O‘zbekiston hayotida so‘nggi yillarda olamshumul, keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. O‘z navbatida, xalqaro hamjamiyat mamlakat iqtisodiyotining liberallashtirilishi, yaqin va qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro ishonchning mustahkamlanishi yoxud mintaqada barqaror taraqqiyot kafolati bo‘lgan Afg‘onistonni Markaziy Osiyo keng makoni iqtisodiy hayotiga faol integratsiyalashuvini ta’minlashdagi amaliy qadamlarni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nomi bilan bevosita bog‘liq ekanini qayd etmoqda.
Bugun BMT, Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tuzilmalar minbarlaridan O‘zbekistonda inson huquqlari va ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash, majburiy mehnatga chek qo‘yish hamda ochiq siyosat yuritish bo‘yicha erishilayotgan natijalar haqli e’tirof etilmoqda.
Xususan, mamlakat ichidan turib ushbu islohotlar samarasiga bevosita guvoh bo‘layotgan xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi diplomatik missiyalari rahbarlari “Dunyo” AA muxbiri bilan suhbatda mintaqaviy va xalqaro munosabatlarda tub burilish pallasiga aylanayotgan ushbu jarayonlarni quyidagicha baholadi.
Ahmad Holid ELMIY, Afg‘oniston Islom Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi:
— O‘zbek va afg‘on xalqlarini yaqin qo‘shnichilik va azaliy do‘stlik rishtalari bog‘lab turadi. Ana shu jihatlar bugungi kunda ko‘plab masalalar bo‘yicha yaqin muloqotni davom ettirish imkonini bermoqda.
O‘zbekiston o‘z mustaqilligiga erishgan kundan boshlab Afg‘oniston bilan yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. O‘tgan yillar mobaynida bu munosabatlar yuqori darajaga ko‘tarildi va Afg‘oniston Islom Respublikasi o‘zining tashqi siyosatida O‘zbekiston Respublikasi bilan do‘stlik tamoyillarini ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab oldi.
Afg‘oniston Prezidenti ta’kidlaganidek, O‘zbekiston bilan do‘stlik va hamkorlik aloqalari mamlakatning boshqa davlatlar bilan bo‘lgan munosabatlari uchun yorqin namuna bo‘lishi kerak.
Ayni paytda mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy, transport, infratuzilma va boshqa sohalarga oid 30 dan ziyod bitim va shartnoma amal qilmoqda.
Shuningdek, ikki mamlakatning jug‘rofiy joylashuvi, rivojlangan xalqaro transport dahlizlarining mavjudligi va boshqa omillar natijasida o‘zaro savdo aylanmasini 1,5 millard dollarga yetkazish borasidagi ishlar amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oliy darajadagi uchrashuvlari, ularda erishilgan kelishuvlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Afg‘oniston uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan «Surxon-Puli-Xumri» elektr uzatish loyihasi va «Mozori-Sharif – Hirot» yo‘nalishida temir yo‘l qurish loyihalarini amalga oshirishdagi sa’y-harakatlar afg‘on xalqining kelajagiga O‘zbekiston befarq emasligidan dalolat beradi.
Afg‘oniston O‘zbekiston rahbariyatining afg‘on inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish, mamlakatda barqarorlikni ta’minlash, uni mintaqaviy siyosiy va iqtisodiy jarayonlarga integratsiya qilish, afg‘onlararo tinchlik muzokaralarini ilgari surish hamda mintaqaviy kelishuv borasida olib borayotgan siyosatini yuqori baholaydi.
Ibrohim JUNUSOV, Qirg‘iziston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi:
– Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli siyosiy va iqtisodiy islohotlar, mintaqaviy va xalqaro masalalardagi izchil qadamlar natijasida O‘zbekiston jahon maydonida munosib o‘rin egalladi. Mamlakat o‘ziga xos rivojlanish yo‘lini topdi va bu borada qat’iy qadamlar bilan oldinga intilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, mamlakatlarimiz o‘rtasida so‘nggi yillarda o‘zaro sa’y-harakatlar va mushtarak intilishlar asosida mustahkamlangan munosabatlar o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, mustahkam do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan holda nafaqat mamlakatlarimizning, balki Markaziy Osiyo mintaqasining umumiy manfaatlariga xizmat qilmoqda.
Pandemiyaga qaramay, davlat rahbarlari keng ko‘lamli masalalar, jumladan, koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar to‘g‘risida doimiy muloqotlar olib bormoqda.
Qardosh Qirg‘iziston va O‘zbekiston xalqlari mamlakatlar o‘rtasida qaror topgan do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlaridan kelib chiqib, bir-birlariga har doim yordam ko‘rsatib kelgan. Ikki davlat rahbarlari yaqinda bo‘lib o‘tgan telefon orqali suhbat chog‘ida o‘zaro insonparvarlik yordamlari uchun minnatdorlik izhor etdilar.
Qayd etish joiz, Qirg‘iziston – O‘zbekiston hamkorligini yanada mustahkamlash Qirg‘iziston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Hozirgi kunda barcha davlatlararo masalalar o‘zaro manfaatli shartlarda va tomonlarning nuqtai nazarlarini hisobga olgan holda hal qilinmoqda. Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan nafaqat o‘zaro, balki ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor. Tomonlarning Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegaralarini delimitatsiya qilish bo‘yicha olib borgan ishlarida ijobiy dinamika qayd etildi va bu, shubhasiz, Qirg‘iziston va O‘zbekistonning chegaradosh mintaqalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Yaqin kelajakda ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya, Qirg‘iziston va O‘zbekiston Bosh vazirlari ishtirokida chegara xizmatlari rahbarlari kengashining majlisi, shuningdek, Jogorku Kenesh bilan Oliy Majlis o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiya yig‘ilishlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Umumiy sa’y-harakatlarimiz va davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli oliy va yuqori darajadagi uchrashuvlar, aloqalar har tomonlama va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlash zarur. So‘nggi yillarda Qirg‘iziston va O‘zbekiston sa’y-harakatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganini tan olish kerak.
Yaqinda Prezident Sooronbay Jeenbekov aholi bilan uchrashuvi chog‘ida «Uzoq qarindoshdan ko‘ra yaqindagi qo‘shni yaxshiroqdir. Qirg‘iz va o‘zbek xalqlari asrlar davomida yonma-yon, ahil va do‘st bo‘lib yashab kelgan. Ikki mamlakat nafaqat jug‘rofiy jihatdan bir-biriga yaqin, bizda yagona tarix, yagona din, bitta til va o‘xshash an’analar mavjud", - deya qayd etdi.
Qirg‘iziston Prezidenti so‘nggi yillarda ikki davlat nafaqat savdo-iqtisodiy, balki madaniy-gumanitar aloqalarni ham faol rivojlantirayotganini ta’kidladi.
“Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat rahbari sifatidagi faoliyati boshlanishi bilan Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik mustahkamlanmoqda. Biz o‘zaro manfaatli munosabatlarni saqlashga intilamiz, barcha muammolarni birgalikda hal qilamiz. Farzandlarimiz va mamlakatimiz kelajagi uchun qo‘shni davlatlar bilan do‘stlikni mustahkamlash siyosatini davom ettiramiz", - dedi Prezidentimiz Sooronbay Jeenbekov.
Sodiq IMOMIY, Tojikiston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi:
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan konstruktiv ichki va tashqi siyosat tufayli do‘st O‘zbekiston hayotning barcha jabhalarida tub o‘zgarishlar yo‘lida dadil qadam tashlamoqda.
To‘rt yil oldin e’lon qilingan va muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan xalq bilan muloqot tamoyili ushbu islohotlarning jamiyat tomonidan qat’iy qo‘llab-quvvatlanishini ta’minladi. Jamiyatning har bir a’zosi nafaqat rivojlanishning kelajakdagi modeli haqida o‘z fikrlarini bildirish, balki islohotlar jarayonida faol ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Shu sababli bugun ishonch bilan ayta olamizki o‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonda samarali fuqarolik jamiyati institutlari bilan dunyoga ochiq rivojlanayotgan mamlakat sifatida mustahkam platforma shakllandi.
O‘zbekistonning yangi siyosati bizning umumiy uyimiz – Markaziy Osiyoda birgalikdagi madaniy va ma’naviy qadriyatlarimizga, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlariga mos keladigan umumiy imkoniyatlarga asoslangan yangi hamkorlik muhitini shakllantirishga yordam bermoqda.
Biz buni uzoq muddatli istiqbolga yo‘naltirilgan strategik sheriklikka asoslangan Tojikiston – O‘zbekiston munosabatlari muvaffaqiyatli rivojlanayotgani misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon o‘tgan yilgi parlamentga yo‘llagan maktubida o‘zbekistonlik hamkasbining shaxsiy hissasi va rolini alohida ta’kidlab, uning Markaziy Osiyodagi barcha xalqlarning intilishlariga mos keladigan siyosatini yuqori baholadi.
Biz, samimiy do‘stlar va yaxshi qo‘shnilar sifatida birodarlarimizning yutuqlaridan xursandmiz va, o‘z navbatida, ijobiy o‘zgarishlarning ortga qaytmasligini ta’minlash, tarixiy ko‘p qirrali aloqalarimizning gullab-yashnashi uchun ularni yangi imkoniyatlar bilan to‘ldirish uchun barcha imkoniyatni ishga solishga tayyormiz.
Yazguli MAMMEDOV, Turkmanistonning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi:
– Xalqlarimizning azaliy qardoshlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari, shuningdek, umumiy tarix, til, madaniyat, urf-odat va an’analari tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Shu sababli Turkmaniston so‘nggi yillarda qardosh mamlakatda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni xayrixohlik bilan qarshi olmoqda.
O‘zbekiston Respublikasida "ochiq eshiklar" siyosati e’lon qilingani va Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida izchil keng ko‘lamli islohotlar boshlanganidan beri aholi turmush darajasi va iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlarini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilib, mamlakatda misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar ro‘y bermoqda va davom etmoqda.
2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining asosiy qoidalarini amalga oshirishda yuqori sur’atlar mavjudligini alohida ta’kidlashni istardim. Qardosh turkman xalqining vakili sifatida "Obod qishloq", "Obod mahalla", "Har bir oila – tadbirkor", "Yoshlar – bizning kelajagimiz", "Besh tashabbus" kabi muhim dasturlarni amalga oshirish doirasida olib borilayotgan tub islohotlarning ijobiy samaralarini ko‘rish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Ma’lumki, o‘zaro manfaatli hamkorlik va mintaqaviy sheriklikni mustahkamlash Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi siyosat strategiyalarining ajralmas qismi hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasini o‘z tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilashi, shuningdek, davlatning faol mintaqaviy siyosati dunyo miqyosida tobora ko‘proq e’tiborni jalb qilmoqda.
Bugungi kunda ikki davlat rahbarlari – Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kuchli siyosiy irodasi, qardoshlik munosabatlari tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi va mubolag‘asiz aytish mumkinki, o‘zaro manfaatli hamkorlik misli ko‘rilmagan darajada jadal rivojlanmoqda.
Energetika, transport, muhandislik, qishloq va suv xo‘jaligi kabi ko‘plab sohalarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi manfaatli hamkorlikning keng doirasi Turkmaniston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar har qachongidan kuchliroq ekanidan dalolat beradi.
Biz O‘zbekiston bugun jadal rivojlanib borayotganidan chin dildan mamnunmiz. Mamlakatning yanada ravnaq topishi va o‘zbek xalqi farovonligining oshishiga qaratilgan keng ko‘lamli ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning yuksak sur’atlarda davom etayotgani ayni o‘zgarishlar yo‘nalishlaridandir.
O‘zbekiston Respublikasi rahbariyatiga diplomatik vakolatxonamiz faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlagani uchun o‘z minnatdorligimizni bildiraman, mamlakat ravnaqiga qaratilgan barcha ishlarda muvaffaqiyatlar, qardosh o‘zbek xalqiga esa farovonlik, tinchlik va Turkmaniston – O‘zbekiston do‘stligining abadiy bo‘lishini tilayman.
Szyan YaN, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi:
– So‘nggi to‘rt yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida turli sohalarda qisqa, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan ko‘plab strategiyalar, konsepsiyalar va chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo‘lib, ular mamlakatning ulkan salohiyatini ochib berdi.
Biz mamlakatda jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning guvohi bo‘lmoqdamiz, tashqi dunyoga ochiqlik oshmoqda, O‘zbekistonning mintaqadagi va umuman dunyodagi o‘rni va mavqei sezilarli darajada mustahkamlanmoqda.
Ta’kidlash joiz, so‘nggi yillarda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning strategik rahnamoligi ostida Xitoy – O‘zbekiston munosabatlari jadal rivojlanmoqda.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi epidemiyaga qarshi hamkorlik aloqalarimiz yuksak darajada ekanini yana bir bor namoyish etdi. Biz bir-birimizga ma’naviy va gumanitar yordam ko‘rsatdik.
Bir guruh xitoylik tibbiyot xodimlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Mingga yaqin xitoylik mutaxassis qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va mamlakat iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga ko‘maklashish uchun charter reyslarda O‘zbekistonga keldi.
Vabo bilan yonma-yon turib kurashayotgan xalqlarimiz har qanday qiyinchiliklarni albatta yengib, yakuniy g‘alabani qo‘lga kiritishiga va do‘stona munosabatlarimiz mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi uchun yanada mazmunli va chuqurroq bo‘lishiga ishonchimiz komil.
Eduards Stiprays, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari, elchi:
- Men O‘zbekistonda 2016 yil sentyabr oyida faoliyatimni boshlaganimda, ko‘p jihatdan tashqi dunyodan himoyalangan davlatni ko‘rgan edim. Ishlash usullari ham ilg‘or emasdi.
Ammo so‘nggi to‘rt yil davomida biz mamlakatda amalga oshirilayotgan olamshumul voqealar va keng ko‘lamli o‘zgarishlarni kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdamiz. Biz O‘zbekistonda davlat institutlarini bosqichma-bosqich demokratlashtirish jarayonini amalda ko‘rib turibmiz. Fuqarolik jamiyati sohasida bu o‘zgarishlar asosan inson huquqlarini ta’minlashga taalluqli bo‘lmoqda. Shuni ta’kidlash kerakki, avvallari ushbu mavzu haqida gapirilmas edi. Endi esa uni ochiq va erkin muhokama qilish, mavjud muammolarga amaliy yechimlar taklif qilish mumkin. Menimcha, bu juda va juda muhimdir.
Davlat idoralari va vazirliklarda o‘rta boshqaruv darajasidagi xodimlarga ko‘proq vakolatlar berilayotgani haqida ham to‘xtalish kerak. Shuningdek, hududlardagi ishlarni jonlantirish uchun ularning ham vakolatlari oshirilayotgani e’tiborga molik. Bu jarayonlar hali davom etadi.
Biz iqtisodiyotni liberallashtirish jarayonini kuzatmoqdamiz, qishloq xo‘jaligidagi ulkan islohotlarni ko‘rmoqdamiz. Yevropa Ittifoqi mazkur o‘zgarishlarga, jumladan, qishloq xo‘jaligini byudjet tomonidan bevosita qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida ham ko‘mak bermoqda.
Shu o‘rinda faoliyatim doirasida e’tiborimni tortgan yana bir jihatga to‘xtalmoqchiman.
Men mamlakatga endi kelgan paytlarim O‘zbekiston mas’ul xodimlari bilan muloqot qilish juda ham rasmiy tusda yo‘lga qo‘yilgan edi. Masalan, har qanday ma’lumot almashinuvi faqat diplomatik notalar yordamida amalga oshirilardi. Shu bois 2017 yilning o‘rtalarida bir vazirlik rahbarining o‘rinbosaridan elektron pochta manzili va mobil telefon raqami ko‘rsatilgan tashrif qog‘ozini olganimda men juda ham katta hayratga tushgan edim.
Xalq manfaatlari yo‘lidagi loyihalarni amalga oshirishga yordam berishimiz mumkin bo‘lgan mas’ul xodimlar bilan bevosita hamkorlik qilishda katta yutuqlarga erishdik. Bugun rasmiy ruxsatni kutmasdan har qanday masalani to‘g‘ridan-to‘g‘ri muhokama qilishimiz mumkin bo‘layapti. Bu esa birgalikdagi ishlar samaradorligini oshirishga katta imkoniyatlar ochmoqda.
Pandemiya sharoitida bunday munosabatlar o‘zining dolzarbligini namoyish etdi. Eski ish uslublari bilan bugun ko‘plab amaliy masalalarga yechim topib bo‘lmasdi. Yangi sharoitlarda esa biz to‘g‘ridan-to‘g‘ri, shu jumladan videokonferensiyalar orqali bog‘lanish imkoniyatiga ega bo‘layapmiz.
Bugun O‘zbekiston bilan kengaytirilgan sheriklik va hamkorlikka oid shartnoma bo‘yicha muzokaralar aynan shu tarzda o‘tmoqda. Biz O‘zbekiston va jahondagi pandemiya oqibatida yuzaga kelgan cheklovlarga qaramasdan turli masalalarni tezkorlik bilan hal qilish uchun zarur ko‘nikmalarga ega bo‘ldik.
Men Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston bilan kelgusidagi hamkorligiga katta ishonch bilan boqaman. Yevropa Ittifoqining yangi byudjeti amalga oshiriladigan navbatdagi yetti yil davomida O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasida birgalikda ko‘plab loyihalarni hayotga tadbiq qilamiz.
Va, albatta, men O‘zbekistonning janubiy qo‘shnisi Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va iqtisodiyotni qayta tiklash jabhasidagi hamkorligimizga katta umid bilan qarayman. Ushbu mamlakatda yaqin kelajakda, albatta, tinchlik va osoyishtalik qaror topadi.