SMTIda Pokiston Elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2026-yil 21-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Ahmad Faruq bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston-Pokiston hamkorligining joriy holati va istiqbollari, shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi muzokaralar kun tartibini tayyorlash va mazmunini boyitish masalalari muhokama qilindi.

Bugungi kunda O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani va barqaror ijobiy sur’at bilan rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Ikki tomonlama hamkorlik keng ko‘lamli yo‘nalishlarda izchil rivojlanib, aniq amaliy mazmun bilan boyib borayotgani qayd etildi.

So‘nggi paytlarda O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari yangi sur’at kasb etganiga alohida e’tibor qaratildi. Bu holat asosan ikki davlat strategik manfaatlarining uyg‘unligi, davlat rahbarlari o‘rtasidagi yuqori darajadagi ishonchli va samarali aloqalar, shuningdek, doimiy va tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan siyosiy muloqotning mavjudligi bilan izohlanadi.

Uchrashuvda ikki mamlakatning yetakchi tahlil va tadqiqot markazlari o‘rtasidagi muntazam aloqalarni davom ettirish va kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. Ikki tomonlama hamkorlikning ekspertlar ko‘magini shakllantirish, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar bo‘yicha o‘zaro kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish, shuningdek, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga ko‘maklashishda "aql markazlari" muhim o‘rin tutayotgani qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston-Pokiston munosabatlarining rivojlanishiga qo‘shimcha sur’at berishga qaratilgan qator qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish, shu jumladan ekspert va tahliliy muloqotni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.