FARG‘ONA, 15-oktyabr.
Farg‘onada Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida muloqot, ishonch va hamkorlikning yangi mintaqaviy maydoniga aylanishi kutilayotgan Birinchi Farg‘ona tinchlik forumining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi, YeXHT, Yevropa Ittifoqi, shuningdek, qator xalqaro va milliy hamkorlar tomonidan tashkil etildi.
Anjumanda MDH, Osiyo, Yevropa va Amerika mamlakatlarining yetakchi "aql markazlari" ekspertlari, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining fuqarolik jamiyati, biznes, akademik doiralari vakillari va yoshlar faollari ishtirok etdi.
Farg‘ona vodiysi – bo‘linish chizig‘idan o‘zaro anglashuv makoni sari
“Ilgari Farg‘ona vodiysi odatda ziddiyat va keskinliklar bilan esga olinardi, bugun esa u ishonch va muloqot maskaniga aylanmoqda.”
Asrlar davomida vodiy savdo yo‘llari, madaniyat va dinlar kesishgan sivilizatsiyalar chorrahasi bo‘lib xizmat qilgan. Ammo XX asr va XXI asrning boshlanishi yopiq chegaralar, bo‘lingan jamoalar, qo‘shnilar o‘rtasidagi ishonchsizlik kabi jiddiy sinovlarni olib keldi.
Bugun mintaqa davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli tarixning bu sahifasi o‘zgarmoqda. Davlatlararo chegaralar asta-sekin hamkorlik ko‘priklariga, Farg‘ona vodiysining o‘zi esa Markaziy Osiyoning yangi davri ramziga aylanib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov forum shunchaki muhokama maydoni emas, balki mintaqaviy hamkorlikning yangi falsafasini shakllantirish yo‘lidagi qadam ekanini ta’kidladi.
U Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining yubiley 80-sessiyasida "Markaziy Osiyoda yopiq chegaralar, hal etilmagan nizo va mojarolar davri o‘tmishda qoldi. Bugun Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni boshlandi", deya qayd etgan so‘zlarini yodga oldi.
Farg‘ona vodiysi bir necha o‘n yillar davomida murakkab ziddiyatlar hududi sifatida qabul qilingan. Bugun esa u yaxshi qo‘shnichilik, ochiqlik va birgalikda bunyodkorlik orqali ishonchsizlikning tarixiy merosini qanday yengib o‘tish mumkinligi bo‘yicha namunaga aylanmoqda," - dedi Eldor Aripov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “forum – bu jarayonni mustahkamlash, uni o‘zaro tushunish va barqaror rivojlanishning uzoq muddatli strategiyasiga aylantirishga qilingan urinishdir.”
Eldor Aripov O‘zbekiston Prezidentining Markaziy Osiyodagi siyosati muvaffaqiyatining garovi uning "strategik qarashlari, siyosiy irodasi, muloqotga bo‘lgan ishonchi va eng o‘tkir masalalar bo‘yicha ham yaqin qo‘shnilar bilan murosaga kelish imkoniyati" bo‘lganini ta’kidladi.
Forum yangi an’ananing - tajriba almashish, qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish va mintaqaviy birdamlik g‘oyalarini ilgari surishga qaratilgan uch mamlakat vakillarining yillik uchrashuvlarining boshlanishi bo‘ladi.
“Kelajak sari yo‘l: Markaziy Osiyo – tinchlik va umumiy o‘sish mintaqasi”
Tadbir yakunlari bo‘yicha mintaqadagi davlatlarning o‘zaro ishonchni mustahkamlash, gumanitar aloqalarni rivojlantirish va birgalikdagi iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoit yaratishga bo‘lgan intilishini aks ettiruvchi Kommyunike qabul qilish rejalashtirilgan.
"Ishonchimiz komilki, faqat birgalikda chegaralar bo‘linish chizig‘i emas, balki bog‘lanish chizig‘iga aylanadigan kelajakni qurish mumkin.
“Farg‘ona – oddiy vodiy emas, balki Markaziy Osiyoning ko‘zgusidir. Agar bu yerda tinchlik qaror topsa, u butun mintaqaga taraladi. Agar bu yerda ishonch mustahkamlansa, u Yevroosiyo miqyosida yangi me’yorga aylanadi”, – deya ta’kidladi Eldor Aripov.
Oldingisi
Kelasi hafta Farg‘ona bir necha kun mobaynida xalqaro muloqot va hamkorlik markaziga aylanadi. Bu yerda 15-16 oktyabr kunlari "Farg‘ona vodiysi: tinchlik va taraqqiyot yo‘lida birdamlik" mavzusida Farg‘ona tinchlik forumining birinchi yig‘ilishi o‘tkaziladi.
10.10.2025Keyingisi
Farg‘ona, 16-oktyabr - 15-oktyabr kuni Farg‘ona shahrida birinchi xalqaro tinchlik forumi o‘z ishini boshladi. Tinchlikni saqlash sohasi mutaxassislari va yetakchi diplomatlar etnik xilma-xillikka ega bo‘lgan Farg‘ona vodiysi mintaqasida tinchlikni mustahkamlashda asosiy omil bo‘lgan Markaziy Osiyodagi hamjihatlikning azaliy an’anasiga yuksak baho berishdi.
16.10.2025