Uning so‘zlariga ko‘ra, geosiyosiy beqarorlik va ta’minot zanjiridagi noaniqlik ta’siri tobora sezilarli bo‘lib borayotgan hozirgi davrda mazkur tadbir o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha mavhum muzokaralarni aniq strategiyaga aylantirib, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida mintaqaviy muvofiqlashuv uchun noyob maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Shu nuqtai nazardan, Sulaymon ibn Shoh ishonch, o‘zaro bog‘liqlik va hamkorlik mintaqaviy barqarorlikning muhim tarkibiy qismlari ekanini alohida qayd etdi. Markaziy va Janubiy Osiyo demografik, iqtisodiy va geografik jihatdan bir-birini to‘ldiradi. Muvofiqlashtirilgan hamkorlik strategik mustaqillikni mustahkamlab, tashqi ta’sirlardan himoyalaydi va barqaror o‘sishga yordam beradi.
Shu bois, Yevroosiyo chorrahasida joylashgan Termizda bo‘lib o‘tadigan ushbu muloqot mintaqalararo munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish uchun aniq yechimlar va yangi qarashlarni ilgari surish imkonini beradi.
Muhammad Sulaymon ibn Shohning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda kuzatilayotgan ijobiy tendensiyalar, shu jumladan mintaqaviy hamkorlik va o‘zaro ishonchning mustahkamlanishi Janubiy Osiyo bilan yanada yaqin hamkorlik qilish uchun qulay sharoitlar yaratdi.
— Markaziy Osiyoda raqobatdan hamkorlikka o‘tilgani Janubiy Osiyo bilan sheriklikni chuqurlashtirishga turtki bermoqda. Bunday birdamlik o‘zaro ishonchni mustahamlab, har ikki tomon uchun ham foydali bo‘lgan mintaqalararo loyihalarni amalga oshirish yo‘lidagi to‘siqlarni kamaytirmoqda, – deydi afg‘onistonlik mutaxassis.
Uning fikricha, O‘zbekiston bu jarayonda alohida o‘rin tutadi. Xususan, bugungi kunda Toshkent konseptual ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etib, ushbu jarayonda diplomatik yetakchilik va mintaqaviy rivojlanishga izchil intilayotganini namoyon etmoqda.
Muhammad Sulaymon ibn Shoh Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi bog‘liqlik xususida gapirar ekan, “CASA-1000, “TAPI” va Transafg‘on yo‘lagi kabi loyihalar infratuzilma ob’ektlari bo‘libgina qolmay, mintaqadagi ishonchni mustahkamlash uchun samarali maydon bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.
Ekspert mintaqalararo aloqalarni kuchaytirishda Afg‘onistonning o‘rniga alohida e’tibor qaratdi. “Bu mamlakat geografik markaz bo‘lib, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha hech bir loyiha uning ishtirokisiz muvaffaqiyatli amalga oshirila olmaydi”, - dedi ekspert.
Eslatib o‘tamiz, “Tinchlik, do‘stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish” mavzusidagi Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining birinchi yig‘ilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etilmoqda.
Ushdu xalqaro anjuman Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa, MDH, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Amerika, Yaqin Sharq mamlakatlaridan 200 nafarga yaqin ishtirokchilarni bir joyga jamlaydi. Ular orasida siyosiy-iqtisodiy soha, ishbilarmon doira vakillari, moliyaviy institutlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning mutaxassislari, jahon tahliliy va ilmiy-tadqiqot markazlarining yetakchi ekspertlari bor.
Oldingisi
Rossiya Fanlar akademiyasi Primakov nomidagi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar institutining Markaziy Osiyo bo'yicha sektori rahbari Stanislav Pritchin (Rossiya) "Dunyo" AA uchun intervyusida 19-may kuni Termizda boshlanadigan "Tinchlik, do'stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish" mavzusidagi Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro bog'liqlik bo'yicha...
19.05.2025