 fevraldan boshlab O‘zbekiston Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) teng huquqli a’zosiga aylandi. Tashkilot va uning institutlari bilan hamkorlik turli darajalarda amalga oshirilib, ko‘plab masalalar va yo‘nalishlarni qamrab olishi bilan ahamiyatli. O‘zbekiston tashabbusi bilan 1995 yilda Toshkentda YeXHTning Markaziy Osiyo bilan aloqalar bo‘yicha byurosi ochildi. 2006 yil iyun oyida esa byuro YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi idorasiga aylantirildi.

Mamlakatimiz Davlat mustaqilligining 29 yilligini nishonlash arafasida «Dunyo» AA muxbiri YeXHT O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon MakGregor bilan o‘zaro hamkorlik yutuqlari va istiqbollari haqida suhbatlashdi.

–MakGregor janoblari, suhbatimiz O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligini nishonlash arafasida bo‘lib o‘tmoqda. Bu o‘zaro hamkorlikdagi faoliyat sarhisobi uchun ham qulay fursatdir. Aytingchi, so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan YeXHT o‘rtasida hamkorlikning qaysi sohalarida muhim natijalarga erishilmoqda?

– So‘nggi bir necha yilda YeXHT bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar, xususan, 2019 yilda Toshkent va Samarqandga amalga oshirilgan yuqori darajadagi tashriflar samarasida tarixiy jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi. YeXHT amaldagi raisi boshchilik qilgan delegatsiya tarkibiga Bosh kotib va tashkilotga a’zo davlatlarning 20 nafar elchisi kirganini alohida qayd etishni istardim.

Shu bilan birga, O‘zbekiston hukumatining yuqori martabali vakillari mamlakatni YeXHT organlarida, shu jumladan Parlament Assambleyasi, Vazirlar Kengashi va Doimiy Kengashda mamlakatni munosib taqdim etishmoqda. Shunisi e’tiborga loyiqki, Sherzod Asadov Venada O‘zbekistonning YeXHTdagi elchisi va doimiy vakili sifatidagi xizmatining so‘nggi yilida YeXHTning iqtisodiy va ekologik qo‘mitasi raisidek obro‘li lavozimga tayinlangan edi.

O‘zaro munosabatlardagi ijobiy jihatlar O‘zbekistonning YeXHT bilan davlat va jamoat boshqaruvining ko‘plab sohalarida, shu jumladan adliya tizimidagi islohotlar, korrupsiya va transmilliy tahdidlarga qarshi kurash, giyohvand moddalar savdosi, odam savdosi, yangi saylov kodeksini ishlab chiqish, boshqa ko‘plab sohalarda samarali hamkorlik va qo‘shma ishlarni yo‘lga qo‘yishda qulay platformaga aylandi.

– Bugun O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ular YeXHTning umumiy ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilangan maqsadlar va tamoyillarga mos keladi. Bundan tashqari, YeXHT O‘zbekistonning xavfsizlik siyosatini amalga oshirishda, qonun ustuvorligini, ommaviy axborot vositalarining erkinligini ta’minlashda va boshqa sohalarda ishtirok etmoqda. Ushbu sohalarda respublikaning sa’y-harakatlari va yutuqlarini qanday baholaysiz?

– Ba’zan ortga nazar solib, erishilgan yutuqlarni tarixiy nuqtai nazardan baholash men uchun yoqimli. So‘nggi yillarda respublika hayotining barcha jabhalarida qator yutuqlarga erishildi. Bu, shubhasiz, ijobiy siljishni namoyish etadigan iqtisodiyot ko‘rsatkichlaridir. Jahon bankining so‘nggi prognozlariga ko‘ra, pandemiyaga qaramay, YeXHTga a’zo barcha davlatlar orasida faqat O‘zbekistonda 2020 yilda yalpi ichki mahsulot hajmi o‘sishi kutilmoqda. Ushbu ko‘rsatkich barqaror iqtisodiy rivojlanishga yordam beradigan barcha omillar bo‘yicha erishilgan yutuqlarning ajoyib namunasidir.

Xorijiy investorlar kapital qo‘yilmalar rejasini ishlab chiqishda va to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritishda ko‘p jihatlarga, xususan, qonun ustuvorligi, adolat tizimi va so‘z erkinligiga e’tibor qaratadi. Ushbu sohalarda O‘zbekiston katta yutuqlarga erishdi. Iqtisodiyotda, davlat boshqaruvida va umuman jamiyatda xotin-qizlar va yoshlar roli ortib bormoqda. Masalan, yaqinda Oliy Majlisga saylangan xotin-qizlar soni 36 foizni tashkil etdi, bu dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha yuqori. Yoshlar esa 6 foizni tashkil etdi, bu o‘rtacha global ko‘rsatkichdan uch baravarga ko‘pdir.

Yaqinda Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand onlayn forum bo‘lib o‘tdi. Uning ishtirokchilari Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini qabul qilish bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Bu O‘zbekistonning global yetakchiligining o‘sib borayotganiga yana bir misol. "Virtual qabulxona" mexanizmi orqali onlayn murojaat va arizalar topshirish imkoniyati, shuningdek, Xalq qabulxonalari faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston tashabbuslarini butun dunyoda eng yaxshi amaliyot namunasi sifatida namoyish etmoqda.

Albatta, Harakatlar strategiyasida YeXHT majburiyatlariga muvofiq qo‘shimcha e’tibor va islohotlarni davom ettirishni talab qiladigan ko‘plab sohalar mavjud. Ammo tarixiy sharoitda o‘tgan to‘rt yil davomida erishilgan yutuqlar YeXHTga a’zo davlatlar orasidagi noyob natijadir. Tuzilmaning O‘zbekistondagi loyihalari xodimlari ushbu dasturiy hujjatda keltirilgan islohotlarni rivojlantirishda o‘z hissalarini qo‘shish imkoni yaratilganidan mamnun.

– MakGregor janoblari, siz bir necha yildan buyon O‘zbekistonda mehnat faoliyatini olib bormoqdasiz. Ushbu vaqt davomida mamlakatimizning deyarli barcha hududlarida bo‘ldingiz, odamlar bilan o‘zbek tilida muloqotlar olib borib, urf-odatlarimiz bilan yaqindan tanishdingiz. Shu o‘rinda O‘zbekiston, yangi O‘zbekiston haqidagi fikrlaringiz biz uchun qiziqarli?

– O‘zbekistonda yashash va sayohat qilish men uchun katta sharaf. YeXHTning O‘zbekistondagi vakili sifatida ishimni iloji boricha samarali bajarish uchun mamlakatingizda YeXHTning yuqori darajadagi vakili sifatida odamlar bilan yaqin muloqot qilish, tarix, madaniyat, urf-odatlar, oshxona va tilni yaxshi bilishim zarurligini anglayman. Shaxsan men uchun bu yerda faoliyat yuritish va yashash qulay va yoqimli bo‘lmoqda. Mening mamlakat haqidagi to‘laqonli fikrim, umumiy g‘oyam va tushuncham bu yerda o‘z yurtimdagidek qulay yashashga imkon bermoqda.

Sayohatlarim va muloqotlarim davomida men o‘zim uchun oila va yaxshi qo‘shnichilikni o‘zi uchun qadriyat bilgan mehmondo‘st O‘zbekiston xalqini kashf etdim. Odamlarning ulkan intellektual salohiyati mamlakatning boy ilmiy va ma’naviy merosi bilan bevosita bog‘liq. Bu zamin tarixini chuqur o‘rganganim sari Galileydan ko‘ra ilmiy izlanishlari ustunlikka ega hukmdor, olim va astronom buyuk Ulug‘bekka bo‘lgan hurmatim shuncha ortib bordi. Ushbu qudratli ilmiy asos O‘zbekistonga zamonamizning turli sohalarida jahonda yetakchilikni namoyish etish uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilmoqda.

– Mustaqillik kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga bayram tabriklaringiz.

– Shu kunlarda O‘zbekiston xalqi bilan birgalikda muhim sana – mamlakat Mustaqilligining 29 yilligini nishonlash baxtiga muyassar bo‘lmoqdaman.

Barchangizga tinchlik, farovonlik va sog‘lik ilinib, farzandlarimiz, nabiralarimiz – yosh barkamol avlodga umid to‘la porloq kelajak qoldirishimizga tilakdoshman.

Manba