Tadbirning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov so‘zga chiqib, MOEF mintaqaviy hamkorlik yo‘nalishi va arxitekturasini mustahkamlashga qaratilgan yangi g‘oya va takliflarni ishlab chiquvchi o‘ziga xos laboratoriyaga aylanayotganini ta’kidladi.
Markaziy Osiyodagi hozirgi jarayonlar borasida fikr bildirar ekan, “mamlakatlarimiz mintaqaviy yaqinlashuv va birlashish yo‘lida katta yo‘lni bosib o‘tdi desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz”, — dedi SMTI direktori.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqada barqarorlik, xavfsizlik va taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlashga imkon beruvchi mustahkam, ko‘p jihatdan noyob davlatlararo hamkorlik modeli shakllangan.
— Global tebranishlar sharoitida Markaziy Osiyo dunyodagi samarali mintaqaviy hamkorlikning sanoqli muvaffaqiyatli namunalaridan biridir, — dedi Eldor Aripov.
Shu nuqtai nazardan, u 2017 yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, ushbu format mintaqaviy hamkorlikning institutsional va shartnomaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlashning ishonchli mexanizmiga aylandi.
— Hamkorligimizning ustuvor yo‘nalishlari va mexanizmlarini belgilab beruvchi, shu jumladan, uzoq muddatga mo‘ljallangan yigirmadan ortiq muhim konseptual hujjatlar qabul qilindi, — deya qo‘shimcha qildi spiker.
Shuningdek, ekspert O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston yetakchilari tomonidan mart oyida imzolangan “Abadiy do‘stlik to‘g‘risida”gi Xo‘jand deklaratsiyasi tarixiy ahamiyatga ega ekanligini alohida qayd etdi.
— Mazkur hujjat ramziy ma’noda chegara bilan bog‘lik barcha bahsli masalalarni hal etib, davlatlararo munosabatlarda ochiqlik, muloqot va yaxshi qo‘shnichilikning yangi davrini boshlab berdi,— dedi SMTI direktori.
Uning aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari ishlari bo‘yicha Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashi institutini ta’sis etilgani muhim qadamlardan bo‘ldi.
Natijada mintaqaning barcha mamlakatlari mintaqaviy kooperatsiyaning benefitsiarlariga aylandi. — Qaysi sohani olmaylik, barchasida yaxshi natijalarga erishganmiz — dedi SMTI vakili.
Shu bilan birga, yangi marralarni zabt etish uchun asosiy e’tiborni amaldagi mexanizm va institutlarni takomillashtirish, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining sammitlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga qaratish zarur.
Bundan tashqari, u Do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma barcha mamlakatlar tomonidan muvofiqlashtirish jarayoni muvaffaqiyatli yakunlanishiga umid bildirib, mazkur hujjat mintaqaviy integratsiya kelajagi uchun muhimligini ta’kidladi.
Eldor Aripov mintaqaviy hamkorlikning iqtisodiy samaradorligini oshirish masalasi yetakchi o‘ringa chiqayotganini alohida qayd etildi.
— O‘zaro savdo hajmi o‘smoqda, lekin hanuz past darajada qolmoqda — ichki mintaqaviy bitimlar ulushi umumiy savdo hajmining 8 foizdan sal ko‘prog‘ini tashkil etadi, — dedi SMTI direktori.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bozorlarning cheklanganligi va logistika jihatidan qaramlik asosiy to‘siqlardan bo‘lib qolmoqda. Shu ma’noda u O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yagona mintaqaviy bozorni shakllantirish uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan strategik maqsadimiz bo‘lishi kerak” degan so‘zlarini keltirdi.
E.Aripovning fikricha, buning uchun savdo to‘siqlarini bartaraf etib, logistikani raqamlashtirish zarur. Shu bois, u O‘zbekiston yetakchisining Markaziy Osiyo Iqtisodiy kengashi – mintaqa davlatlari Bosh vazirlari o‘rinbosarlari darajasidagi muntazam uchrashuvlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tashabbusini eslatdi.
Shuningdek, u kooperatsiyani qo‘llab-quvvatlashning o‘ziga xos moliyaviy vositalarini ishlab chiqish muhimligini ta’kidlab, O‘zbekiston Prezidentining Markaziy osiyo investitsiya kengashi va Innovatsion rivojlanish bankini ta’sis etish taklifini ham yodga oldi.
Ekspert xavfsizlik sohasidagi hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur yo‘nalishda yagona qarash va yondashuvlarni ishlab chiqish dolzarb ahamiyatga ega.
— O‘zbekiston Prezidentining Markaziy Osiyoda Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasini ishlab chiqish va qabul qilish bo‘yicha tashabbusi bunga asos bo‘lishi mumkin. Tegishli hujjat loyihasi joriy yilning aprel oyida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizlik kengashlari kotiblarining ikkinchi yig‘ilishida taqdim etilgan edi, — dedi SMTI direktori.
E.Aripov ta’kidlaganidek, madaniy-gumanitar hamkorlikni faollashtirish eng muhim vazifalardan biriga aylanmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqaviy integratsiyaning uzoq muddatli barqarorligi ko‘p jihatdan gumanitar va yoshlar tashabbuslari orqali shakllangan mustahkam ijtimoiy asos bilan belgilanadi. Shunday ekan, O‘zbekiston Prezidentining Markaziy Osiyo ta’lim va akademik almashinuvlar dasturini ishlab chiqish, mintaqa davlatlarining yetakchi oliy o‘quv yurtlari diplomlarini o‘zaro tan olish, shuningdek, iqtidorli talabalarni o‘qitish uchun o‘zaro stipendiyalarni ajratish to‘g‘risidagi bitimlarni tuzish taklifi katta ahamiyatga ega.
— Ishonchim komilki, aynan shu tashabbuslar integratsiya uchun jamiyat darajasida poydevor yaratib, siyosiy ahvoldan qat’iy nazar, uzoq muddatli istiqbolda mintaqaviy kun tartibi qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlaydi, — dedi E.Aripov so‘zining yakunida.
Shu ma’noda mintaqaviy o‘ziga xoslikni mustahkamlash muhimligi qayd etildi. SMTI direktori so‘zlariga ko‘ra, mintaqaviy hamkorlikning istiqbollari integratsiyaning o‘ziga xos umumiy poydevorini shakllantirish, o‘zimizni nafaqat mamlakatlarimiz fuqarolari, balki umumiy uyimiz bo‘lmish Markaziy Osiyo vakillari sifatida idrok eta olishimizga bog‘liq bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, tadbir SMTI tomonidan Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT), Konrad Adenauer nomli jamg‘arma bilan hamkorlikda tashkil etilgan.
An’anaga ko‘ra, forumda Markaziy Osiyo davlatlari strategik institutlari, ilmiy-tadqiqot markazlari va akademik doiralari rahbarlari hamda mutaxassislari qatori mintaqashunoslik bo‘yicha tajriba almashish maqsadida birinchi marta Yevropa Ittifoqi, ASEAN, Shimoliy kengash mamlakatlaridan taniqli ekspertlar, shuningdek Rossiya Federatsiyasi, AQSH, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Ozarbayjon tadqiqotchilari taklif etildi.