Hujjatni BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i Vladimir Voronkov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov imzoladi.
V.Voronkov BMT tuzilmalari bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratayotgan e’tibori uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi.
U, shuningdek, O‘zbekiston hukumatining BMT terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi faoliyatiga moliyaviy hissa qo‘shayotgani uchun ham minnatdorlik izhor etdi.
Tomonlar Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti Markaziy Osiyoda birinchi “aql markazi” bo‘lgani hamda BMT bilan hamkorlik shartnomalarini imzolagan “imtiyozli hamkorlar guruhi” sirasiga kirganini alohida qayd etishdi.
BMT terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i BMT Institutning ekspertlar salohiyatini yuqori baholab, Tashkilot oldida turgan vazifalarni hal etishda uni keng jalb qilishini ta’kidladi.
V.Voronkov, shuningdek, ushbu Memorandum O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishi va uni amaliy mazmun bilan boyitishga hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.
O‘z navbatida, Institut direktori E.Aripov samarali hamkorlik uchun BMT terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasining butun jamoasiga minnatdorlik bildirdi. BMT terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik yuqori darajaga ko‘tarilganini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu Memorandum Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston va BMT o‘rtasida imzolangan «Yo‘l xaritasi» nizomlari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganiga misol bo‘ladi.
Shu bilan birga, ushbu Memorandum BMT terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti o‘rtasidagi samarali hamkorlikning mantiqiy davomi bo‘lib, ikki tomonlama hamkorlik uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lishi ta’kidlandi.
Unda maqolalar va tadqiqotlar almashish, BMTning global terrorchilikka qarshi kurash strategiyasi doirasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda o‘zaro manfaatli bo‘lgan boshqa masalalarni hal etishni o‘z ichiga olgan hamkorlikning asosiy tamoyillari va yo‘nalishlari aks etgan.
Bugungi kunda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va BMT terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi o‘rtasida BMTning terrorchilikka qarshi kun tartibini amalga oshirish bo‘yicha katta tajriba to‘plangan.
2022 yil mart oyida Toshkentda BMT ning Markaziy Osiyoda global terrorchilikka qarshi strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi xalqaro konferensiya bunga misol bo‘la oladi.
Unda ko‘plab muhim hujjatlar qabul qilingan edi. BMTning global terrorchilikka qarshi kurash strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasining yangi tahriri, Markaziy Osiyo davlatlarining yangi harakatlar rejasi doirasida hamkorlik qilishiga majburiyatini tasdiqlagan “Toshkent deklaratsiyasi” shular jumlasidandir.
Joriy yilda Toshkentda kiberxavfsizlik va yangi texnologiyalar, kriptovalyutalar bilan terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ikkita mintaqaviy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Hozirgi kunda tomonlar BMT terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi shafeligi ostida urush zonalaridan qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha yetakchi mutaxassislardan iborat Markaziy Osiyoda Mintaqaviy ekspert kengashini tuzish ishlarini olib bormoqda.
Ushbu Mintaqaviy kengashni tashkil etish tashabbusi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Toshkentda bo‘lib o‘tgan yuqoridagi anjumanda taklif etilgan edi.
Shu munosabat bilan tadbirda keyingi yil Toshkentda BMT terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i V.Voronkov ishtirokida Kengashning birinchi yig‘ilishini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Umuman olganda, tomonlar ushbu Memorandumning imzolanishi BMT terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti o‘rtasida Markaziy Osiyoda terrorizmga qarshi kurashishdek muhim va dolzarb vazifani hal etish bo‘yicha uzoq muddatli va amaliy hamkorlik uchun yangi sahifa ochishini ta’kidlashdi.