Joriy yilning 14-16 fevral kunlari Germaniyada "Ko‘p qutblilik" shiori ostida 61-Myunxen xavfsizlik konferensiyasi bo’lib o’tdi.
Har yilgi jahon forumi 60 ga yaqin davlat va hukumat rahbarlari, 150 dan ortiq tashqi ishlar hamda mudofaa vazirlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar rahbarlarini to‘pladi. Konferensiyada jami 800 dan ziyod kishi, jumladan, ekspertlar, biznes va nodavlat tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov Myunxen konferensiyasi doirasida o‘tkazilgan "Kaspiy muammosi: Yevroosiyo xavfsizligida iqlim va mojarolarni qayta ko‘rib chiqish" ("Caspian Conundrum: Rethinking Climate and Conflict in Eurasian Security") mavzusidagi tadbirda asosiy ma’ruzachi sifatida ishtirok etdi. U o‘z nutqida asosiy e’tiborni bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasi duch kelayotgan iqlim muammolariga qaratdi.
Ekspert mintaqaning iqlim o‘zgarishlariga eng zaif hududlardan biri ekanligini ta’kidladi. So‘nggi 30 yil ichida bu yerda harorat jahon bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan ikki barobar tezroq ko‘tarilib, Selsiy shkalasi bo‘yicha 1,5 darajaga oshgan. Bu vaqt ichida global harorat ko‘rsatkichi esa 0,7 darajani tashkil etgan.
Shu munosabat bilan E.Aripov iqlim o‘zgarishlari Markaziy Osiyo davlatlari uchun jiddiy xavf tug‘dirayotganini ta’kidladi. U asosiy omillar sifatida yerlarning jadal degradatsiyasi (hududning 37 foizi zarar ko‘rgan), muzliklarning intensiv erishi (ularning hajmi so‘nggi 50-60 yil ichida 30 foizga kamaygan) va suv tanqisligining kuchayishini ta’kidladi. Mintaqa aholisining 2050-yilga kelib 100 million kishigacha o‘sishi kutilayotgani vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Jahon banki prognoziga ko‘ra, ushbu omillarning umumiy ta’siri mintaqada qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligining 30 foizga pasayishiga olib kelishi mumkin.
SMTI direktori ta’kidlashicha, bu jiddiy muammolarga qaramay, Markaziy Osiyo mamlakatlari uzoq vaqt davomida ekologik muammolarni birgalikda hal etish uchun birlashishga tayyor bo‘lmagan edi. Biroq bugun vaziyat tubdan o‘zgardi: shubha-gumonlar va nosog‘lom raqobat o‘rnini ishonch, o‘zaro tushunish va mintaqaning umumiy muammolariga birgalikda yechim izlashga intilish egalladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida "qo‘shnilar bilan muammosiz munosabatda bo‘lish" tamoyilini e’lon qilgan O‘zbekistonning yangi tashqi siyosiy kursi bu borada salmoqli rol o‘ynagani ta’kidlandi. Bu mintaqani jipslashtirishning asosiy omili bo‘lib, davlatlararo hamkorlikning noyob modelini shakllantirishga xizmat qildi.
Eldor Aripov iqlim o‘zgarishi va suv resurslari taqchilligi kabi masalalar bugungi kunda mintaqaviy hamkorlikni rag‘batlantiruvchi asosiy omil ekanligini ta’kidladi. Mintaqada iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha harakatlarni samarali muvofiqlashtirish maqsadida suv-iqlim muloqoti yo‘lga qo‘yildi, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) tashkil etildi, Markaziy Osiyo uchun "Yashil kun tartibi" mintaqaviy dasturi tasdiqlandi hamda iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha mintaqaviy strategiya qabul qilindi.
Shu bilan bir qatorda, mamlakatlar xalqaro maydonlarda o‘z harakatlarini muvofiqlashtirmoqda. BMTning Dubaydagi iqlim sammiti doirasida Markaziy Osiyoning barcha davlatlari ishtirokida "5 mamlakat - 1 hudud - 1 ovoz" nomli Markaziy Osiyo mintaqaviy pavilioni tashkil etildi. U mintaqaning yagona ovozini ilgari surishga xizmat qildi.
E.Aripov milliy miqyosda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar haqida gapirar ekan, O‘zbekiston o‘z oldiga strategik maqsad - resurslarni tejaydigan, "yashil" rivojlanish modeliga o‘tish orqali ekologik barqarorlik va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashni qo‘yganini ta’kidladi.
Uning aytishicha, bu yo‘nalishda sezilarli natijalarga erishilgan. Mamlakatda sug‘oriladigan yerlarning qariyb 2 million gektarida suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etilgan bo‘lib, bu qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan maydonlarning 46 foizini tashkil etadi. Bundan tashqari, so‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonda 9,6 gigavattlik zamonaviy energiya quvvatlari ishga tushirildi. 2030-yilga kelib, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 16 foizdan 54 foizgacha oshirish rejalashtirilmoqda.
SMTI rahbari mintaqada yuzaga kelayotgan bir qator muammolarni ta’kidlab o‘tdi. Asosiy muammolar qatorida iqlimga neytral texnologiyalarga o‘tish va iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish uchun moliyaviy mablag‘larning yetishmasligi alohida qayd etildi. Jahon bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va tarmoqlarni modernizatsiya qilish uchun kelgusi 5-10 yil ichida butun mintaqaga kamida 20 milliard dollar miqdorida investitsiyalar kiritish zarurati mavjud.
Shu munosabat bilan E.Aripov suv-energetika sohasiga sarmoyalar, innovatsiyalar va texnologiyalarni jalb etish, shuningdek, soha mutaxassislarini tayyorlash ustuvor vazifalar bo‘lib qolayotganini ta’kidladi. "Bu masalalar joriy yilda yurtimizda o‘tkaziladigan “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” sammitida hamda Markaziy Osiyoning global iqlim muammolariga bag‘ishlangan konferensiyada muhokama qilinadi," deya ma’lum qildi u. Ekspert O‘zbekiston iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda mintaqa va xalqaro hamkorlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish uchun asosiy maydonga aylanishiga ishonch bildirdi.
1963-yildan beri o‘tkazilib kelinayotgan Myunxen xavfsizlik konferensiyasi (MSC) xalqaro siyosatni muhokama qilish va eng dolzarb global muammolarni hal etishga qaratilgan diplomatik tashabbuslarni taqdim etish uchun dunyoning yetakchi forumi hisoblanadi. U davlat va hukumat rahbarlari, vazirlar, xalqaro va nodavlat tashkilotlar vakillari, shuningdek, sanoat, ommaviy axborot vositalari, ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyati yetakchilarini bir joyga to‘playdi.
Oldingisi
Joriy yil 7-fevral kuni Toshkentda "Xalqaro tinchlik va ishonch yili: Turkmanistonning global va mintaqaviy hamkorlikka qo‘shgan hissasi" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
07.02.2025Keyingisi
Joriy yil 7-fevral kuni SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov Suv resurslarini boshqarish xalqaro institutining (IWMI) Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Barbara Yanush-Pavletta, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi missiyasi rahbari o‘rinbosari Andrin Fink ...
19.02.2025