O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi 24-sentabr kuni Cho‘lpon-Ota shahrida bo’lib o’tgan O‘zbekiston-Qirg‘iziston ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.
SMTI va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy strategik tashabbuslar instituti hamkorlikda tashkil etgan tadbirda O‘zbekiston va Qirg‘izistonning ekspert-tahliliy va ilmiy-akademik doiralari vakillari ishtirok etdi. Taklif etilgan mehmonlar qatorida Ozarbayjon xalqaro munosabatlarni tahlil qilish markazi mutaxassislari ham ishtirok etishdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston-Qirg‘iziston Ekspertlar kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi Memorandum joriy yilning 30-iyulida imzolangan edi. Kengashning tashkil etilishi 18-19 iyul kunlari boʻlib oʻtgan oliy darajadagi Oʻzbekiston-Qirgʻiziston sammiti yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni ekspertlar tomonidan amaliy qoʻllab-quvvatlanishining muhim mexanizmiga aylandi.
Ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishining asosiy kun tartibi Prezident Sadir Japarovning yaqinda O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlarini muhokama qilish, shuningdek, yaqin kelajakda ekspertlar o‘zaro hamkorligining yangi yo’nalishlarini izlash kabi masalalardan iborat bo‘ldi.
SMTI direktori Eldor Aripov so’zining boshida O‘zbekiston va Qirg‘iziston rahbarlarining sammiti ko‘p jihatdan ahamiyatli ekanini ta’kidladi.
Siyosiy muloqotga tizimli va muntazam tus berish maqsadida Davlatlararo kengashni tuzish toʻgʻrisida muhim qaror qabul qilinganligi qayd etildi.
Uning soʻzlariga koʻra, energetika, transport, yengil sanoat kabi strategik muhim sohalarda uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishildi.
Eldor Aripov ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishdagi ijobiy dinamikaga alohida toʻxtaldi. Uning soʻzlariga koʻra, davlat rahbarlari oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini ikki baravar oshirish maqsadida 2024-2030-yillarga moʻljallangan, poytaxtlarda savdo uylarini tashkil etish, shuningdek, eksport-import kontraktlari portfellarini shakllantirishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini qabul qilishdi.
Shu bilan birga, SMTI vakili bugungi kunda ikki mamlakat fuqarolari o’zaro hamkorlikning intensiv va progressiv xarakterini his qilib, undan real foyda olayotganini alohida taʼkidladi.
Jumladan, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston chegarasida yana ikkita – Namangan va Jalolobod viloyatlarini bogʻlovchi “Uchqoʻrgʻon-Kensay” chegara bojxona postlari (kuniga oʻrtacha 10 ming kishi, 500 dan ortiq yuk va 300 dan ortiq yengil avtomobillar harakatlanishi mumkin), shuningdek, 2010 yildan beri yopilgan Andijon va O‘sh viloyatlarini bog‘laydigan “Qorasuv-Korasuu” (kuniga o‘rtacha 12 ming kishi harakatlanishi mumkin).
SMTI direktorining soʻzlariga koʻra, ikkinchisining ochilishi Qirgʻiziston fuqarolari uchun katta qulaylik yaratmoqda. Misol uchun, agar ilgari O‘shdan Jalolobod viloyatiga Qirg‘iziston Respublikasi hududidan o‘tuvchi yo‘nalish 120 km bo‘lgan bo‘lsa, endilikda O‘zbekiston hududidan tranzit o‘tish hisobiga atigi 19 kmgacha qisqartirilishi mumkin.
Oʻz navbatida, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy strategik tashabbuslar instituti direktori Sanjar Mukanbetov taʼkidlaganidek O'zbekiston-Qirg'iziston munosabatlari hozirda misli ko'rilmagan cho'qqida. Mutaxassisning fikricha, oʻrnatilgan ittifoq, davlat rahbarlarining samimiy va ishonchli munosabatlari tufayli erishilgan yutuqlarni asrab-avaylash va yanada oshirish nihoyatda muhim.
Suhbat chog‘ida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning keyingi istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashdilar. Xususan, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va iqtisodiyotlarni bir-birini to‘ldirish masalalarini yanada chuqurroq o‘rganish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzbek-qirgʻiz oʻzaro hamkorligini rivojlantirish uchun yangi yo‘nalishlar va drayverlarni izlash bo‘yicha muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Shu maqsadlarda Ekspertlar kengashining 2025 yilga mo‘ljallangan ish rejasi imzolandi.
Ushbu rejada qoʻshma tadbirlarda ishtirok etish, Markaziy Osiyo ekspertlar forumining boʻlajak 8-yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan boshqa istiqbolli yoʻnalishlarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan.