Eldor Aripov Vashingtonda AQShning yetakchi "aql markazlari" vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi

Joriy yilning 14-16-sentyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov Vashingtonga xizmat safari bilan tashrifi doirasida AQShning yetakchi tahlil markazlari vakillari bilan bir qator samarali uchrashuvlar o‘tkazdi.

Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo strategik tadqiqotlar markazi (NESA) professori Brian Todd, Kaspiy siyosati markazining katta ilmiy xodimi va Kaspiy mintaqasi tadqiqotlari bo‘yicha direktori Erik Rudenshold hamda Jorjtaun universiteti qoshidagi Yevroosiyo, Rossiya va Sharqiy Yevropa tadqiqotlari markazi direktori, professor Maykl Devid-Foks bilan muzokaralar olib borildi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston - AQSH munosabatlarini yanada mustahkamlash istiqbollarini muhokama qilishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, AQShning Markaziy Osiyodagi siyosati, jumladan, "C5+1" muloqoti doirasidagi hamkorlik yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Amerika tahlil markazlari vakillari joriy yilning 5 sentyabrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon suhbatini alohida ta’kidlab o‘tdilar. Tahlilchilar ushbu muloqotni O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi oliy darajadagi konstruktiv munosabatlarning mustahkamligini ko‘rsatuvchi muhim omil sifatida baholashdi.

Ekspertlar tomonidan "Yangi O‘zbekiston" strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar qo‘llab-quvvatlanayotgani alohida ta’kidlandi. Amerikalik suhbatdoshlar ularning izchilligi va qattiyligini shuningdek, iqtisodiyotni har tomonlama modernizatsiya qilish, institutsional yangilanish va aholi turmush darajasini barqaror oshirishga qaratilganini ta’kidladilar.

Uchrashuv ishtirokchilari so‘nggi yillarda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning ijobiy rivojlanish sur’atini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Xususan, 2024-yilda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi tovar aylanmasi 15 foizga o‘sdi. Istiqbolli qo‘shma loyihalar portfeli fuqaro aviatsiyasi, muhim mineral xomashyolarni o‘zlashtirish, elektrotexnika sanoati, energetika, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar, moliya sektori, innovatsiyalar va ta’lim kabi keng qamrovli sohalarni o‘z ichiga oladi.

Bundan tashqari, xavfsizlikni ta’minlash sohasida, jumladan terrorizm, ekstremizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishlarida samarali hamkorlik amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.  Shuningdek, madaniy-gumanitar almashinuvlar jadal kengaymoqda, Toshkentda AQShning nufuzli universitetlari filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritib, akademik muloqot va madaniyatlararo o‘zaro tushunishni mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda.

Muzokaralarning alohida mavzusi SMTI va AQSHning tahliliy hamda ilmiy-tadqiqot tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish masalasi bo‘ldi. O‘zbekiston va Amerika o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada mustahkamlash uchun qo‘shma g‘oyalar va amaliy takliflar ishlab chiqishga qaratilgan ekspertlar muloqotini faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.