
Joriy yilning 30-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, Elchi Antti Karttunen bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Antti Karttunen ta’kidlaganidek, "YXHT Markaziy Osiyoda ro‘y berayotgan ijobiy birlashuv jarayonlarini diqqat bilan kuzatmoqda." Uning fikricha bu jarayon hududlararo hamkorlikni mustahkamlash va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Suhbatdoshlar SMTIning YXHTning Toshkentdagi loyihalari koordinatori ofisi bilan o‘zaro hamkorligi yildan-yilga tizimli va mazmunli tus olayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Bunga muntazam aloqalar hamda konstruktiv va ochiq muloqot yordam bermoqda. Tomonlar faol va samarali hamkorlikni mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, shu jumladan iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish, transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va "yashil" energetikani joriy etish bo‘yicha yangi amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini qayd etdilar.
