Akramjon Ne’matov: Ichki barqarorlikni mustahkamlash, barqaror tashqi muhitni shakllantirish xavfsizlik va farovonlikni ta’minlashning garovidir

Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov “Geosiyosiy va geoiqtisodiy o‘zgarishlarning mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va mojarolarning oldini olishga ta’siri” mavzusidagi VI xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi. 

Panel sessiyani olib borar ekan, ekspert hozirgi geosiyosiy vaziyatga batafsil to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, "...dunyo ayni paytda chuqur murakkab inqirozni boshdan kechirmoqda. Xalqaro munosabatlar tizimi uzoq davom etayotgan noaniqlik davriga qadam qo‘ydi. Biz ishonch va ko‘p tomonlama muloqot yetishmasligi, mafkuraviy qarama-qarshilik tobora kuchayib, global xavfsizlik institutlarining roli pasayib borayotganligining guvohi bo‘lmoqdamiz". SMTI vakili so‘zida davom etar ekan, “dunyo qaytadan jahon iqtisodiyoti parchalanishi va bozor o‘zgaruvchanligi bilan birga kechayotgan siyosiy-iqtisodiy bloklarga bo‘lindi. Vaziyatni iqlim o‘zgarishi, suv va tabiiy resurslar yetishmasligi, energetika, oziq-ovqat va kiberxavfsizlik kabi boshqa global muammolar yanada og‘irlashtirmoqda" deya ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur omillarning barchasi iqtisodiy nomutanosiblikka, ijtimoiy-siyosiy keskinlikning kuchayishiga, oqibatda esa nafaqat an’anaviy, balki, an’anaviy bo‘lmagan tahdidlarning ham kuchayishiga olib keladi. Natijada proteksionizm chora-tadbirlarining kiritilishi, o‘rnatilgan logistika va ishlab chiqarish aloqalarining buzilishi, jahon xo‘jalik tizimi faoliyati asoslariga putur yetkazuvchi bir tomonlama sanksiyalar rejimidan foydalanish kuzatiladi. Ekspertning fikriga ko‘ra, bu holatlar transport va logistika xizmatlari qimmatlashgan, energiya va oziq-ovqat resurslari narxlari oshib borayotgan, texnologiyalar va investitsiyaviy-moliyaviy vositalardan foydalanishda qiyinchiliklar mavjud bo‘lgan Markaziy Osiyoda ancha yaqqol sezilmoqda. “Bunday murakkab va jadal o‘zgarib borayotgan sharoitda ishonchni tiklash, konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yish, hozirgi zamonning yangi chaqiriqlariga qarshi kurashda harakatlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarni amalga oshirish nihoyatda zarur bo‘lib bormoqda”, deb ta’kidlaydi A.Ne’matov. 

Shu nuqtai nazardan ekspert Markaziy Osiyo xavfsizligi va barqaror rivojlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan muhim omillar sifatida xizmat qiladigan bir nechta asosiy yo‘nalishlarni belgilab berdi. 

Ularga quyidagilar kiradi: 

1. Davlatlar mudofaa salohiyatini oshirayotgan bir vaqtda barcha- siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda ichki barqarorlikni mustahkamlash; 

2. Markaziy Osiyoni birlashtirish orqali barqaror tashqi muhitni shakllantirish, uning sub’ektivligi, raqobatbardoshligini mustahkamlash, xalqaro munosabatlarning turli ishtirokchilari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikka ochiqlikni saqlash; 

3. Mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni muvofiqlashtirish va shiddat bilan o‘zgarib borayotgan voqeliklarga moslashish choralarini birgalikda ishlab chiqish uchun turli maydonlarda ko‘p tomonlama hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash; 

4. Ilmiy, ekspert va kasbiy salohiyatni birlashtirish va umumiy bog‘liqlik jihatlarini topish uchun siyosatshunoslar, olimlar va tahlilchilarni jalb etgan holda ko‘p tomonlama va keng qamrovli muloqotni ilgari surish; “Ixtiyorimizda bo‘lgan ob’ektiv ustunliklardan to‘liq ravishda foydalanish, yuzaga kelayotgan muammolarni yangi imkoniyatlarga aylantirish imkonini beradigan ichki zaxiralarni to‘liq ishga solish zarur”, deya so‘zini yakunladi A.Ne’matov. Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi tomonidan YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan birgalikda har yili o‘tkaziladi.

Tadbirda siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot va xalqaro hamkorlik sohasidagi davlat va nodavlat idoralari rahbarlari, xalqaro ekspertlar, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi elchixonalarida akkreditatsiyadan o‘tgan harbiy attashelar (jami 80 nafarga yaqin kishi) ishtirok etdi.

Manba