BMT bosh kotibining o'rinbosari – Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkov "Dunyo" AA uchun intervyusida 2024 yilda O'zbekiston bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar yakunlarini sarhisob qildi:
– O'tgan yili BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi va O'zbekiston o'rtasidagi hamkorlik mintaqaviy hamda global miqyosda xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qilgan muhim yutuqlar bilan ajralib turdi.
Men O'zbekistonga terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi va BMTning butun tizimiga terrorizmga qarshi kurash masalalari bo'yicha ko'rsatilayotgan doimiy yordam uchun minnatdorlik bildiraman.
2023-yilning 5-dekabr kuni BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi va O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat BMTning Global aksilterror strategiyasi va Markaziy Osiyo bo'yicha Qo'shma harakatlar rejasini amalga oshirishga qaratilgan o'zaro hamkorlikning yangi bosqichini belgilab berdi. Shuningdek, ushbu memorandum mintaqadagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim asos bo'ldi.
Joriy yilning may oyida Toshkent shahriga tashrifim chog'ida kelishilgan BMT va O'zbekiston Respublikasining "yo'l xaritasi" doirasida ko'plab samarali ishlar amalga oshirilganini mamnuniyat bilan qayd etaman. O'zbekiston Markaziy Osiyo uchun terrorizmga qarshi erta ogohlantirish tarmog'ida faol ishtirok etmoqda.
O'tgan yili, shuningdek, 2021-2026-yillarga mo'ljallangan Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo'yicha Milliy strategiyani amalga oshirish borasidagi sa'y-harakatlarga alohida e'tibor qaratildi. BMT ko'magida Kiberxavfsizlik va rivojlanayotgan texnologiyalar bo'yicha global dastur doirasida hamkorlik yo'lga qo'yildi.
O'zbekiston Markaziy Osiyo mintaqaviy ekspertlar kengashi orqali qaytganlarni reabilitatsiya qilish va reintegratsiya qilish sohasidagi milliy tajribani faol o'rtoqlashmoqda. May oyida Toshkent shahrida bo'lib o'tgan hududiy ekspertlar kengashining birinchi yig'ilishi muhim voqea bo'ldi. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan bunday kengashni tashkil etish tashabbusi Markaziy Osiyo barqarorligi va xavfsizligiga ijobiy ta'sir ko'rsatib, mintaqada muloqot va hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochdi.
Bundan tashqari, joriy yilning dekabr oyida O'zbekiston hukumati, BMTning Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi va BMTning Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazi tashkilotning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida Reabilitatsiya va reintegratsiya bo'yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy kengashi faoliyatiga bag'ishlangan brifing o'tkazdi. Mazkur tadbir hududiy ekspertlar kengashi va uning tematik ishchi guruhlari faoliyati va yutuqlarini taqdim etish, shuningdek, qaytganlarni reabilitatsiya qilish va reintegratsiya qilish sohasida mintaqaviy sa'y-harakatlar va hamkorlikni yanada mustahkamlash imkoniyatlarini muhokama qilish imkonini berdi.
Joriy yilda "Terrorchilik harakatiga qarshi kurashish" dasturi doirasida salohiyatni oshirish bo'yicha tadbirlar ham amalga oshirildi. Treninglar, seminarlar va mintaqaviy muloqotlarni o'z ichiga olgan qo'shma tashabbuslar mintaqa davlatlarining transchegaraviy tahdidlarga qarshi turish va ishonchni mustahkamlash choralarini kuchaytirish salohiyatini oshirishga xizmat qildi.
O'zbekistonning sa'y-harakatlari Markaziy Osiyoda xavfsizlikni mustahkamlash va davlatlararo hamkorlikni rivojlantirish uchun katalizator bo'lib xizmat qilishda davom etmoqda. O'zbekiston rahbariyatiga mintaqada terrorizmga qarshi kurashish va zo'ravon ekstremizmning oldini olish bo'yicha birgalikdagi harakatlarga sodiqligi uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. Ishonchim komilki, samarali hamkorligimiz mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash yo'lida bundan keyin ham sezilarli natijalar beradi.