Joriy yilning 7-9 oktyabr kunlari SMTI direktori Eldor Aripov “Koreya yarim oroli va Shimol davlatlari madaniyati va strategiyalari IV forumi”da ishtirok etish uchun Seul shahrida bo‘lib turgan paytda Koreya Respublikasidagi yetakchi tahlil markazlari rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Xankuk chet tillar universiteti qoshidagi xalqaro mintaqaviy tadqiqotlar markazi (CIAS), Milliy xavfsizlik strategiyasi instituti (INSS), Milliy Diplomatik Akademiyaning Xalqaro munosabatlar va milliy xavfsizlik instituti (IFANS) hamda Kukmin universiteti (Kookmin University) rahbariyati bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Suhbat davomida O‘zbekiston-Koreya munosabatlarini rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar mamlakatlar o‘rtasidagi sheriklik bugungi kunga kelib yetuk, barqaror, tizimli va o‘zaro manfaatli xususiyat kasb etganini e’tirof etdilar.
Joriy yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 32 yil, alohida strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilganiga 5 yil to‘ldi. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda Janubiy Koreya bilan bunday yuqori darajadagi hamkorlikka ega bo‘lgan yagona davlatdir.
Uchrashuv ishtirokchilari savdo va investitsiyaviy hamkorlik dinamikasi oshganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. So‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmi ikki baravar o’sib, 2,5 milliard dollarga yetdi. Mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritilgan koreys investitsiyasining umumiy hajmi 7,5 milliard dollardan oshdi. O‘zbekistonda koreys kapitali ishtirokidagi 726 korxona faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, muzokaralar davomida SMTIning Janubiy Koreya ilmiy-akademik va tahliliy markazlari bilan aloqalarini kengaytirish va chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha yangi g‘oya va takliflarni ishlab chiqish maqsadida ekspertlar o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish muhimligi qayd etildi. Shu munosabat bilan tomonlar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, sanoat kooperatsiyasi, raqamlashtirish, yangi texnologiyalar, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, “yashil” energetika, transport va logistika, barqaror rivojlanish va xavfsizlikni ta'minlash kabi sohalarda qo‘shma tadqiqotlar olib borishga kelishib oldilar.