SMTI delegatsiyasi Bokuda TDT tahliliy markazlari yig‘ilishida ishtirok etdi

SMTI direktori o‘rinbosari Shafoat Nurullayeva boshchiligidagi delegatsiya 29-sentyabr kuni Bokuda o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) tahliliy markazlarining navbatdagi 11-yig‘ilishida ishtirok etdi.

Ozarbayjon xalqaro munosabatlarni tahlil qilish markazi tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkiya va Vengriyaning yetakchi "aql markazlari"ning taniqli vakillari ishtirok etdi.

Ochiq munozaralar doirasida forum ishtirokchilari turkiy davlatlar o‘rtasidagi siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlarning rivojlanish dinamikasini muhokama qildilar.

TDT doirasida amalga oshirilayotgan "O‘rta yo‘lak", "Turkiy investitsiya jamg‘armasi" va "TDT Taraqqiyot banki" kabi strategik loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

SMTI direktori o‘rinbosari Shafoat Nurullayeva tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari haqida nutq so’zladi. Uning qayd etishicha, hamkorlikning yangi bosqichida savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport va iqtisodiyotni raqamlashtirish eng istiqbolli sohalar hisoblanadi.

Ekspert O‘zbekistonning Tashkilot doirasida o‘zaro savdoni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratayotganini ta’kidlab o‘tdi. Bugungi kunda TDT davlatlari birgalikda Xitoy va Rossiyadan keyin mamlakatning uchinchi eng muhim tashqi savdo hamkori hisoblanadi. 2024-yilda o‘zaro savdo hajmi 10 milliard dollarga yaqinlashdi, bu esa O‘zbekiston umumiy tashqi savdo aylanmasining 15 foizini tashkil etadi.

Ushbu ijobiy dinamikani saqlab qolish va tezlashtirish uchun, mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslarini hayotga tatbiq etish muhimdir. Savdo operatsiyalarini soddalashtiradigan va tezlashtiradigan "TURK-TREYD" onlayn platformasini yaratish, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi ayirboshlashning o‘sishiga hissa qo‘shadigan savdoni kengaytirish bo‘yicha Amaliy dasturni qabul qilish shular jumlasidandir."

SMTI ekperti o‘zaro hamkorlikning keyingi yo‘nalishi sifatida sanoat kooperatsiyasini alohida qayd etdi. O‘zbekiston bu sohani rivojlantirishni faol rag‘batlantirishi va TDTga a’zo davlatlar kapitali ishtirokida yangi korxonalar tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlashi qayd etildi. 2025-yilga kelib, bunday korxonalar soni 4 mingtaga yaqinlashib, 2019-yilga nisbatan 60 foizga ko‘paydi. Shuningdek, bu kompaniyalarning ulushi mamlakatdagi xorijiy kapital ishtirokidagi barcha korxonalarning taxminan 20 foizini tashkil etmoqda.

Transport sohasidagi hamkorlikka ham alohida urg‘u berildi. SMTI vakilining so‘zlariga ko‘ra, turkiy davlatlar jahon iqtisodiyotida o‘zining tranzit ahamiyatining barqaror o‘sishini namoyish etmoqda. "O‘rta yo‘lak" orqali yuk tashish hajmi 2024-yilda 4,5 million tonnani tashkil etib, 2020-yilga nisbatan qariyb 6 barobar oshgani buning yaqqol tasdig‘idir. Ekspertning ta’kidlashicha, bunday dinamika boshqa infratuzilma loyihalari, jumladan, "Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston" temir yo‘lining strategik zarurligini ko‘rsatadi.

Tadbir davomida turkiy davlatlar ekspertlari va TDT Kotibiyati vakillari O‘zbekistonning tashkilotni mustahkamlashdagi muhim rolini e’tirof etdilar. Ularning fikricha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari umumturkiy makonda davlatlararo aloqalarni chuqurlashtirish uchun kuchli turtki bo‘lmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekiston TDT transformatsiyasi jarayonining asosiy ishtirokchilaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.

Uning hissasi nafaqat tashkilotning konseptual-huquqiy bazasini mustahkamlashda, balki institutsional-tashkiliy mexanizmlarni takomillashtirishda ham namoyon bo’lmoqda. Tadbir ishtirokchilari Toshkent Tashkilotga a’zo barcha davlatlar uchun o‘zaro manfaatli masalalar muhokama qilinadigan muhim muloqot maydoniga aylanib borayotganini e’tirof etdilar.