Vladimir Voronkov: Xalqaro muammoni hal qilishda ko‘p tomonlama, kreativ, konstruktiv yondashuv uchun men faqat O‘zbekiston Respublikasini tabriklashim va minnatdorchilik bildirishim mumkin

Joriy yilning 10-dekabr kuni BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida qurolli mojaroli hududlardan qaytarilgan shaxslarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha Mintaqaviy ekspertlar kengashining faoliyatiga bag‘ishlangan yuqori darajali brifing tashkil etildi.

BMT Bosh kotibi o‘rinbosari – Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkov:

- Bugungi tadbirda O‘zbekiston qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish bo‘yicha o‘z yondashuvlarini taqdim etdi.

O‘zbekiston ushbu murakkab masalaga e’tiborni qaratish bo‘yicha BMTda yetakchilik rolini o‘z zimmasiga olganidan juda xursandman. Mamlakatda ushbu muammoni hal etish bo‘yicha boy tajriba mavjud, mahalliy hokimiyat organlari faoliyati juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, odamlarni normal hayotga qaytarishda psixologik jarohatlarni yengib o‘tishda oilaning imkoniyatlaridan foydalanish amaliyoti yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

Bu mavzu O‘zbekiston uchun, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari uchun juda dolzarb ekanini tushunaman. Fuqarolar ham inson huquqlari, ham insoniy yondashuv nuqtayi nazaridan og‘ir vaziyatga tushib qoldilar, bu fuqarolarni normal hayotga qaytarish davlatning muhim vazifalaridan biridir. Prezident Shavkat Mirziyoyev menga suhbatlardan birida aynan shu haqda gapirib, bu masala uning ustuvor vazifalaridan ekanini ta’kidladi.

Yana bir muhim jihatni ta’kidlamoqchiman. Bugungi yig‘ilish Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari Mintaqaviy ekspertlar kengashi doirasida reabilitatsiya va reintegratsiya mavzusida birgalikda ishlashga tayyor ekanliklarini ko‘rsatdi. Bundan tashqari, Kengashda juda to‘g‘ri amaliyot - raislik o’zgarishi yo’lga qo’yilgan. Kelgusi yilda Qozog‘iston O‘zbekistondan raislikni qabul qiladi va bu muhim ishni davom ettiradi.

Muhim xalqaro vazifani hal etishga bunday ko‘p tomonlama, kreativ, konstruktiv yondashuv uchun O‘zbekiston Respublikasini faqat tabriklab, tashakkur bildirishim mumkin.

Ma’lumot uchun: Brifing SMTI va O‘zbekistonning BMTdagi Doimiy vakolatxonasi tomonidan BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi va BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi ko‘magida o‘tkazildi.

Brifingda BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Vladimir Voronkov, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha Mintaqaviy markazi rahbari Kaha Imnadze, BMT Bosh kotibi yordamchisi Haled Hiari, BMT Aksilterror markazi direktori Mauro Miediko, BMTning terrorizm bo‘yicha sobiq maxsus ma’ruzachisi, Minnesota universiteti (AQSH) professori Fionnuala Ni Aolayn, BMT huzuridagi Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining (XQXQ) doimiy kuzatuvchisi Letitsiya Kurtua, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari diplomatik missiyalari rahbarlari so‘zga chiqdi.