Markaziy Osiyo mutaxassislari mintaqaning kelajagini birgalikda rejalashtirmoqda

Poytaxtimizda "Markaziy Osiyo - 2050: umumiy farovonlik va barqarorlik sari" mavzusida birinchi mintaqaviy forsayt-seminar bo‘lib o‘tmoqda.

Mintaqaning beshta davlati vakillarini – davlat idoralari mutaxassislari, "aql markazlari" ekspertlari va ilmiy jamoatchilik vakillarini birlashtirgan forum Markaziy Osiyo kelajagi uchun umumiy strategik qarashni shakllantirishga, mintaqaviy tashabbuslarni birgalikda ilgari surish va amalga oshirish maqsadida barqaror siyosiy-ekspert hamkorligini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.

Tadbir Strategik islohotlar agentligi tomonidan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institute (SMTI), Markaziy Osiyo xalqaro instituti hamda Qozog'iston Respublikasi Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi bilan hamkorlikda o’tkazilmoqda.

2050-yilgacha boʼlgan demografiya, energetika, iqlim, suv, transport integratsiyasi va inson kapitali bo’yicha prognozlar ekspertlar diqqat markazida bo’ldi. Mintaqadagi mamlakatlar oʼrtasida sanoat kooperatsiyasi va iqtisodiy jihatdan bir-birini to‘ldirishi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov ta’kidlaganidek, mazkur seminar O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlariga raislik qilishi doirasida o‘tkazilmoqda. Ushbu tadbir O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda uzoq muddatli hamkorlik kun tartibini shakllantirish zarurligi haqidagi tashabbusini amalga oshirishga qaratilgan.

Xususan, ekspert ta’kidlaganidek, 2024-yil 9-avgustda Ostonada bo‘lib o‘tgan sammit davomida O‘zbekiston Prezidenti ekspertlar hamjamiyatini mintaqaviy hamkorlik mexanizmlarini yanada takomillashtirish, uzoq muddatli o‘zaro aloqalar kun tartibini amaliy mazmun bilan to‘ldirish bo‘yicha konseptual tavsiya va takliflar ishlab chiqishga chaqirdi.

Akramjon Ne’matovning fikricha, jahon siyosatidagi o‘sib borayotgan va uzoq muddatli bo‘lishi kutilayotgan beqarorlik sharoitida, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash har qachongidan ham ko‘proq talab etilmoqda.

Ayni paytda mintaqa jadal transformatsiya bosqichidan o‘tmoqda - Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyoti izchil ravishda rivojlanib bormoqda, ularning global jarayonlarga ishtiroki kengaymoqda, shuningdek, mintaqaning energetika, transport, suv va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi o‘rni tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

A.Ne’matovning aytishicha, hozirgi kunda mintaqada kuzatilayotgan ijobiy jarayonlar mintaqadan tashqaridagi hamkorlarning Markaziy Osiyoga bo‘lgan qiziqishini oshirmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, mintaqani jahon kuchlari va yetakchi davlatlarni o‘ziga jalb qiluvchi markazga aylantirmoqda.

Shu munosabat bilan, mutaxassisning fikricha, bugun Markaziy Osiyo taqdirini qo‘lga olish imkoniyatini qo‘ldan boy bermaslik juda muhimdir. Mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun mamlakatlarimiz resurslarini va ichki imkoniyatlarini safarbar etishimiz lozim. Bundan tashqari, mintaqadan tashqari ishtirokchilarning turli manfaatlarini muvofiqlashtirish va ularni ijobiy yo‘nalishga yo‘naltirish maqsadida kuch-g‘ayratlarimizni birlashtirish ham muhim ahamiyat kasb etadi.

"Kelajakni shunchaki bashorat qilish emas, balki uni loyihalash zarur. Mintaqamizni 2050-yilda qanday ko‘rishni istayotganimiz haqidagi savolga chuqur mulohaza bilan yondashish muhim. Aniq strategiyaning mavjudligi mintaqamiz oldida turgan ustuvor vazifalarni hal etishga resurslarni maqsadli yo‘naltirish imkonini beradi," - dedi SMTI vakili.

A.Ne’matov ishtirokchilarning nufuzli tarkibi, harakatlarning muvofiqligi va hozirgi tendensiyalarni anglash uzoq muddatli istiqbolda Markaziy Osiyoni rivojlantirishning amaliy ssenariylarini atroflicha muhokama qilish va ishlab chiqishga imkon berishiga ishonch bildirdi. Shuningdek, ishlab chiqilgan tashabbuslar Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining kelgusi Maslahat uchrashuvining kun tartibini boyitishda qo‘llanilishi mumkinligini ta’kidladi.

Tadbir Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi ko‘magida o‘tkazilmoqda.